Belarus Ukraina bilan çegara yaqinida yöllar quriş va artilleriya pozitsiyalarini jihozlaşni boşlagan. Bu haqda 17 aprel, juma kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ukrain razvedkasi ma’lumotlariga tayanib ma’lum qildi.

«Biz Rossiya yana bir bor Belarusni öz uruşiga tortişga urinmoqda, deb hisoblaymiz», — deb yozdi Zelenskiy özining Telegram-kanalida.

Uning aytişiça, Belarus hududidagi harbiy faollikning kuçayişi Rossiya qöşinlarining qayta guruhlantirilişi bilan boğliq. Zelenskiyga köra, Rossiya harbiy qömondonligi bu orqali şaxsiy tarkib yetişmovçiligini qoplaşga urinmoqda.

Volodimir Zelenskiy, şuningdek, tegişli kanallar orqali «Belarusning amaldagi rahbariyatini Ukraina öz yeri va mustaqilligini himoya qilişga tayyor ekani haqida ogohlantiriş»ni topşirganini bildirdi.

«Venesueladagi sönggi voqealarning xususiyati va oqibatlari Belarus rahbariyati uçun xatolarga yöl qöyib bölmasligi haqida ogohlantiruvçi signal bölişi kerak», — dedi u.

Şu tariqa u AQŞning Venesueladagi harbiy operatsiyasi va şundan keyin Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qölga olinişini nazarda tutdi.

Belarus rahbari Aleksandr Lukaşenko 1 aprel kuni Qurolli kuçlarni kompleks tekşiruvdan ötkaziş yakunlariga bağişlangan yiğilişda mamlakat uruşga tayyorlanayotganini aytgan edi.

«Agar kimdir biz bilan qurol orqali gaplaşmoqçi va bizga şunday qaramoqçi bölsa, biz javob qaytaramiz. Biz şunga tayyorgarlik köryapmiz», — deya Lukaşenkoning sözlarini uning matbuot xizmati keltirgan.

Lukaşenkoga köra, uruş holatida Belarus qöşinlar sonini yarim million nafargaça yetkazişi mumkin. Uning ta’kidlaşiça, Belarus armiyasining jangovar tayyorgarligini tekşiriş davomida qöyilgan vazifalar darajasi va ularni bajariş sur’ati geosiyosiy vaziyatning jiddiyligi, şuningdek, Belarus çegaralariga yaqin hududlardagi voqealar va tahdidlar bilan izohlanadi.

Aleksandr Lukaşenko bundan oldin Belarusga hujum qilinişi «uçinçi jahon uruşiga kiriş qismi» bölişidan ogohlantirgan edi.