Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShning «Yangi G‘azo» rejasi, Ukraina bilan muzokaralarga kirishayotgan Rossiya va Yaponiyada qayta ishga tushirilayotgan AES – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Trampning Tinchlik kengashi ishga tushirildi
22 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Tinchlik kengashini ishga tushirdi. Dastlab u G‘azodagi beqaror sulhni mustahkamlash uchun mo‘ljallangandi, biroq Tramp uning kengroq rol o‘ynashini tasavvur qilmoqda.
«Bu kengash to‘liq shakllangach, deyarli xohlagan ishimizni qila olamiz. Va buni BMT bilan hamkorlikda amalga oshiramiz», - dedi Tramp va o‘nlab boshqa davlat rahbarlarini ham qo‘shilishga taklif qildi. Trampning aytishicha, doimiy a’zolar har biri 1 milliard dollar miqdorida badal to‘lash orqali moliyaviy hissa qo‘shishi kerak.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kengashga qo‘shilish taklifini qabul qilgan. Falastin fraksiyalari Trampning rejasini ma’qulladi.
Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni va Qatar kabi Yaqin Sharqdagi mintaqaviy kuchlar, shuningdek, Indoneziya, O‘zbekiston va Qozog‘iston kengashga qo‘shilgan bo‘lsa-da, global kuchlar unga ehtiyotkorona munosabat bildirmoqda.
Xususan, AQShdan tashqari, BMT Xavfsizlik Kengashining birorta doimiy a’zosi hali kengashga qo‘shilishini tasdiqlamagan.
Rossiya taklifni o‘rganayotganini bildirdi: Vladimir Putin AQShda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan 1 milliard dollarni «Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun» to‘lashga tayyor ekanini aytgan. Fransiya kengashga qo‘shilishdan bosh tortdi. Buyuk Britaniya ham qo‘shilmasligini bildirdi. Xitoy esa hali o‘z pozitsiyasini e’lon qilmagan.
Kengashning tashkil etilishi Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi sifatida BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan. BMT matbuot kotibi Rolando Gomes BMTning kengash bilan aloqasi faqat shu doirada bo‘lishini aytdi.
«Yangi G‘azo» rejasi
Payshanba kuni Shveytsariyada kengashni imzolash marosimidan keyin Donald Trampning kuyovi Jared Kushner «Yangi G‘azo» loyihasi bo‘yicha rejalarini e’lon qildi. Rejaga ko‘ra, G‘azo butunlay yangidan qurilib, unda turar joy minoralari, ma’lumotlar markazlari va dengiz bo‘yi kurortlari barpo etiladi.
Bu hududda qariyb 2 million aholi deyarli to‘liq ichki ko‘chirilgan. Kushner «Yangi G‘azo» deb atagan loyiha uchun «bosh reja»ni slaydlar orqali taqdim etdi. Ranglar bilan belgilangan xaritada turar joylar, ma’lumotlar markazlari va sanoat bog‘lari uchun ajratilgan hududlar ko‘rsatilgan.
Slaydlarda Dubaydagiga o‘xshash yaltirab turgan minoralar bilan to‘la O‘rtayer dengizi sohili tasviri ham bor. Qayta qurilish Isroil armiyasi to‘liq nazorat qilayotgan janubdagi Rafahdan boshlanishi taklif etildi.
Biroq taqdimotda urush davomida uy-joyi, biznesi va tirikchilik manbalarini yo‘qotgan falastinliklarning mulk huquqlari yoki kompensatsiya masalalari yoritilmadi. Shuningdek, qurilish davrida ko‘chirilgan falastinliklar qayerda yashashi masalasi ham ochiq qoldi.
G‘azoda avvalo taxminan 68 million tonna vayrona va urush chiqindilarini tozalash talab etiladi. Kushner qayta qurilish kim tomonidan moliyalashtirilishini aytmadi.
Tramp ilgari uzoq yillardan beri qashshoqlik va xarob ahvolda bo‘lgan G‘azoni «Yaqin Sharq Riverasi»ga aylantirish g‘oyasini ham ilgari surgan, bu esa falastinliklar tomonidan tanqidga uchragan.
Davosdagi taqdimotda G‘azo bo‘yicha sulh doirasida hududni boshqaradigan falastinlik texnokrat rahbar Ali Shaat nutq so‘zladi. U Misr bilan chegaradagi G‘azoning asosiy darvozasi — Rafah o‘tish punkti kelasi hafta ochilishini e’lon qildi. «Rafahning ochilishi G‘azoning endi kelajak uchun yopiq emasligini anglatadi», - dedi Shaat.
Shaatning bayonotidan so‘ng Isroildagi manba ham so‘nggi jasadni qaytarish va o‘tish punktini qayta ochish masalasi muhokama qilinishini aytdi.
Yaponiyada AESlar qayta ishga tushirilmoqda
Yaponiyada dunyodagi eng yirik atom elektr stansiyasidagi ishlar qayta tiklanganidan bir necha soat o‘tib to‘xtatildi.
AES operatoriga ko‘ra, Tokiodan shimoli-g‘arbda joylashgan Kashivazaki–Kariva AESda «reaktorni ishga tushirish jarayonlari davomida» signalizatsiya ishga tushgan. Biroq reaktor «barqaror holatda qolgan».
Reaktor dastlab seshanba kuni ishga tushirilishi kerak edi, biroq texnik muammo sabab kechiktirilgan. U kelasi oyda tijoriy ekspluatatsiyaga kirishi rejalashtirilgan.
Mazkur reaktor 2011 yilgi Fukusima falokatidan beri Kashivazaki stansiyasida ishga tushirilgan birinchi reaktor hisoblanadi.
Yaponiya 15 yil avval 9,0 magnitudali zilzila Fukusima AESida yadroviy avariyani keltirib chiqargach, mamlakatdagi 54 ta reaktorning barchasini to‘xtatgan edi. 2015 yildan buyon ishga yaroqli bo‘lgan 33 ta reaktordan 15 tasi qayta ishga tushirildi.
Tarixdagi eng yirik yadroviy falokatlardan birida radiatsiya sizib chiqishi sabab 150 mingdan ortiq odam uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Hudud hozir xavfsiz ekani haqidagi bayonotlarga qaramay, ko‘plar hanuz qaytmagan.
Rossiya–AQSh–Ukraina muzokaralari
Rossiya juma kuni Abu-Dabida AQSh va Ukraina bilan xavfsizlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishini ma’lum qildi. Biroq rasmiy Moskva hududiy masalalar hal etilmaguncha barqaror tinchlikka erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Bu rozilik Kremldagi AQSh–Rossiya muzokaralari ortidan yangradi. Unda Putin, uning yordamchilari Ushakov va Dmitriyev ishtirok etgan. AQShdan esa Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner qatnashdi.
Kreml maslahatchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Alyaskada kelishilgan formula bo‘yicha hududiy masala hal etilmas ekan, uzoq muddatli kelishuvga erishishdan umid yo‘q.
Shu bilan birga u qo‘shimcha qildi: «Bu amalga oshmaguncha, Rossiya maxsus harbiy operatsiya oldiga qo‘yilgan maqsadlarni izchil amalga oshirishda davom etadi. Bu ayniqsa, jang maydoniga taalluqli, chunki u yerda Rossiya qurolli kuchlari strategik tashabbusni qo‘lida ushlab turibdi».
Tramp chorshanba kuni Putin va Zelenskiy kelishuvga erisha olmas ekan, «ahmoqlik qilgan bo‘ladi», degan edi. Uitkoff Moskva muzokaralari arafasida ijobiy kayfiyatda bo‘lib, ko‘p oylik muzokaralar oxir-oqibat bitta masalaga borib taqalganini aytdi. U bu masalaning nimadan iboratligini aniqlashtirmadi, biroq Ushakov alohida tilga olgan hududiy masala ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lmadi.
Zelenskiyning o‘zi esa payshanba kuni Shveytsariyada Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari shartlari kelishib olinganini, biroq hudud masalasi hal etilmaganligicha qolayotganini aytdi.
Afrikada maymunchechak bo‘yicha favqulodda holat bekor qilindi
Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi payshanba kuni mpox (maymunchechak) bo‘yicha qit’a miqyosidagi favqulodda holat maqomini bekor qildi. Bu qaror favqulodda holat e’lon qilinganidan bir yildan ortiq vaqt o‘tib qabul qilindi. Mazkur qaror Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha maslahat guruhi tavsiyasidan so‘ng qabul qilindi.
«Ayni paytda mpoxni qit’a miqyosida sog‘liqni saqlash xavfsizligiga tahdid soluvchi favqulodda holat sifatida bekor qilayotganimni e’lon qilaman», deyiladi markaz bosh direktori Jan Kaseya bayonotida.
Afrikada 2024 yilda maymunchechak bilan bog‘liq kamida 80 276 ta gumon qilinuvchi holat va 1 340 ta o‘lim qayd etildi. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan besh barobardan ortiq, o‘limlar esa ikki barobar ko‘payganini anglatgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat Kongo bo‘lib, u barcha qayd etilgan holatlarning 96 foizini va o‘limlarning 97 foizini tashkil etdi.
Favqulodda holat maqomi jamoaviy sa’y-harakatlar va moliyaviy resurslarni safarbar etishda muhim rol o‘ynadi. Hamkorlar tomonidan 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ safarbar qilindi va 16 ta davlatda 5 milliondan ortiq vaksina dozalari tarqatildi.
Shu bilan birga, Kaseya favqulodda holat maqomining bekor qilinishi Afrikada maymunchechak kasalligi muammosi tugaganini anglatmasligini ta’kidladi. Uning qayta ko‘payib ketmasligi va salomatlik bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida bo‘lishi kerak.
Mavzuga oid
14:34
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026