O‘zbekiston | 12:22 / 23.09.2025
4895
2 daqiqa o‘qiladi

«U sizning prezidentingizni juda hurmat qiladi» – Trampning maxsus vakili Shavkat Mirziyoyev haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati

AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorning 22 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvidan keyin tadbirni yoritish uchun Nyu Yorkda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik jurnalistlar uni savolga tutishdi.

Xususan, undan Donald Trampning O‘zbekistondan kutilmalari qanday ekani hamda Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv qanday o‘tgani haqida so‘ralgan.

«Aytmoqchimanki, prezident sizning prezidentingiz bilan shu oy boshida gaplashgandi. U o‘zining samimiy salomini yetkazishimni so‘radi. U sizning prezidentingizni juda hurmat qiladi.

Bugun ko‘rganimizdek, prezidentingiz haqiqiy natijalar ko‘rsatmoqda. AQShdagi eng yirik kompaniyalar O‘zbekiston bilan ajoyib bitimlar imzoladi. Bu prezidentingiz rahbarligi va bizning prezidentimizning hamkorlikka tayyorligidan  dalolat beradi.

Shuning uchun biz bu borada ishlashni intiqlik bilan kutamiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Mikrofon ko‘targan ayol telegram-kanali.

Kun.uz muxbirining bugungi uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti bilan qaysi mavzular muhokama qilingani to‘g‘risidagi savoliga u shunday javob qaytargan:

«Munosabatlarni, hamkorlikni kuchaytirish, biznes va xavfsizlik masalalari. Biz ko‘p masalalarni muhokama qildik. Sizning ajoyib prezidentingiz Oq uyda iliq kutib olindi. Prezidentimiz u bilan muloqot qilishni intizorlik bilan kutmoqda».

Mavzuga oid