Sport | 10:38 / 03.03.2026
12368
6 daqiqa o‘qiladi

«Real» sensatsion ravishda yutqazdi

Alonsoni bo‘shatish va o‘rniga Arbeloani olib kelish xato tanlov bo‘lib chiqdi. Madridliklar «Osasuna» ortidan «Xetafe»ga ham mag‘lub bo‘ldi. «Barselona» bilan oradagi farq oshmoqda.

«Real» – «Xetafe» 0:1
Gol:
Satriano, 39 (0:1)
«Real»: Kurtua, Alaba (Karvahal, 55), Ryudiger, Karreras, Aleksandr-Arnold (Hausen, 55), Tshuameni (Dias, 87), Pitarch (Rodrigu, 55), Arda Guler (Mastantuono, 69), Vinisius Junior, Valverde, Garsiya
«Xetafe»: Soriya, Boseli, Duarte, Romero, Riko, Iglesias, Milya, Arambarri, Satriano (Abkar, 90+1), Kiko Femeniya (Liso, 58), Vaskes (Martin, 69)
Ogohlantirishlar: Hausen, 68. Tshuameni, 71. Vinisius Junior, 90. Karreras, 90 – Kiko Femeniya, 8. Arambarri, 35. Riko, 64. Liso, 79. Satriano, 84
Chetlatish: Mastantuono, 90. Liso, 90 (ikkinchi sariq)

Ispaniya Superkubogi uchun bahsda yutqazgan va Ispaniya kubogini erta tark etgan «Real» Ispaniya chempionatidagi vaziyatini ham og‘irlashtirdi – jamoa la liganing bu mavsumida ilk bor qatorasiga ikki o‘yinda yutqazdi. O‘tgan turda «Osasuna» maydonidan mag‘lub bo‘lgan Alvaro Arbeloa shogirdlari uyda «Xetafe»dan ham ochko ololmadi.

Jamoa to‘purari Kilian Mbappening tizzasidagi jarohat jiddiy bo‘lib chiqdi va u yana kamida bir oy jamoaga yordam bera olmaydi. Arbeloa uning o‘rniga hujum markazida Gonsalo Garsiyani o‘ynatmoqda. Shuningdek, Bellinghem va Kamavinganing jarohati klubning boshqa bir tarbiyalanuvchisi – 18 yoshli Tiyago Pitarchga asosiy tarkib uchun yo‘l ochdi.

«Real» ilk daqiqalardan to‘pga egalik qildi va pozitsion hujumlar uyushtirdi, «Xetafe» chuqur himoyalandi: mehmonlar o‘z uslubidan chekinmasdan, yakkakurashlarga e’tibor qaratdi, ko‘p fol ishlatdi va to‘pni shunchaki uzoqlashtirish bilan shug‘ullandi. Maydonda har bir to‘p uchun kurash kechdi. 26-daqiqada esa Antonio Ryudiger va Diyego Riko o‘rtasidagi epizod mezbonlar son jihatdan ozchilik bilan yakunlanishi mumkin edi: «Real» himoyachisi yerda yotgan raqibi ustiga o‘zini tashladi va ochiqchasiga tizzasi bilan uning jag‘ qismiga zarba berdi. Hakam vaziyatni e’tiborsiz qoldirdi.

39-daqiqada esa mehmonlar kutilmaganda hisobni ochishdi. Shu qishda «Lion»dan ijaraga olingan forvard Martin Satriano jarima maydoni atrofida to‘pga ega chiqdi va uni to‘xtatmasdan yaqin to‘qqizlikka yo‘lladi. Kurtua joyidan qimirlashga ulgurmadi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Arbeloa uchtalik almashtirish amalga oshirdi: Pitarch, Alaba va Trent o‘rniga Rodrigo, Hausen va Karvahal tushirildi. Madridliklar ko‘plab golli vaziyatlar yaratishdi, ammo mehmonlar himoyachilari va darvozabon ishonchli harakat qildi. «Xetafe» to‘liq himoyalandi va minimal ustunlikni o‘yin oxirigacha saqlab qoldi.

O‘yinning so‘nggi qismida Arbeloa maydon chetida turib, o‘z futbolchilari asabini jilovlay olmasdan, energiya va vaqtini behuda sarflashini shunchaki kuzatib turdi. Bu daqiqalarda «Xetafe» maydonning raqib darvozasi joylashgan qismidan umuman ketmadi, chunki «Real» futbolchilari jarima maydoni atrofida ketma-ket fol ishlatishdi, mehmonlar esa bundan foydalanib, vaqt cho‘zishdi.

Murabbiy futbolchilariga provokatsiyaga berilmaslik haqida  kerakli ko‘rsatmalarni bermadi va bu yakunda Mastantuono qizil olishi bilan yakunlandi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida esa murabbiy yana bir bor barcha aybni o‘z zimmasiga olish bilan cheklandi va amalda yanvarda Habi Alonso iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga o‘zi tayinlangani xato qaror bo‘lganini tan oldi.

Bu mag‘lubiyat «Real»ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlariga jiddiy zarba bo‘ldi. Madridliklar ikki tur oldin «Barselona»ni quvib o‘tib, birinchi o‘ringa chiqib olgandi, endi esa peshqadamdan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda. La Liga oxirigacha yana 12 tur bor.

Chempionlar ligasida ham vaziyat yaxshi emas: jamoa guruh bosqichidan to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-offga o‘ta olmadi va qo‘shimcha ikki o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Natijada pley-offda qiyinroq raqibga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri keladi: qur’a yana bir bor «Manchester Siti»ni raqib qilgan.

Statistika

● «Real» La Ligada qatorasiga ikkinchi bor yutqazdi. Jamoa o‘tgan turda «Osasuna»dan mag‘lub bo‘lgandi.

● «Real» yil boshidan buyon ilk bor maydonni golsiz tark etdi. Natijada madridliklarning 18 o‘yindan iborat golli o‘yinlar seriyasi yakunlandi. Jamoa so‘nggi bor o‘tgan yil 7 dekabrida «Selta»ga qarshi o‘yinda gol urolmagandi (0:2).

● «Bernabeu»da 7 o‘yindan iborat g‘alabali seriya yakunlandi. «Real»  dekabrda «Selta» va «Manchester Siti»ga qarshi mag‘lubiyatlardan keyin o‘z maydonidagi shuncha o‘yinda qatorasiga g‘alaba qozongandi.

● «Real» «Xetafe»ga qarshi so‘nggi 9 o‘yinda ilk bor ochko yo‘qotdi. Ushbu jamoaga qarshi g‘alabali seriya 2022 yildan buyon davom etayotgandi.

● «Xetafe» bosh murabbiyi Pepe Bordalas o‘z faoliyatida ilk bor «Real»ni mag‘lub etdi. U bunga 17-o‘yinda erishdi, bungacha u jamoasi boshqaruvida 14 o‘yinda yutqazib, 2 bor durang qayd etgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid