Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Serbiyada politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda
Namoyishchilar hukmron partiyaning Valevodagi ofisiga o‘t qo‘yib yuborishdi.
Foto: Reuters
Serbiyaning bir necha shaharlarida shanba kuni kechqurun mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchichning iste’fosini talab qiluvchi namoyishchilar bilan politsiyachilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etdi. Valevo shahrida bir guruh namoyishchilar hukmron Serbiya taraqqiyparvar partiyasi ofisiga o‘t qo‘ydi, politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan, namoyishchilar mushakbozlik bilan javob qaytargan.
Serbiyaning bir necha shaharlarida, jumladan, poytaxt Belgrad va mamlakatning ikkinchi yirik shahri Novi Sadda to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Serbiya politsiyasi ma’lum qilishicha, yakshanbaga o‘tar kechasi politsiya mahkamalariga 56 kishi olib kelingan, shundan 16 nafari hibsga olingan. Olti nafar politsiyachi yengil tan jarohati olgan.
Talabalar tashkilotlari boshchiligidagi serb muxolifati to‘qqiz oydan beri norozilik namoyishlari o‘tkazib kelmoqda. Bunday aksiyalar o‘tgan yil 1 noyabridan Novi Sad vokzalida temir-beton soyabon qulab tushib, 16 kishi halok bo‘lishi ortidan boshlangan.
Namoyishchilar ushbu fojiada aybdorlarni jazolashni, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni, shuningdek, navbatdan tashqari saylovlar e’lon qilishni talab qilmoqda.
Hozircha ular bosh vazirning iste’fosiga erishdi, biroq prezident Vuchich iste’foga chiqmoqchi emas.
Yakunlanayotgan hafta davomida namoyishchilarning hokimiyat bilan qarama-qarshiligi keskinlashdi: Serbiya shaharlari ko‘chalarida politsiya bilan to‘qnashuvlar ketma-ket besh kundan beri davom etmoqda. Chorshanba kuni 27 politsiyachi va mahalliy aholi vakillaridan 80 ga yaqini yaralangan, 47 kishi qo‘lga olingan.
Politsiya shafqatsizligi bo‘yicha ayblovlar
Endi namoyishchilarning noroziligi kuch tuzilmalarining shafqatsiz harakatlari bilan bog‘liq ayblovlarga ham sabab bo‘lmoqda. Ma’lum qilinishicha, 14 avgustda Valevoda o‘tkazilgan norozilik namoyishida politsiya 25 yoshli mahalliy fuqaroni ayovsiz kaltaklagan. Shuningdek, Serbiyaning Beta axborot agentligi xabar berishicha, talabalar namoyishi vaqtida 15 va 17 yoshli bolalar hibsga olingan va kaltaklangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda politsiyachilar namoyishchilarni tayoq bilan urayotgani aks etgan bir necha videoyozuvlar e’lon qilindi.
Politsiya esa haddan tashqari shafqatsiz harakat qilganini rad etib, namoyishchilarni hujumlarda ayblamoqda.
Serbiya rasmiylariga ko‘ra, shanba kuni kechqurun Belgraddan taxminan 100 km janubi-g‘arbda joylashgan Valevo shahridagi namoyishga 4 mingga yaqin odam to‘plangan.
Niqob taqqan namoyishchilar guruhi hukmron Serbiya taraqqiyparvar partiyasi ofisiga o‘t qo‘ygan, keyinroq bu odamlar politsiyachilarga petarda va tosh otishni boshlgan. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalar bilan javob bergan. Yong‘in tezda o‘chirildi.
«Xayriyatki, [Serbiya taraqqiyparvar partiyasi idorasi] ichida hech kim yo‘q edi. Bu odamlar yashaydigan turar joy va ofis binosi ekanini hisobga olsak, yong‘in ularning hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin edi», – deya Serbiya ichki ishlar vaziri Ivitsa Dachichning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi.
Belgradda politsiya hukmron partiyaning markaziy idorasiga bormoqchi bo‘lgan namoyishchilarni to‘xtatdi, shundan so‘ng to‘qnashuvlar boshlandi. Novi Sadda ham to‘qnashuvlar bo‘lgani aytilmoqda.
Mavzuga oid
21:35 / 28.12.2025
Suriya g‘arbida o‘tkazilgan namoyishlar chog‘ida 3 kishi halok bo‘ldi
14:09 / 26.12.2025
AQSh Serbiya kompaniyasiga RF ulushini sotish bo‘yicha muzokaralar uchun muddat berdi
21:07 / 20.12.2025
Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik fuqarolardan murojaatlar ko‘paygan – Migratsiya agentligi
12:53 / 17.12.2025