O‘zbekiston | 08:02 / 10.11.2021
11270
2 daqiqa o‘qiladi

Aholining 70 foizi asosiy daromad manbai oylik ish haqi ekanini ma'lum qildi

Markaziy bank tomonidan aholining turli guruhlari iste'mol kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha navbatdagi so‘rovlar o‘tkazildi. 

Foto: Kun.uz

O‘rganishga respondentlarning daromadlari va xarajatlari tarkibi, mavjud pul-mablag‘larini jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi, shuningdek, ularning kelgusida kreditga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash va tahlil qilish bo‘yicha savollar kiritilgan.

Ishtirokchilarning qariyb 70 foizi daromadlarining asosiy manbai oylik ish haqi, 15 foizga yaqini esa tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlarga to‘g‘ri kelishini ta'kidlashgan. Xorijdan pul o‘tkazmalarni qayd etgan respondentlar ulushi esa 3,4 foizga teng.

Hududlar kesimida ham rasmiy oylik ish haqi asosiy daromad manbai ekanligini ko‘rish mumkin. Xususan, Toshkent shahri (68,8 foiz), Buxoro (61 foiz), Andijon (58,7 foiz) va Toshkent viloyatlari (58,1 foiz) respondentlari javoblarida oylik maoshning asosiy daromad sifatida yuqori ulushi qayd etilgan.

Tadbirkorlik faoliyati shug‘ullanishni qayd etgan respondentlarning katta qismi Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, jami respondentlarning katta qismi, ya'ni 60 foizi kelgusi oylarda yangi kredit olishga ehtiyojlari mavjudligi ta'kidlagan.

2021 yilning II choragida respondentlarning daromadi 1-3 mln. so‘mni tashkil etuvchi qismi kreditga bo‘lgan talabi yuqoriligini qayd etishgan bo‘lsa, III chorakda 3-5 mln. so‘m va 5-7 mln. so‘m daromadli respondentlarda ham kreditlarga bo‘lgan ehtiyoji sezilarli ortganligi kuzatildi.

Tahlillarga ko‘ra, aksariyat respondentlar (45 foiz) o‘z jamg‘armalari 3 oygacha yetishi mumkinligini ta'kidlashgan. Jumladan, jamg‘armalari 1 oygacha yetadigan respondentlar ulushi 28 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1-3 oygacha bo‘lgan davr uchun ushbu ko‘rsatkich 16 foizga teng. Biroq, jamg‘armalari mavjud bo‘lmagan respondentlar ulushi (42 foiz) yuqoriligicha qolmoqda. 

Mavzuga oid