Jahon | 20:40 / 04.07.2025
5483
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyada erkak juda kam uchraydigan virusdan vafot etdi

Taxminan 50 yoshli erkak quturish kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgan lissavirusni yuqtirgan.

Foto: Ewen Charlton

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels hududida quturish kasalligiga o‘xshash bedavo va juda kam uchraydigan virusdan bir erkak vafot etdi. U ko‘rshapalak tishlaganidan so‘ng bu kasallikka chalingan. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.

Taxminan 50 yoshli erkak quturish kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgan lissavirusni yuqtirgan.

«Yangi Janubiy Uelsda odamlarda ushbu virus birinchi marta tasdiqlandi va 1996 yilda Avstraliyada lissavirus topilganidan beri odam infeksiyasining to‘rtinchi holati», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ushbu patogenning ikkita shtammi mavjud. Bat Conservation Trust ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 1986 yildan beri sinovdan o‘tkazilgan 19 ming ko‘rshapalakdan faqat 59 tasida ushbu virus aniqlangan. Britaniyada kasallikni qayd qilish boshlanganidan beri odamlarda infeksiyaning ikkita holati aniqlangan – birinchisi 1902 yilda, ikkinchisi esa 100 yildan keyin Shotlandiyada. Bu ko‘rshapalaklar bilan ishlagan odamda topilgan.

«Odamlarga yuqish holati juda kam uchraydi. Ammo, afsuski, zararlangan ko‘rshapalak tomonidan tirnalgan yoki tishlagan odamlarda lissavirus alomatlari paydo bo‘lganda, samarali davo yo‘q», dedi Keyra Glazgo, sog‘liqni saqlash boshqarmasi direktori.

Lissavirus belgilari kunlar, oylar va hatto yillar davomida paydo bo‘lishi mumkin. Dastlabki belgilar grippga o‘xshaydi, bosh og‘rig‘i, isitma va charchoq. Bemorlarning ahvoli tezda yomonlashishi mumkin, falaj, alahlash, tomir tortishishi va oxir-oqibat o‘lim.

«Quturish - bu markaziy asab tizimining kasalligi bo‘lib, lissavirus ham unga o‘xshash, garchi bu ikki virus genetik jihatdan farq qilsa ham. Afsuski, u bilan kasallangan odam uchun davo yo‘q, barcha holatlar o‘lim bilan tugaydi», dedi Ian Makkey, Kvinslend Universiteti virusologi.

Biroq, quturganda bo‘lgani kabi, kasallikni o‘z vaqtida davolash simptomlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Viruslar juda o‘xshashligi tufayli, lissavirus infeksiyasini davolash uchun quturishga qarshi immunoglobulin va vaksinalar qo‘llaniladi.

Mavzuga oid