O‘zbekiston | 17:33 / 06.04.2023
45270
5 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda Qizil kitobga kiritilgan ayiq otib o‘ldirildi

Chiroqchi tumanidagi qishloqqa oralagan ayiqni tuman IIB boshlig‘ining ko‘rsatmasi bilan ovchilardan biri otib tashlagan.

Foto: Videodan kadr

2023 yil 5 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida Qizil kitobga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq aholi xonadonlariga kirib borgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolardan birida mahalliy aholi vakillari mashinada ayiqni bosib o‘tmoqchi bo‘lgani va jonivorni urib yuborgani aks etgan. Boshqa videolarda esa ayiq omborga kirib olgani va uy hayvonlaridan uzoqlashib, bir burchakda yashirinishga harakat qilganini ko‘rish mumkin.

Tabiat resurslari vazirligi 5 aprel kuni ayiq Chiroqchi tumani «Yashnabod» MFY Beshchashma hududidan oqib o‘tuvchi Qumdaryo daryosiga yaqin hududdagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgani haqida xabar berdi.

«Ushbu hudud Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va Chiroqchi tumani hokimligi mutasaddilari, IIB, Milliy gvardiya va FVB xodimlari tomonidan muhofazaga olinib, aholi va qo‘ng‘ir ayiqning xavfsizligi ta’minlanmoqda. Mazkur hududga vaziyatni bartaraf etish maqsadida Toshkent hayvonot bog‘i mutaxassislaridan iborat guruh jalb qilingan», deyildi munosabatda.

Oradan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda ayiqning odamlar tomonidan otib o‘ldirilgani haqida xabarlar chiqdi.

Bugun, 6 aprel kuni Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati bergan munosabatda ayiqning o‘limi tasdiqlandi.

Unda yozilishicha, aholi xavfsizligini ta’minlash uchun Chiroqchi tuman IIB boshlig‘ining ko‘rsatmasi bilan qo‘ng‘ir ayiq otib o‘ldirilgan.

«Shu kuni taxminan soat 23:00 larda ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgan. Birozdan so‘ng bu yerda mahalliy aholi to‘plangan. Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘z vaqtida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmaganligi bois ayiq bezovtalanib, jarlikdan tepaga chiqishga uringan. Chiroqchi tumani IIB boshlig‘i A. B. atrofga yig‘ilgan aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida ovchi D.A. ga ayiqqa o‘q uzishga ko‘rsatma bergan. Natijada ayiqning joni uzilgan», deyiladi munosabatda.

Shu o‘rinda ba’zi savollar paydo bo‘lmoqda. Ayiq kirib olgan g‘or joylashgan hudud vazirlikning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi xodimlari, Chiroqchi tuman hokimligi mutasaddilari, tuman IIB FVB va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan «muhofazaga olingan» edi. Tunda odamlar ayiq yotgan g‘or oldiga yig‘ilganda ular qayerda edi? Nega odamlarning o‘sha joyda to‘planishiga yo‘l qo‘yishdi?

Qolaversa, Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati bildirgan munosabatlarda voqea joyiga Toshkent hayvonot bog‘i mutaxassislardan iborat guruh chaqirilgani yozilgan. Nahotki ko‘plab yovvoyi hayvonlar yashaydigan butun boshli bir viloyatda kerakli mutaxassis topilmagan bo‘lsa?

Mabodo ertaga shunday holat boshqa viloyatda ham takrorlansa Toshkentdan mutaxassislar chaqirilib, ular yetib kelguncha «aholi xavfsizligini ta’minlash uchun» Qizil kitobga kiritilgan qandaydir yovvoyi hayvon otib o‘ldiriladimi?

Chiroqchidagi holatda ayiqni tinchlantirish uchun unga uxlatuvchi o‘qlar uzish kifoya edi. Butun boshli viloyatda bunday o‘qlar topilmaganmi? Bu savollarning javoblari hozircha mavhum bo‘lib turibdi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmatining ikkinchi munosabatida holat yuzasidan o‘rganish ketayotgani, ayiqning o‘limiga sabab bo‘lgan mas’ullarga intizomiy jazo choralari ko‘rilishi ma’lum qilingan.

Tabiat resurslari vazirligi munosabatiga qaralsa Chiroqchida o‘ldirilgan ayiqni muhofaza qilishga bir nechta davlat idoralari va tashkilotlari mas’ul bo‘lgan. Qani, necha kishi jazolanar ekan, kuzatishda davom etamiz.

G‘ayrat Yo‘ldoshev

Mavzuga oid