Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zikr – bandani Alloh bilan ma'nan suhbatlashtiradi
“Islom nuri” ko‘rsatuvining bugungi mehmoni O‘zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo‘limi xodimi Isoqjon Begmatov. Suhbat mavzusi Ramazonda zikr aytish xususiyati va uning savobi haqida.
YouTube'da tomosha qilish
Tas-IX'da tomosha qilish
- Haqiqatan ham Ramazon oyining nomlari juda ko‘p. Masalan, Qur'on oyi, saxovat oyi, bag‘rikenglik oyi deyiladi. Mana shulardan biri Ramazon – zikr oyi hamdir. Chunki biz bandalar Alloh taolo bilan o‘zaro robitani bog‘lash uchun zikr qilishimiz kerak. Agar Allohni eslamasak, Allohni zikr qilmasak aloqa uziladi. Shuning uchun ham hadisi shariflarda payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim bir narsani yaxshi ko‘rsa, ko‘p yodga oladi”, deb marhamat qilganlar. Biz Allohni yaxshi ko‘ramiz, deb da'vo qilar ekanmiz, Yaratganni zikr qilmasak, kimni zikr qilamiz...
Allohni zikr qilish turlarini ham bilib qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Unga zikr qilish nima bilan bo‘ladi, avvalo, uning farzlarini ado etish bilan bo‘ladi. Ro‘zadorlar ro‘za tutgan hollarida eng buyuk zikrni amalga oshirishmoqda. Chunki ro‘zador tilini g‘iybatdan, tuhmatdan, chaqimchilikdan tiyadi. Mana shu Allohni zikr qilish, deganidir. Banda Yaratganni zikr qilsa, undan gunohli ishlar chetlashadi.
masjidlar bo‘limi xodimi Isoqjon Begmatov
Zikr, asosan, insonning qalbida bo‘lishi kerak. Ko‘pchiligimiz zikrning asl ma'no va mohiyatini tushunmaganligimiz tufayli uni tildan chiqayotgan takbir, tahlil, istig‘for va duolar, deb bilamiz. Aslida, zikr insonning tilidan boshlansa ham, u bora-bora qalbdan joy egallashi kerak. Ana shunda buyuk vatandoshimiz hazrat Bahouddin Naqshbandiy rahmatullohi alayh aytganlaridek, Allohning zikri qalbimizda naqsh bo‘ladi. Chunki naqsh bo‘lgan narsa hech qachon unutilmaydi.
Zikrlarning ham o‘ziga yarasha maqomlari bor. Ulamolarimiz bir ovozdan ittifoq qilib aytadilarki, zikrning eng afzali Qur'on tilovati. Nega? Chunki u Allohning kalomi. Qur'on o‘qish bilan banda Alloh bilan ma'nan suhbatlashadi. Shu sababdan ham Ramazon oyida har bir mo‘min-musulmon Yaratganini zikr qilishga yeng shimarib, astoydil kirishishlari kerak.
Ulamolarimiz yana aytadilarki, zikrlarning eng afzallaridan biri: “La ilaha illalloh” kalimasi. Ko‘chada bo‘lamizmi, ishdami, bekor holatlardami, qo‘limizda tasbeh bo‘lmasa ham shu kalimani takrorlab tursak, Allohni zikr qilayotgan bo‘lamiz. Allohning buyruqlarini bajarish eng oliy zikrlardan biri hisoblanadi. Namoz o‘qish Allohning zikri, zakot berish ham shu maqomga ega. Mo‘min-musulmonlarga yordam qo‘lini cho‘zish ham Alloh taoloning zikridir, - dedi I.Begmatov.
Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid
17:44 / 25.03.2025
Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda joriy Ramazon oyi 29 kunda yakunlanishi kutilyapti. 30 mart Hayit bo‘lishi mumkin
10:32 / 01.03.2025
Saida Mirziyoyeva Ramazon oyi munosabati bilan o‘zbekistonliklarni tabrikladi
22:08 / 28.02.2025
Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi
17:09 / 28.02.2025