O‘zbekiston | 07:52 / 30.09.2022
12538
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston boshqa davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga sodiqdir - TIV

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston hududiga kelayotgan Rossiya fuqarolari sonining ko‘payishi bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda fuqarolardan Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha ayrim masalalarga oydinlik kiritish maqsadida murojaatlar ko‘paygan.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatini amalga oshirishda milliy manfaatlarga, asosiy tamoyillar sanaluvchi, jumladan, ochiqlik, teng huquqlilik, suverenitet, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi ustuvorliklarga doimo sodiqdir.

O‘zbekiston mavjud vaziyatni xalqaro huquq normalaridan kelib chiqib siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun shartlarni imkon qadar tezroq ishlab chiqish tarafdori ekani aytiladi.

"O‘zbekiston hududiga kelayotgan Rossiya fuqarolari sonining ko‘payishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning mamlakatimizda bo‘lish masalasi, shuningdek, ehtimoliy ekstraditsiya qilinishi O‘zbekiston qonunchiligi, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinishini qayd etamiz", deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, huquqbuzarlik sodir qilmagan xorijiy davlat fuqarolari majburiy deportatsiya qilib yuborilmasligi aytilgan.

Bundan oldin, Qozog‘iston safarbarlikdan qochganlarni Rossiyaga topshirmasligi ma’lum qilingandi

Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov bayonotiga asoslanib, Orda nashri xabar berdi. Unga ko‘ra, Qozog‘iston rossiyaliklarni topshirishi mumkin, biroq bu jinoyat sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilganlargagina tegishli bo‘ladi.

«Agar ularni harbiy komissarliklar qidirsa, bu - topshirish uchun qonuniy asos bo‘la olmaydi», — dedi Axmetjanov. 

O‘z navbatida, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiyada Ukrainaga qarshi urush fonida e’lon qilingan «qisman safarbarlik» tufayli mamlakatga Rossiya fuqarolarining ommaviy ravishda kelayotgani to‘g‘risida ma’lum qildi. 

Mavzuga oid