Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Serbiyada tartibsizliklar, Trampning tahdidi va Rossiyadagi cheklovlar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Serbiyada namoyishlar
Chorshanba kuni Serbiya poytaxti Belgrad, shimoldagi Novi Sad, janubdagi Nisha, markazdagi Kraguyevats va boshqa bir qancha shaharlarda mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchichning muxoliflari uning tarafdorlari va politsiyachilar bilan to‘qnashdi.
Prezident partiyasining hududiy ofislari oldida to‘plangan tomonlar bir-birlarini mushaklar bilan o‘qqa tutgan, petardalar, toshlar va turli buyumlar uloqtirilgan, mushtlashuvga kirishishgan, politsiya esa ularni ajratishga harakat qilgan.
Prezident Vuchich chorshanba kuni kechqurun Novi Sadda 64 nafar tarafdori jarohat olganini aytdi, shuningdek, «bosmachilar va bezorilar»ga shafqat qilinmasligiga va’da berdi. Vuchich Belgraddagi shtab-kvartira oldida to‘plangan partiyadoshlari qarshisiga chiqqan.
Serbiya politsiyasi boshlig‘i Dragan Vasilevichning ma’lum qilishicha, mamlakat shimolidagi Vrbas shaharchasining o‘zida yuz bergan to‘qnashuvlarda 16 politsiyachi va 50 nafar namoyishchi yaralangan.
Talabalar tashkilotlari boshchiligidagi serb muxolifati to‘qqiz oydan beri norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda. Namoyishlar o‘tgan yil 1 noyabr kuni Novi Sad vokzalida temir-beton soyabon qulab tushgani va 16 kishi halok bo‘lgani ortidan boshlangan.
Namoyishchilar ushbu fojiada aybdorlarni jazolashni, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni, shuningdek, navbatdan tashqari saylovlar e’lon qilish talabini bildirmoqda.
Hozircha ular bosh vazirning iste’fosiga erishgan, biroq prezident Vuchich iste’foga chiqmoqchi emas.
Tramp jiddiy oqibatlar bilan tahdid qilmoqda
Agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Alyaskadagi uchrashuvdan keyin ham Ukraina bilan urushni to‘xtatmasa, Rossiyani «jiddiy oqibatlar» kutmoqda. Bu haqda Tramp Vashingtondagi Kennedi markazida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Trampdan agar Rossiya prezidenti 15 avgustdagi uchrashuvdan keyin urushni to‘xtatmasa, Putin va Rossiya uchun qanday oqibatlar bo‘lishi haqida so‘rashdi. «Ha, bo‘ladi. Juda og‘ir oqibatlar bo‘ladi», deb javob qaytargan Tramp.
Shu bilan birga, AQSh yetakchisi Putin bilan uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tishiga u qadar ishonmayapti. Rossiya prezidentini Ukrainadagi tinch aholini o‘qqa tutishni to‘xtatishga ko‘ndira olishingizga ishonasizmi, degan savolga u shunday javob berdi: «O‘ylaymanki, yo‘q. Chunki men u bilan avval ham shuni gaplashganman».
Trampning qo‘shimcha qilishicha, agar Putin bilan uchrashuv muvaffaqiyatli o‘tsa, u darhol navbatdagi uchrashuvni - Vashington, Moskva va Kiyev ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni o‘ylamoqda. «Agar men Alyaskada kerakli javoblarni olmasam, ikkinchi uchrashuv bo‘lmaydi», - deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp 13 avgust kuni Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan muloqotiga «o‘n» baho qo‘ygan. «Biz juda yaxshi suhbatlashdik. Men uni o‘n bahoga baholagan bo‘lardim. Juda, juda do‘stona», - dedi AQSh prezidenti.
Rossiyada navbatdagi cheklov
Rossiyada Telegram va WhatsApp orqali qo‘ng‘iroq qilish qisman cheklandi.
«Jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida ushbu messenjerlarda qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishni qisman cheklash choralari ko‘rilmoqda», - deyiladi Roskomnadzor xabarida.
Rossiya raqamlashtirish vazirligi aniqlik kiritishicha, bu firibgarlar tomonidan amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlar sonini kamaytirishga yordam beradi, messenjerlarning boshqa funksiyalari cheklanmaydi.
Ta’kidlanishicha, messenjerlar rahbariyati Rossiya qonunchiligi talablarini bajargan taqdirda ovozli qo‘ng‘iroqlar funksiyasi qayta tiklanadi.
Qayd etilishicha, yovuz niyatli shaxslar Telegram va WhatsApp messenjerlaridan tovlamachilik harakatlarini amalga oshirish, qo‘poruvchilik va terrorchilik faoliyatiga jalb etish uchun foydalanishmoqda.
Starlink interneti Qozog‘istonda
13 avgust kuni Starlink Qozog‘istonda sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini rasman ishga tushirdi. Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi xabariga ko‘ra, bu mamlakat aholisiga SpaceX’ning past orbitali sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi va barqaror internetga ulanish imkonini beradi. SpaceX bosh direktori Ilon Mask Starlink endi Qozog‘istonda ham mavjud ekanini tasdiqladi.
«Biz bir yil davomida Starlink va davlat idoralari hamda nazorat qiluvchi organlarning pozitsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bordik. Bugun Starlink Qozog‘istonni o‘zining rasmiy mavjudlik xaritasiga qo‘shdi» deb yozdi Raqamli rivojlanish vazirligi rahbari Jaslan Madiyev X ijtimoiy tarmog‘ida.
Iyun oyida Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi xizmat ko‘rsatishda mamlakat qonunchiligiga rioya qilish bo‘yicha Starlink bilan shartnoma imzolagandi.
Kompaniya saytidagi narxlarga ko‘ra, Starlink foydalanuvchi terminali 104 ming tengedan 201 ming tengegacha turadi. Cheksiz uy tariflarining narxi oyiga 23 ming tengedan 31 ming tengegachani tashkil etadi.
Starlink Qirg‘izistonda 2025 yil oxirigacha, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda esa 2026 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Ukraina uchun «G‘arbiy sohil modeli»
The Times xabar berishicha, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff «rossiyalik hamkasblar» bilan muloqot chog‘ida urush tugashining ehtimoliy ssenariysi sifatida «G‘arbiy sohil modeli»ni taklif qilgan.
Bu g‘oyaga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning bosib olingan qismi ustidan harbiy va iqtisodiy nazoratni qo‘lga kiritadi, biroq yuridik anneksiya bo‘lmaydi. Bunda Ukrainaning rasmiy chegaralari hozirgi ko‘rinishida saqlanib qoladi.
The Times’ning AQSh Milliy xavfsizlik kengashiga yaqin manbasiga ko‘ra, Trampning Yaqin Sharqdagi manfaatlarini ifodalovchi Stiv Uitkoff bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamoqda. AQShda bunday yondashuv Ukrainaning umumxalq referendumisiz hududlarni topshirishni taqiqlovchi konstitutsiyaviy cheklovlarini chetlab o‘tishga imkon beradi, deb hisoblashmoqda.
«Bu xuddi Isroil G‘arbiy sohilni egallab olgani kabi ko‘rinishda bo‘ladi. Gubernator bilan, Ukrainaga emas, Rossiyaga integratsiyalashgan iqtisodiy tizim bilan. Ammo bu baribir Ukraina bo‘ladi, chunki Ukraina hech qachon o‘z suverenitetidan voz kechmaydi. Ammo reallik shundaki, bu amalda bosib olingan hudud bo‘ladi va bu Falastin modelidir», - degan The Times manbasi.
Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli The Times maqolasiga munosabat bildirib, «bu mutlaqo yolg‘on va ehtiyotsizlik bilan tayyorlangan reportaj» ekanini qayd etgan.
Mavzuga oid
16:06 / 29.12.2025
Trampga va’da bergan Putin, Tayvan atrofida mashg‘ulot boshlagan Xitoy va yana raketalar uchirgan Kim – kun dayjesti
13:59 / 27.12.2025
G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlik, Xitoyning AQSh kompaniyalariga sanksiyasi va Belarusga joylashtirilgan «Oreshnik»lar – kun dayjesti
14:35 / 26.12.2025
Nigeriyada IShIDga zarba bergan AQSh, ukrainaliklarning Putinga «tilagi» va Kilimanjaroda qulagan vertolyot – kun dayjesti
14:59 / 25.12.2025