Jamiyat | 22:22 / 25.08.2021
2296
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatida qashqadaryolik shaxs boshqaruvidagi Lacetti ag‘darilib ketdi. Haydovchi vafot etdi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida Qashqadaryo viloyatida yashovchi shaxs boshqaruvida bo‘lgan Lacetti yo‘l-transport hodisasiga uchrab, bir necha marta ag‘darilgan. Oqibatda haydovchi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 24 avgust kuni soat 23:45 larda A373 Guliston-O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining Oqoltin tumani «Saxovat» MFY hududidan o‘tuvchi 8-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Qarshi–Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Lacetti mashinasi DAF rusumli yuk mashinasi yo‘liga chiqib ketishi natijasida ag‘darilib ketgan va 2-3 marta dumalagan.

Oqibatda Lacetti mashinasi haydovchisi 1958 yilda tug‘ilgan fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib, Oqoltin tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Lacetti mashinasi haydovchisi yuk mashinasini o‘ng tarafdan quvib o‘tmoqchi bo‘lgan va to‘liq quvib o‘tmasdan DAF’ning yo‘liga chiqib ketgan. Shuningdek, dastlabki xulosalarga ko‘ra, Lacetti haydovchisining og‘ir tan jarohatlari olishiga, uning xavfsizlik kamarini taqmagani sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Oqoltin tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid