O‘zbekiston | 18:32 / 22.11.2022
27202
6 daqiqa o‘qiladi

Andijonda chiroq o‘chgan paytda reanimatsiyadagi bemor vafot etdi

Qo‘rg‘ontepa tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida yotgan erkak chiroq o‘chib qolgan vaqtda vafot etdi. Kun.uz suhbatlashgan marhumning yaqinlari o‘limga elektrdagi uzilish ham sabab bo‘lgan deb hisoblamoqda. Shifokor bu fikrga qo‘shilmasligi, barcha reanimatsion apparatlar akkumulyatorda ishlaganini aytdi.

36 yoshli Shuhratbek Abduqahhorov kombaynga oyoqlari kirib ketishi oqibatida olgan jarohati tufayli 9 noyabr kuni jonlantirish bo‘limiga olib kelingan.

Dastlabki yordam ko‘rsatilgach, u jonlantirish bo‘limida qoldirilgan. Ertasiga, 10 noyabr kech soat 21 atrofida, oyog‘ining chiqqan joyini solish maqsadida berilgan narkoz va muolajadan keyin, bemor vafot etgan.

Muolaja vaqtida chiroq o‘chib qolgan va kislorodni qo‘l orqali boshqariladigan moslama yordamida berishgan. Marhumning yaqinlari o‘limga chiroq o‘chishi sabab bo‘lganini aytmoqda.

Qo‘rg‘ontepa tumani jonlantirish bo‘limi

Marhumning otasi Rafiqjon Abduqahhorov farzandi o‘sha kuni narkozdan oldin ahvoli juda yaxshi bo‘lganini aytdi.

“Ahvoli juda yaxshi edi. Og‘riq yo‘qmi degan savolimga og‘riq yo‘q deb javob berdi. Oyoqlarimni tikishdi dedi.

Doktorga kirdim, u ham: “Holati yaxshi, xavotir olmang, bugun oyog‘ini solamiz, ertaga esa palataga olib chiqamiz”, dedi. Kechgacha turdik. O‘g‘lim: “Ketaveringlar, yaxshiman”, dedi. Biz ketgach, oyog‘ini joyiga solish uchun bizdan so‘ramay yana narkoz berishgan. Bola ko‘tara olmagan”, – deydi Rafiqjon Abduqahhorov.

Marhumning otasi Rafiqjon Abduqahhorov.

Marhumning ukasi Ikromjon o‘lim ro‘y bergan vaqtda shifoxonada bo‘lgan.

“Men akamning oldida qolgandim. O‘ng oyog‘ining quymichi chiqqan, deb travmatologlar uni solamiz deyishdi. Agar narkoz bilan solmasak, og‘riq kuchli bo‘ladi, ko‘tara olmaydi, deyishdi.

Operatsiyadan keyin, yangi kislorod ballonini olib kirishda hamshiralarga yordam berdim (eskisi tugagan ekan), yangi ballonni ulagandan keyin 5 daqiqalar o‘tib svet o‘chib qoldi. Shu sabab qo‘l bilan apparat yordamida sun’iy havo berishdi. 10 daqiqalar davomida svet bo‘lmadi. Svet kelgach, qaytib kirsam, akangiz bo‘lmay qoldi, deyishdi.

Yaxshi turgan odamni mana 10-15 minutda o‘ldirishdi hisobi. Narkozgacha akamning ahvoli juda yaxshi edi”, – deydi marhumning ukasi Ikromjon Abduqahhorov.

Shifokorlar bu e’tirozlarni rad etishdi. Anesteziolog Hotamjon Nazarovning aytishicha, o‘z vaqtida va tibbiy ko‘rsatmalarga muvofiq barcha choralar ko‘rilgan. Shifoxonada chiroq o‘chgach, ikkinchi liniyadagi tokdan foydalanilgan. Anesteziolog o‘lim sababi yo yog‘ emboliyasi, yo tromboemboliya bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Anesteziolog Hotamjon Nazarov.

“Travmatolog bemorning oyog‘ining chiqqan joyini solishimiz kerakligini aytdi. Bemorning puls bosimi barqaror, hushi joyida edi, uydagilar bilan gaplashganman dedi.

[…] Operatsiya soat 21:00lar atrofida boshlandi. Narkoz ta’sirida bemor uyquga ketdi. Shu vaqtda chiqqan joyi solindi, shundan keyin 10 daqiqacha yaxshi yotdi. O‘ziga kelishni boshlaganida esa bemorning holati qandaydir menga yoqmadi. Saturatsiyasi, qon bosimi normada edi. Birdaniga, bizning o‘ylashimizcha, tromboz bo‘lgan, shuning hisobiga bemorning yuz tuzilishi o‘zgardi, badanida qontalash, ko‘kimtir tuslar paydo bo‘lib qoldi.

Tromboemboliyaga shubha qilib, darhol intubatsion narkozga o‘tdik, bemorni apparatga oldik. Apparatga ulagandan keyin 10 daqiqa o‘tgach, bemorning qon bosimi tushib, ko‘z qorachig‘i kengayib ketdi. 25 daqiqa davomida reanimatsiya qildik. Hamma choralar ko‘rildi, vazopressorlarga o‘tkazildi, adrenalin qilindi, defibrillyatsiya qilindi, kislorodga ulandi. Soat 21:50da qaytmas jarayon boshlandi va biologik o‘lim kuzatildi.

Birinchi taxminimiz – yog‘ emboliyasi. Ikkinchisi – tromboemboliya. Shunaqa holatlarning oldini olish uchun konsilium qilamiz, konsiliumda oyog‘idagi chiqqan joyni joyiga qayta solishga qaror qilingan.

Ekspertizaga berilgan. Natijalariga ko‘ra, xulosa beriladi. Haqiqatda elektr toki o‘chib qoldi. Lekin qo‘l yordamida nafas berish apparatini ishlatganmiz. Ikkita liniya bo‘lgani uchun chiroq uzoq vaqt davomida o‘chik turmadi, 10 daqiqacha bo‘lmadi.

Bunaqa paytda bizda generator ikkinchi darajali bo‘ladi. Birinchi darajali masala – bemor. Xona ichidagi lampochkani svet o‘chgan vaqtda ham yoqish mumkin. To‘g‘ri, elektr toki o‘chgani qanaqadir bizning faoliyatga ta’sir qilishi mumkin, lekin buni o‘lim sababi deb bilmayman. Chunki apparatlar hammasi akkumulyatorda ishlagan, defibrillyatorning ham quvvati bor edi ”, – deydi anesteziolog Hotamjon Nazarov.

Marhum oilali bo‘lib, ikki nafar farzandning otasi edi.

Jonlantirish bo‘limida, garchi elektr toki bo‘yicha ikkinchi zaxira liniyasi ham bor bo‘lsa-da, u ham uzilishi ehtimolidan kelib chiqib generatorning yo‘qligi bizni taajjubga soldi.

Bu Qo‘rg‘ontepa tumani tibbiyot bo‘limidagi birinchi noxush holat emas. Shu yil may oyida, o‘tkir appenditsit kasalligi bilan operatsiya qilingan ayol jarrohlik amaliyotidan keyin vafot etgani haqida xabar bergan edik. O‘shanda prokuratura organlari tekshiruv boshlaganini ma’lum qilgandi, uning natijasi bo‘yicha axborot berilmadi.

Shuhratbek Abduqahhorov vafoti bo‘yicha sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid