O‘zbekiston | 17:10 / 12.08.2025
12555
12 daqiqa o‘qiladi

Yuk tashuvchilar dodi: rasmiylarning xatosi tovonini tadbirkorlar to‘laydimi?

Bugun O‘zbekiston yo‘llarida 40 tonnadan 120 tonnagacha yuk ko‘taradigan 40 mingga yaqin yuk mashinasi yuribdi. Ularning aksariyati respublikaga 2018 yildan keyin olib kirilgan. Vaholanki, tegishli normativlarga ko‘ra, bunday transportlarning kirib kelishi mumkin bo‘lmagan. Transport vaziri va Avtoyo‘lqo‘m raisining bu xatoni tuzatishga urinishi tadbirkorlarga juda qimmatga tushmoqda.

Avtomagistrallarda tosh, shag‘al, sement yoki shu turdagi qurilish materiali tashib ketayotgan Shacman, Howo kabi katta yuk avtomobillariga ko‘p bora ko‘zimiz tushgan. Ayniqsa, keyingi yillarda yo‘llarda 80-90 tonna yuk ko‘tara oladigan bu turdagi mashinalar soni karrasiga oshdi. Yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari ham keskin ko‘paydi. Lekin bu tadbirkorlar bugungi kunga kelib juda katta yo‘qotishlar oldida turishganini, faoliyatlari “to‘rt tomondan qisib qo‘yilgani”ni aytmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

14 yil oldingi taqiq

“Gruzovik”chilarning muammosi yo‘llarda qancha og‘irlikdagi yuk ortib yurish mumkinligi va ko‘chma tarozilar bilan bog‘liq.

Aslida bu masala Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-son qarori bilan tasdiqlangan “Katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashishda harakat xavfsizligini ta’minlash qoidalari” asosida tartibga solingan.

Bu qoidalarning 2-ilovasida avtotransport vositalarining ruxsat etilgan massasi keltirilgan. Unga ko‘ra, avtotransport vositalarining har bir o‘qiga tushuvchi ruxsat etilgan og‘irligi avtotransport vositalarining umumiy ruxsat etilgan massasiga rioya qilinganda 10 tonnadan ortiq bo‘lmasligi kerak. Ya’ni transport vositasi va undagi yukning umumiy og‘irligi 44 tonnagacha qilib belgilangan.

Tadbirkorlar zarar, Xitoy esa foyda ko‘rdi

Amaldagi tartibga ko‘ra, import qilinadigan yuk avtomobillari va yarim tirkamalariga Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan sertifikat beriladi va bojxona organlari tomonidan rasmiylashtiriladi.

Ammo negadir ruxsat berilgan umumiy og‘irlik 44 tonnagacha qilib belgilangan bo‘lsa-da, respublikaga 80-90 tonnagacha yuk ko‘tara oladigan transport vositalari import qilingan, ularga sertifikat berilgan, bojxonada rasmiylashtirilgan, YHXXda ro‘yxatga olingan. Bu yuk mashinalari yarim tirkamalarining “texpasporti”da sof yuk ko‘tarish vazni 70-90 tonna ekani ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yilgan.

Bojxona qo‘mitasi rasmiylashtirayotganini va sertifikat berilayotganini ko‘rganlar bu yo‘nalishda tadbirkorlik qilishga kirishgan. Ayni paytda respublikada ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan yuzlab, balki minglab tadbirkorlar bor. Ularning aksariyati import qilingan ushbu yuk mashinalarini tadbirkorlik qilaman deya katta foizlardagi bank krediti asosida sotib olishgan.

Hozirda respublika yo‘llarida 40 mingga yaqin bu turdagi yuk mashinalari yuribdi, ularning aksariyati 2018 yildan keyin olib kelingan. Bu to‘la vazn bilan yo‘lda yurishiga taqiq bo‘lgan mashina importi uchun milliardlab dollar mablag‘ chet elga, xususan, Xitoyga chiqib ketganini anglatadi.

Vazir va qo‘mita raisining kechikkan e’tirozi

2023 yil 24 iyul kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov bosh vazirga qo‘shma xat kiritgan.

Xatda keltirilishicha, respublikada 43 ming kilometrga yaqin umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining 40 917 kilometr qismi 5-8 tonna, 1952 kilometr qismi 13 tonna g‘ildirak o‘qiga tushadigan og‘irlikka mo‘ljallab qurilgan. Ushbu yo‘llardagi 7 229 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichning 6 506 tasi 5-8 tonna yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, avtomobil yo‘llarida harakatlanayotgan yuk transport vositalari soni 2016 yilga nisbatan 4 barobarga oshib, 2023 yil 1 mart holatiga 327 672 tani tashkil etmoqda. Respublika yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yuk avtomobillarining 10 foizdan ortig‘i 40 tonnadan 120 tonnagacha yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega ressorli yuk avtotransport vositalari va yarim tirkamalarini tashkil qiladi.

Barcha Yevropa va MDHning aksariyat davlatlarida ushbu turdagi ressorli yarim tirkamalar importi taqiqlangan va bunday tirkamalardan voz kechilgan. Ressorli yuk avtotransport vositalari va tirkamalaridan karer hududlarida foydalanish o‘z samarasini berishi mumkin”, deyiladi xatda.

Vazir va qo‘mita raisi bu turdagi yuk mashinalari umumiy foydalanishdagi yo‘llar hamda ko‘priklarni buzayotganini ta’kidlab, bosh vazirdan ularning importini to‘xtatishni so‘ragan.

O‘zbekistonda umumiy foydalanishdagi yo‘llarning 95,4 foiz qismi 5-8 tonna g‘ildirak o‘qiga tushadigan vaznga mo‘ljallab qurilgan ekan, Transport vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi nega bu haqda oldinroq emas, shuncha yuk mashinasi import qilib bo‘lingach, 5 yil o‘tib e’tiroz bildirayotgani – tushunarsiz.

Mantiqsiz jarima

Transport vaziri va avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining xatidan so‘ng tegishli tashkilotlarga bosh vazir topshirig‘i chiqarilgan. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligiga umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida belgilangan me’yordan ortiq yuk bilan harakatlanayotgan avtotransport vositalari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirilgan.

Bosh vazirning 2024 yil 26 sentabrdagi topshirig‘iga asosan Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan birgalikda reyd tadbirlari samaradorligini oshirish maqsadida alohida yo‘l patrul xizmat otryadi tuzish hamda ko‘chma tarozilar o‘rnatgan holda yuk mashinalariga nisbatan reydlar o‘tkazish belgilangan. Hozirda butun respublikada ushbu reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ya’ni yo‘lda yuk ortib ketayotgan avtoransport vositasining vazni ko‘chma tarozida o‘lchanadi. Agar umumiy og‘irlik belgilangan me’yordan ortiq chiqsa, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanadi. Haydovchi bayonnomaga imzo cheksa, o‘sha yuk bilan yo‘lida davom etadi.

Biz – mahalliy yuk tashuvchilar muammolar girdobida qoldik. Muammo shundaki, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli ko‘chma tarozilar paydo bo‘ldi. Ular butun respublika bo‘ylab ishlayapti. Bu ko‘chma tarozilarning ishlashiga asos qilib Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-sonli qarorini keltirishmoqda.

Aslida bu kabi yuk mashinalari Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining o‘zida ham bor. O‘zlarining mashinalarini tarozidan o‘tkazishmaydi va jarima qilishmaydi. Faqat biz tadbirkorlarning avtomobillarimizni o‘lchashadi. Bu haqli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘chma tarozilarni qo‘llanmasiga zid ravishda ishlatishadi. Haydovchilarni ma’muriy bayonnomaga imzo qo‘yishmasa mashinasini jarimaga maydoniga qo‘yish bilan qo‘rqitishadi. Jarima maydonining bir kunlik to‘lovi 200 ming so‘m. Mashinangiz taxminan 20 kun jarima maydonida tursa, 4 mln so‘m bo‘ladi. Hozirda jarima 8,2 mln so‘m, yarmini to‘lasangiz 4,1 mln so‘m. Ya’ni jarima maydoniga to‘lanadigan to‘lov jarima puli bilan baravar bo‘lib qolyapti. Hech qaysi tadbirkor mashinasi 20 kun jarima maydonida turishini xohlamaydi. Chunki bu mashinalar asosan kreditga olingan. Shu sababli, ma’muriy bayonnomaga majbur imzo qo‘yib beryapmiz.

Yana bir mantiqsiz joyi shundaki, mashinani to‘xtatdi, tarozidan o‘tkazdi, jarimani to‘ladingiz, mashina esa o‘sha og‘ir yuki bilan yo‘lida davom etadi. Ya’ni yuk bartaraf qilinmaydi. Bu yerda faqat jarima undirish bo‘lyapti-da. Qani mantiq? Ko‘chma tarozilarni tashkil qilishdan oldin ortiqcha yukni bartaraf etadigan joylarni qilish kerak emasmidi? Shuning uchun biz ushbu tarozilarni 2028 yil 1 yanvarga qadar to‘xtatib turishni so‘radik”, deydi “Via Muzaffar Kamron” MChJ direktori Xurshid Tursunov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda 80-90 tonna yuk tashiydigan mashinada 15 tonna yuk tashishni talab qilishmoqda. Demak, Buxorodan Toshkentga 80 tonna yuk olib borayotgan mashina ushbu vazndagi yukni tashish uchun 4-5 marta qatnashi kerak bo‘ladi. Bu yo‘llarda tig‘izlikni oshiradi hamda metan sarfi va xarajatlarini 4 martaga ko‘paytiradi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar yuk mashinalari haydovchilari ko‘chma tarozidan o‘tishni soatlab kutishayotgani, buning oqibatida yo‘qotilgan masofani bosib o‘tish uchun tunda ham mashina boshqarib, YTHga uchrayotgani haqida e’tirozlarini keltirib o‘tmoqda.

Bu mashinalarni osmondan olib tushmadik”

Yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi buxorolik tadbirkor Sherzod Qodirov topgan puli kredit to‘lash va ko‘chma tarozilar sabab yozilayotgan jarimalarni to‘lashga sarf bo‘layotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hozirda foydalanilayotgan ko‘chma tarozilar ressorli yuk mashinalar yukini o‘lchashga moslashmagan.

Oxirgi paytlarda na ishlashni, na to‘xtatishni bilmay qoldim. Ko‘chma tarozini xohlagan joyiga qo‘yishyapti. U ko‘chma tarozilar bizning ressorli mashinalarni o‘lchashi mumkin emas, bunga moslashmagan. Shunaqa voqea ham bo‘lgan: yuk o‘lchanyapti, qo‘lida “nakladnoy” ham turibdi, 30 tonna farq qilyapti. Ko‘chma tarozi 30 tonna ortiqcha yuk chiqaryapti. Mashina ustida uncha yuk yo‘q.

Bular hozir yo‘llarning buzilishida bizni ayblayapti. Biroq yo‘llarga ishlatilayotgan materiallarga ham e’tibor qaratishsin. Masalan, men 2 yil yo‘l va ko‘prik qurilishida ishlatiladigan “balka” va “svay” tashiganman. O‘shani va unga ishlatiladigan armaturalarni ko‘rishsin, umuman davlat standartiga javob bermaydi. Hali ko‘prikka qo‘yilishi u yoqda tursin, yo‘lda ketayotganda mashinaning silkinishidayoq sinib ketyapti.

Xo‘p, biz yo‘lni buzayotgan ekanmiz, nima uchun olib kirildi bu texnikalar? O‘zimiz osmondan olib tushganimiz yo‘q-ku. Davlat buning “texpasporti”ga falon tonnaga ruxsat, deb yozib qo‘ygan”, deydi Sherzod Qodirov.

Yechim qanday bo‘ladi?

Yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bunday vaziyatda ishlab bo‘lmasligini, qarz botqog‘iga botib qolishlarini va ko‘plab ish o‘rinlari yo‘qotilishiga olib kelishi mumkinligini aytmoqda. Shu sababli ular bir nechta takliflarni ilgari suryapti.

Jumladan, ko‘chma tarozilar bilan o‘tkazilayotgan reydlarni 2028 yil 1 yanvarga qadar to‘xtatib turishni, bu davrda olingan kredit mablag‘larini to‘liq to‘lab bo‘lishlarini aytishmoqda. Shuningdek, yuk mashinalarida o‘z vaznidan tashqari 50-60 tonna yuk tashishga ruxsat berishlarini so‘rashmoqda.

Bu masala tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan muloqotda ham ko‘tarilgan. Transport vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi “oltin o‘rtalik”ni qanday topadi, tadbirkorlarga biroz yon bosadimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.

Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid