O‘zbekiston | 23:33 / 01.06.2020
7358
3 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda budjet tashkilotlarida 30 mlrd. so‘m o‘zlashtirilgani ma'lum qilindi

2019 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 8074 ta budjet tashkilotining 6616 tasida 142,5 mlrd. so‘m miqdorida moliyaviy xato, jumladan, 30,3 mlrd. so‘m miqdoridagi pul va moddiy boyliklar kamomadi va o‘zlashtirishlar, 112,2 mlrd. so‘m miqdoridagi noqonuniy xarajatlar aniqlangan. Bu haqda parlament quyi palatasining 1 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida so‘z bordi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, deputatlar davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqish jarayonida budjet ijrosiga oid ayrim kamchiliklarga ham alohida e'tibor qaratishgan. Deputatlarga ko‘ra, aniqlangan holatlar budjet mablag‘larining maqsadli ishlatilishi ustidan haligacha samarali nazoratni amalga oshirish mexanizmlari yaratilmaganligi sababli yuzaga kelmoqda.

Foto: Oliy Majlisi  Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

Majlisda budjet intizomi, shaffofligi hamda hisobdorligi masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Budjetdan mablag‘ ajratishda avvalo ulardan kutilayotgan samaradorlik va natijadorlikni hisobga olish muhimligini ta'kidlandi. Mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalq deputatlari tegishli kengashlari bilan hamkorlik qilish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligini ta'kidlandi.

Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda qayd etilishicha, 2019 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 5,6 foizga o‘sgan, ijobiy o‘sish suratlari qurilish sohasida 19 foizni, canoatda – 6,6 foizni, xizmatlar sohasida – 5,1 foizni, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasida – 2,5 foizni tashkil etgan. 2019 yilda asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 189 trln 924 mlrd so‘m bo‘lib, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 37,1 foizni tashkil qilgan.

Hisobot davrida davlat budjeti daromadlari 112,2 trln.so‘mni (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,9 foizni) tashkil etgan, prognoz ko‘rsatkichlari 9,2 trln so‘m ortig‘i bilan bajarilgan. Budjet tushumlari tarkibida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i 2018 yilning mos davriga nisbatan 4,7 baravarga oshgan.

Hisobotga ko‘ra davlat budjetining 2019 yildagi xarajatlari 2018 yilga nisbatan 48 foizga oshgan, budjet xarajatlari tarkibida oldingi yillar kabi ijtimoiy soha xarajatlari ulushi yuqori bo‘lib, ushbu soha xarajatlari uchun budjeti xarajatlarining 54 foizi miqdorida mablag‘ sarflangan.

Mavzuga oid