Jahon | 21:18 / 30.04.2026
5072
4 daqiqa o‘qiladi

“Ukraina dronlari sabab” - tahlilchilar Rossiyaning 9 may paradidagi cheklov haqida

Rossiya Mudofaa vazirligi bu yil Qizil maydondagi 9 may paradida og‘ir harbiy texnika ishtirok etmasligini tasdiqladi. Tahlilchilar Shuhrat Rasul va Oybek Sirojovga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda Ukrainaning jangovar dronlarni qo‘llashdagi yutuqlari Moskvani shunga majbur qilgan. Oxirgi oylarda Rossiya bo‘ylab dron hujumlari soni keskin oshgani kuzatilmoqda.

Shuhrat Rasul: Men bu qarorni resurslar yetishmovchiligi bilan bog‘liq deb o‘ylamayman. Rossiyada bronetexnika ishlab chiqaruvchi korxonalar ikki-uch smenada ishlamoqda. Parad uchun 100 ta BTR, 20-30 ta tank, shuningdek, o‘ziyurar artilleriya va zenit tizimlarini frontdan ham olib kelish imkoniyati mavjud edi.

Menimcha, masala biroz boshqacha. 2026 yil boshidan boshlab Ukrainaning Rossiya hududiga berayotgan zarbalari ham sifat, ham masofa jihatidan sezilarli darajada o‘zgardi. Ukraina armiyasi dronlari endilikda 2000 kilometrdan ortiq masofaga ham zarba bera olmoqda.

Agar o‘tgan yili neft sanoatiga qilingan zarbalar soni taxminan 60 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil birinchi choragidayoq 70 dan ortiq shunday hujumlar qayd etilgan. Ya’ni o‘tgan yilga nisbatan zarar ko‘lami va zarbalar chuqurligi ortgan. Aynan shu omil parad tashkilotchilarini jiddiy o‘ylantirgan bo‘lishi mumkin.

Tasavvur qiling, jonli efirda translatsiya qilinayotgan parad vaqtida Kreml ustida bir nechta Ukraina dronlari paydo bo‘lib qolsa. Agar shunday vaziyatda og‘ir harbiy texnikaga zarar yetkazilsa yoki u yo‘q qilinsa, bu Rossiya armiyasi uchun ham, davlat imiji uchun ham global miqyosda jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Menimcha, asosiy ehtiyot chorasi aynan shu xavf bilan bog‘liq.

Oybek Sirojov: Urush sharoitida dronlar va raketa zarbalari imkoniyatlarining kengayishi hamda ularning masofasi va aniqligi ortgani sababli ehtiyot choralarini kuchaytirish zarurati paydo bo‘lgan. Hatto bir necha kun oldin parad o‘tkaziladimi yoki yo‘qmi, degan masala ham kun tartibida edi. Hozir esa mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, parad o‘tkazilishi tasdiqlanmoqda, biroq og‘ir harbiy texnikalarsiz o‘tkazilishi ehtimoli yuqori.

Umuman olganda, so‘nggi 30 yil davomida bu parad muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda va u Putin boshchiligidagi siyosiy tizimning muhim mafkuraviy hamda ramziy elementiga aylangan. Shu sababli uni o‘tkazmaslik rejim imijiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Biroq paradni to‘liq formatda o‘tkazish ham, agar xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy tahdidlar yuzaga kelsa, Rossiya reputatsiyasiga salbiy ta’sir qilishi ehtimoli bor edi. Shu omillar hisobga olinib, hozircha texnikalarsiz parad o‘tkazish varianti tanlangan bo‘lishi mumkin.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid