1946 yil 5 mart kuni AQShda bo‘lib turgan Uinston Cherchill talabalar bilan uchrashuv vaqtida SSSR yuritayotgan tashqi siyosatni tanqid qiladi va dunyo davlatlarini kommunistik tuzumdan himoya qilish kerakligi haqida gapiradi. Bir haftadan so‘ng “Pravda” gazetasida Stalinning intervyusi beriladi. Unda sovet rahbari Cherchillni Hitlerga tenglashtirgandi. Shundan so‘ng G‘arb va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar taranglasha boradi va bu 1989 yilgacha davom etadi.

Ikkinchi jahon urushigacha dunyoda siyosiy qutb yo‘q edi. Hech bir davlat dunyo gegemonligiga da’vo qilmasdi. Barchasi Ikkinchi jahon urushidan so‘ng o‘zgaradi.

SSSR urushning asosiy g‘olibi sifatida katta maydonga chiqadi. AQSh harbiylari Yevropada mustahkam o‘rnashadi. Har ikki tomon nemislardan ozod qilingan davlatlarni o‘z nazoratiga oladi.

Ana o‘shanda AQSh va Britaniya o‘zlariga jiddiy raqib paydo bo‘lganini tushunib yetadi. Shundan so‘ng SSSR va AQSh o‘rtasida turli hududlarni o‘z ta’sir doirasiga olish bo‘yicha keskin raqobat boshlanadi.

Sovuq urush” davrining boshlanishi

“Sovuq urush” davri qachon boshlangani haqida bir nechta versiyalar bor. Kimdir u Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan paytda, ayrimlar urush tugashidan so‘ng boshlangan deydi.

Ko‘pchilik esa “Sovuq urush” davri boshlanishiga Uinston Cherchillning 1946 yil 5 mart kuni AQShning Fulton shahrida so‘zlagan nutqi sabab bo‘lgan deb biladi.

O‘shanda bir yil avval Britaniya bosh vazirligidan ketgan Cherchill AQShga shaxsiy safar bilan borgandi. U Fultonda Sharqiy Yevropa davlatlarida totalitar tuzum o‘rnatilgani va Yevropa oilasi ikkiga bo‘linib qolgani haqida gapiradi.

Shuningdek, Cherchill o‘z nutqida: “Boltiq dengizidagi Shtettindan Adriatika sohilidagi Triyestgacha qit’a bo‘ylab temir parda tortildi”, deydi.

Shtettin Polshaning Germaniya bilan chegarasidagi shahar bo‘lib, u Oder daryosining Boltiq dengiziga quyilish yerida joylashgan. Triyest esa Adriatika dengizi sohili yaqinidagi, Italiyaning Sloveniya va Xorvatiyaga qo‘shni bo‘lgan shahri hisoblanadi.