O‘zbekiston | 11:39 / 14.05.2018
47296
3 daqiqa o‘qiladi

“Aniq takliflar ishlab chiqiladi va bajarilishi ta’minlanadi” - poytaxt hokimligi suv toshqinlari bo‘yicha bayonot berdi

Toshkentning drenaj-lotok tizimi holatini o‘rganish bo‘yicha shahar hokimligi qoshida maxsus ishchi guruh tuzilmoqda. Hokimlik xabariga ko‘ra, ishchi guruh akliflarni ishlab chiqishda dunyoning yirik megapolis shaharlarida qo‘llanilgan zamonaviy texnologik yechimlarni o‘rganadi va bu yechimlar amaliyotda qo‘llaniladi.

Foto: Facebook / Drivers.uz

Toshkent ko‘chalarida joriy yilning 13 may kuni yog‘gan yomg‘ir poytaxt markazi-yu, chekka hududlarda ham katta-kichik ko‘lmaklar hosil qilib, transport vositalarining hamda aholining harakatlanishiga qiyinchiliklar tug‘dirdi.

Savol tug‘iladi, nima sababdan bunday holat yuzaga keladi, uni bartaraf etib bo‘lmasmikan? Buning sabablari ko‘p. Masalan yomg‘ir-qor suvlarini tortib ketishga mo‘ljallangan shaharning drenaj-lotok tizimi joriy holati tabiat injiqliklari oldida ojiz qolmoqda. Buning uchun Toshkent shahar hokimligi shahar aholisi va mehmonlaridan uzr so‘raydi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati

Foto: UZ24

Qayd etilishicha, Toshkent shahar va tuman hokimliklari rejasiga ko‘ra bunyod etiluvchi barcha obektlarda kommunikatsiyalar aniq o‘lchamlarda olinadi, binolarda barcha sharoitlar yetarli bo‘lishiga erishilishdan tashqari obodonlashtirish borasida ham zarur tadbirlar qilinadi. Ana shunda yomg‘ir suvlariga mo‘ljallangan quvurlar bo‘lishi va suv to‘planib qolishining oldini olish alohida inobatga olinadi.

Foto: Facebook / Drivers.uz
Foto: UZ24

Boshqa tashkilot va fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorliklarda esa aynan shahar rejasiga ko‘ra qurilgan yuzlab yomg‘ir suviga mo‘ljallangan quvurlar ko‘mib yuborilgani kuzatilgan. “Qosh qo‘yaman deb, ko‘zni chiqardi” degan maqolni aynan shunday holatga nisbatan ishlatsak o‘rinli bo‘ladi. Negaki, ular go‘yoki atrofni obod qilgan, lekin shu bilan shahar infratuzilmasiga sezilarli ziyon yetkazgan, deyiladi xabarda.

Foto: Facebook / Drivers.uz

Fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab taklif va mulohazalardan kelib chiqib, shahar drenaj-lotok tizimi obektlarining haqiqiy holatini o‘rganish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi qoshida maxsus ishchi guruh tuzilmoqda. Ishchi guruh tarkibiga tegishli tuman hokimligi, Obodonlashtirish boshqarmasi, “Suvsoz” korxonasi va tashabbuskor shaxslar ekspertlar sifatida jalb qilinib, yuqorida ko‘rsatilgan holatlarni kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi va bajarilishi ta’minlanadi. Takliflarni ishlab chiqishda dunyoning yirik megapolis shaharlarida qo‘llanilgan zamonaviy texnologik yechimlar o‘rganiladi va qo‘llanadi.

Mavzuga oid