«2030 yilga borib qayta tiklanuvchi elektr manbalari ulushi 25 foizga yetadi» - energetika vaziri
Energetika vaziri Alisher Sultonovga ko‘ra, 5 gigavatt quyosh energiyasi va 3 gigavatt shamol energiyasini o‘z ichiga olgan qo‘shimcha energiya quvvatlari yaratiladi.
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zbekiston ayni paytda past uglerodli energetikani, jumladan, quyosh, gidro va shamol energetikasini rivojlantirishga e'tibor qaratishni rejalashtirayotgani haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«2030 yilga borib elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz sarfini 16,5dan 12,1 milliard kub metrgacha kamaytirishni rejalashtirmoqdamiz. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi ekologik toza energiya manbalarini rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega davlat ekanini alohida ta'kidlaymiz. Hukumatimiz va Energetika vazirligi kam uglerodli energiya strategiyasini, iqlim o‘zgarishini va atmosferaga uglerod chiqindilarini kamaytirishni jiddiy o‘rganib qabul qilmoqda», — dedi Sultonov.
Vazirga ko‘ra, 10 yil ichida qo‘shimcha energiya quvvatlarini yaratish hisobiga umumiy ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi 25 foizga yetkaziladi.
«Xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda O‘zbekiston uchun elektr energiyasi ta'minotining o‘n yillik rejasini ishlab chiqdik. Ushbu rejani amalga oshirishimiz natijasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 2030 yilga borib elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkaziladi, ya'ni 5 gigavatt quyosh energiyasi va 3 gigavatt shamol energiyasini o‘z ichiga olgan qo‘shimcha energiya quvvatlarini yaratishga xizmat qiladi», — dedi O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov.
Shuningdek, energetika vaziri Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik ko‘magida Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish reja qilingani hamda uni qurish bo‘yicha tanlovga qatnashish istagi 70ta kompaniyadan kelib tushgani haqida ma'lumot berdi.
Avvalroq, Samarqand va Jizzaxda quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha «Masdar» bilan bitimlar imzolangani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
10:21 / 07.06.2024
FT Ukraina energetikasining yarmi yo‘q qilingani haqida xabar berdi
19:05 / 06.06.2024
Iste’molchilarga bazaviy me’yordan ortiq ishlatilgan gaz-svet haqida SMS yuborilmoqda. Bu qanday ishlaydi?
08:34 / 05.06.2024
O‘zbekistonning mahsulot taqsimotiga oid barcha bitimlari xatlovdan o‘tkaziladi
15:53 / 03.06.2024