Sport | 19:29 / 28.07.2021
38883
4 daqiqa o‘qiladi

Tokio kundaligi. O‘zbekiston yana bir medal oldi, ikki bokschi ishtirokini yakunladi

O‘zbekiston delegatsiyasi 1 oltin va 1 bronza bilan umumiy reytingda o‘ttiztalikda joylashgan.

28 iyul kuni Yozgi Olimpiadaning beshinchi kungi bahslarida 4 nafar o‘zbekistonlik sportchi 2 sport turi bo‘yicha ishtirok etdi.

Dzyudo
-70 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Gulnoza Matniyozova birinchi davrada chadlik Demos Memnelumga qarshi gilamga chiqib, ippon evaziga g‘alaba qozongandi.

Ammo ikkinchi davrada Gulnozaga amaldagi jahon chempionati sovrindori, ushbu vaznning birinchi saralangan vakili Sanne van Dayke raqiblik qildi. Bellashuv o‘zbekistonlik sportchining mag‘lubiyati bilan yakunlandi (Sanne van Dayke yakunda bronza medal oldi).

Endi Matniyozova aralash jamoaviy yo‘nalishda ishtirok etadi.

-90 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan dzyudochi Davlat Bobonov esa dastlab italiyalik Nikolas Mungay to‘sig‘idan o‘tdi. Ikkinchi davrada ukrainalik Kedjau Nabalini birinchi raunddayoq mag‘lubiyatga uchratdi.

Ammo chorakfinal u Yevropa chempioni, gruziyalik Lasha Bekauri bilan bahsda dzyudo qoidalariga zid harakati uchun (raqib hujumida bosh bilan noto‘g‘ri harakat) hakam tomonidan qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi va mag‘lubiyatga uchradi.

Shundan so‘ng Bobonov bronza medali uchun kurashadigan bo‘ldi. O‘tish bahslarida ikki karra jahon chempioni kelib chiqishiga ko‘ra gruzin bo‘lgan, Ispaniya nomidan qatnashgan Nikoloz Sherazadishvilini vazari bahosi bilan yengdi.

Hal qiluvchi bahsda esa turkiyalik Mixael Zgank ippon evaziga g‘alaba qozonib, O‘zbekiston delegatsiyasi uchun yana bir medal - bronza taqdim etdi.

Bobonov g‘alabadan keyingi ilk daqiqada / Foto muallifi Anvar Ilyosov

Go Sport ma'lumotiga ko‘ra, bu O‘zbekiston dzyudo jamoasining olimpiadalar tarixidagi 7-medali bo‘ldi. Bungacha terma jamoa vakillari 4ta olimpiadada jami 2ta kumush va 4ta bronza medallarni qo‘lga kiritgandi.

Boks
O‘zbekiston boks jamoasi uchun kun muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

Amaldagi jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilov Olimpiadani erta tark etdi. -57 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Mirazizbek Mirzaxalilov 1/8 finalda irlandiyalik Kyort Uokerga 1:4 hisobida yutqazdi.

Bu bahs natijasi ko‘pchilikda shubha uyg‘otdi, mutaxassislar o‘zbekistonlik sportchi kuchliroq bo‘lganini ta'kidlashdi. 

-81 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Dilshod Ro‘zmetov ham turnirni erta tark etadigan bo‘ldi.

1/16 finalda irlandiyalik Emmet Brennan ustidan oson g‘alabaga erishgan Ro‘zmetov asli kelib chiqishi kubalik bo‘lgan va hozirda Ozarboyjon bayrog‘i ostida ringga chiqayotgan Alfonso Dominges qarshisida ojiz qoldi - 1:4.

Bungacha Sanjar Tursunov (-91 kg)  ilk raqibga mag‘lub bo‘lib, turnirni 1/16 finaldayoq tark etgandi.

Tursunoy Rahimova (+51 kg), Elnur Abduraimov (-63 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg), Fanat Qahramonov (-75 kg) va Bobo-Usmon Boturov (-69 kg) kurashni davom ettirmoqda. O‘zbekiston boks termasi yetakchisi Bahodir Jalolov esa Olimpiadadagi ishtirokini 29 iyul kuni ozarboyjonlik Muhammad Abdullayevga qarshi jang bilan boshlaydi.

Mavzuga oid