O‘zbekiston | 16:49 / 07.10.2025
7514
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiy davlatlar abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma imzolaydi

O‘zbekiston turkiy davlatlar o‘rtasida “Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risida”gi shartnomani tezroq qabul qilishga chaqirmoqda. Shavkat Mirziyoyev Gabala sammitidagi nutqida Samarqand mezbonligida turkiy davlatlar tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining ilk qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni ham taklif qildi. O‘zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochiladi.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning Gabala shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida nutq so‘zladi.

Davlat rahbari o‘z nutqida qator tashabbuslarni ilgari surdi:

– mintaqaviy va global xavfsizlik masalalari bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazishni taklif etdi;

– Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani tez fursatda qabul qilishni qo‘llab-quvvatladi va Turkiy davlatlar tashkilotini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi;

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

– Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishni taklif etdi;

– Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansi, "Turkiy yashil yo‘laklar" tizimi va "Yashil transformatsiya" konsorsiumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;

– Organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqishni taklif qildi;

– O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lashni qo‘llab-quvvatladi, bojxona tartibotini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish muhimligini ta’kidladi;

Mezbon Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni sammit zalida kutib olmoqda. / Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev / Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

– Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish hamda xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etdi;

– Sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Turkiy dunyo xalqaro ko‘rgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi;

– Ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi va yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqishni taklif etdi;

– 2026 yilda "Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida" mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishini e’lon qildi.

Mavzuga oid