Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp doktrinasi: Rossiya bilan yarashamiz, Xitoy bilan tirashamiz!
Bir necha kun oldin AQSh prezidenti Tramp yangi tahrirdagi Milliy xavfsizlik strategiyasini imzoladi. Bu hujjat har 3-4 yilda bir marta AQSh ijro hokimiyati tomonidan tayyorlanadi, prezident tomonidan imzolanadi va Kongressga taqdim qilinadi. Bu – AQShning tashqi siyosati, ayniqsa xavfsizlik va barqarorlik borasidagi qarashlarini bildiradi.
Bu safargi strategiya AQShning shu paytgacha shakllangan qarashlarini keskin o‘zgartiradi. Ayniqsa, NATOga, Yevropa Ittifoqiga munosabat keskin o‘zgargan. Shu sabab, bu strategiya Yevropa Ittifoqidagi AQShning an’anaviy ittifoqchilarida, NATOga a’zo davlatlarida ancha noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Bu strategiyada Rossiya Federatsiyasi oldingilari kabi “dushman” yoki “raqib” davlat deyilmagan. NATOning kengayishiga, yangi a’zolar qo‘shilishiga ham salbiy munosabat bildirilgan. Rossiya–Ukraina urushini tezroq tugatish va Rossiya bilan munosabatlarni tiklash taklif qilingan.
Yevropa Ittifoqi davlatlari, NATOga a’zo davlatlar o‘zlarining xavfsizlik va barqarorlik mas’uliyatlarini o‘zlari olishlari kerakligi bildirilgan. Mana shu fonda, G‘arb davlatlari OAVlarida chiqayotgan insayder ma’lumotlar va ularning tahlillari shuni ko‘rsatadiki, AQSh o‘zining strategik nigohini boshqa tomon burmoqda. Bundan keyin AQSh ikki frontda urush olib borish niyatida emas. Chunki bunga AQShning resurslari yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sabab, rasmiy Vashington Rossiya–Ukraina urushini tezroq tugatish va boshqa mintaqaga to‘liq e’tiborini qaratish niyatida. Gap – Hind-Tinch okeani havzasi haqida ketmoqda. Oddiy qilib aytganda, AQSh bundan keyin global maydondagi o‘zining eng ustuvor vazifasi sifatida Xitoy Xalq Respublikasini tiyib turishni belgilab oldi.
AQSh NATOdan chiqib ketish niyatida emas, lekin NATO doirasidagi o‘zining ishtirokini pasaytirmoqchi. Bundan maqsad – bor resurslarini Hind-Tinch okeani havzasiga, aniqrog‘i XXRga qarshi yo‘naltirish, ya’ni “Xitoy taxdidi”ga qarshi qaratish.
Keyingi ikki o‘n yillikda AQSh siyosiy elitasi va prezidentlarining strategik nigohi Xitoy tomon kuchayib bormoqda. Sovuq urush tugab, SSSR qulagan 1990-yillarda Vashintondagi siyosiy mutafakkirlar Xitoyni asosiy tahdid sifatida ko‘rmas edi. U vaqtlar “Xitoy boy bo‘lgan sari, u liberal bo‘ladi, liberal bo‘lgan sari AQShga qulay va u tarafidagi davlatga aylanib boradi” degan qarash ustuvor edi. Biroq bugun Xitoyni asosiy raqib va tahdid deb bilish, Vashingtondagi ikki partiya uchun va barcha keyingi prezidentlar uchun – norma. Ayni paytda, Xitoyga qarshi tirashuvdagi usullar borasida, qarashlar farq qiladi.
G‘arb OAVlaridagi xabarlarga va tahlillarga ko‘ra, Vashington Yevropadagi o‘zlarining ittifoqchilarini xabardor qilib, 2027 yildan boshlab Yevropa/NATOga odatiy qurol-yaroq yetkazib beruvchilik rolidan voz kechmoqchi. Lekin yadroviy himoyachi rolini saqlab qolaveradi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Obama ham, Bayden va Trampning o‘zi ham “biz kelajakda qudratli davlat bo‘lib qolishimiz uchun, XXRni tiyib, uning o‘sishini nazorat qila olishimiz kerak” degan ma’nodagi pozitsiyada bo‘lishdi. Biroq, bu strategiyani amalga oshirishda, demokratlar AQShning ittifoqchilariga katta e’tibor bersa, Donald Tramp AQShning ittifoqchilarga bo‘lgan ehtiyojini u qadar urg‘ulamaydi.
Trampning hokimiyatga kelishi bilan “Kollektiv G‘arb” parchalandi. Bu parchalanish ikki misolda yaqqol ko‘rinadi: Rossiya Federatsiyasi va XXR. Yevropa Ittifoqchi uchun Rossiya – asosiy tahdid. Yevropa nigohida, Rossiyaga Ukraina yerlari berilishi, Ukrainaga bostirib kirganligi uchun yetarlicha jazolanmasligi – Moskvani ruhlantiradi, bosqinchilikni rag‘batlantiradi. Lekin Tramp Putin bilan tezroq kelishish niyatida. Trampning orzusi – kelajakda kutilayotgan AQSh–XXR strategik tirashuvida Rossiya yoki AQSh tarafida bo‘lsin, yoki hech bo‘lmasa betaraf qolsin, Xitoyga yordam bermasin. Biroq, Yevropa liderlari bu loyihaga ishonmaydi. Putinning asosiy maqsadi – G‘arbni, avvalo AQShni global hokimiyatdan yiqitish deb ishonadi. Rossiyaning Xitoy tarafida qolishiga ko‘proq ishonadi.
Qolaversa, Yevropa uchun XXR – ochiq-oydin tahdid emas. Bugun Yevropa Ittifoqi bilan XXR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi savdodan ko‘ra ortib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Tramp AQShning ustuvor vazifalarini qayta ko‘rib chiqmoqda, e’tiborni Yevropadan olib Xitoyga qaratmoqda. Kelajakda kutilayotgan AQSh-XXR tirashuviga tayyorlanmoqda.
Bu ziddiyatlar O‘zbekistonga, Markaziy Osiyo taqdiriga bevosita ta’sir qiladi. Biz Yevrosiyo qit’asining qoq markazida joylashganmiz. Dunyodagi eng katta real va potensial ziddiyatlar, urushlarning mutlaq aksariyati – Yevrosiyo qit’asida va uning atrofida. Dunyoda kuchlar nisbati o‘zgarib, yangi kuch sinashuvlar, tirashuvlar davri boshlanar ekan, MOning, turkiy dunyosining asosiy vazifasi – o‘zaro birlikda va hamjihatlikda yashovchanlikni va qudratni saqlash va oshirib borish vazifasi dolzarblashadi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
23:12
AQSh XJSdan Trampni ta’qib qilmaslikni talab qildi
22:40
AI olamida kurash: Tramp ma’muriyati nega Nvidia chiplarini Xitoyga sotishga ruxsat bermoqda?
22:29
AQSh Kiyevga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni va «Koreya ssenariysi»ni taklif qilmoqda
18:53