O‘zbekiston | 13:18 / 26.10.2022
17935
7 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev Nazarbekka bordi. Qurilish tezlashishi, “snos” uchun kompensatsiya berilishi kutilmoqda

Videodan kadr

Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasida boshlangan ko‘prik qurilishi to‘xtab qolgani, bu esa odamlarga qiyinchilik tug‘dirayotgani, qurilish mas’ullarning sansalorligi sababli cho‘zilayotgani haqida Kun.uz maqola e’lon qilgan edi. Shundan keyin Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hududga borib, holatni o‘rgandi.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati taqdim etgan videoga ko‘ra, Zoyir Mirzayev mas’ullarga: “Ishni boshlashdan oldin “snos” masalalari hisobga olinishi kerak emasmidi?” deya tanbeh berib, so‘ng qurilish buyurtmachisi – “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DUK bosh muhandisi Dilmurod Isayev va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarovga ishni tashlab qo‘yish kerak emasligini aytgan.

“Snos” bo‘yicha qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarim Shukurulla Mahmudovga kim qo‘ng‘iroq qildi? Buyurtmachi o‘rinbosarim bilan gaplashganmisiz? Kechirasizlar-u, ish bunday bo‘lmaydi.

Avtoyo‘l – kuchli tashkilot, lekin sizlar bunday qilmanglar. Yana aytaman, qoidasi bo‘yicha qurilishni boshlashdan oldin, shu hududga uning qanday joylashishini ko‘rish kerak. Biror maktab bo‘lsa ham, oldin men o‘zim borib, joylashadimi yoki yo‘q, shuni ko‘rib, keyin ruxsat beraman”, – dedi Zoyir Mirzayev.

Bundan ko‘rinadiki, ko‘prik qurilishiga mas’ul bo‘lganlar uylarning buzilishi bo‘yicha vaqtida viloyat hokimligiga xabar bermagan bo‘lishi mumkin, shu sababli ishlar cho‘zilib ketgan.

Shundan keyin Zoyir Mirzayev qurilish mas’ullariga 2 smenada ishlovchi xodimlar ro‘yxatini shakllantirish va texnikalarni jalb etish bo‘yicha topshiriq bergan.

Qayd etilishicha, buzilishga tushgan turar va noturar joylar va qurilish materiallari narxlanadi, Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida ekspertizadan o‘tkaziladi. Bu jarayonda mutasaddilarga deputatlar va mahalla vakillaridan iborat jamoatchilik kengashini tuzish vazifasi yuklatildi. Hokim shundan so‘nggina odamlarga kompensatsiya to‘lanishini aytdi.

“10 nafardan deputat va mahalla vakili har kuni bitta xonadonga kirishi kerak. Bizlar beradigan pul – davlatning, xalqning puli. Men hammaning og‘zidan chiqqan pulni bermayman hech qachon, bunga haqqim ham yo‘q, – degan hokim.

Ammo hududda yashovchi Roman Kim uyining buzilishidan noroziligini bildirgan. Kun.uz'ning avvalgi maqolasida bu fuqaro turar-joyini baholataverib, katta mablag‘ga tushib ketgani, kompensatsiya pulini hanuz olmagani bo‘yicha shikoyat qilgan edi. Zoir Mirzayev kelgan vaqtda ham unga kompensatsiya berilishi haqida emas, balki uyiga qo‘shimcha ravishda yana joy qo‘shib berishlarini aytishgan. Roman Kim esa bunga rozi emasligini bildirgan.

Kun.uz Roman Kim bilan bog‘lanib, bu masala nima bo‘lgani bilan qiziqdi. Uning ta’kidlashicha, Zoyir Mirzayev borgan kuni mutasaddilar Roman Kimning hovlisidagi devorini ag‘darishini, keyin esa kompensatsiya pullari ikki kunga qolmasdan qoplab berilishini ma’lum qilishgan.

Fuqaroning ma’lum qilishicha, viloyat hokimligidan uyni narxlovchilar kelib, 327 mlndan ortiq summaga baholashgan va hokimiyat shuncha summa to‘lanishini va’da qilgan. “Biroq kunlar o‘tyaptiki, pullar hali to‘langani yo‘q”, – deydi Roman Kim.

Roman Kimning hovlisi

Shu bilan birga, bu hududdagi 3 ta xonadon vakillariga ko‘chadan o‘tib-qaytishi uchun yo‘llar vaqtida ochib berilmagani ham bir muammo bo‘lib kelayotgan edi. Bunga bevosita Zangiota tumani hokimligi mas’ul bo‘lgan. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev o‘z tashrifida buning uchun Zangiota tumani hokimiga chora ko‘rilishini aytib, tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xayrulla Xo‘jamqulovga intervyu berishni topshirgan. Intervyuda Xo‘jamqulov bu ishlar vaqtida qilinmagani uchun lavozimidan bo‘shashini ma’lum qilgan.

Viloyat rahbari, shuningdek, mahalla yo‘llari chiqindilarga to‘lib ketgani uchun mahalla raislariga tanbeh bergan.

Muhokama qilingan masalalardan oxirgisi – temiryo‘ldan keyingi hududda joylashgan do‘konlarning buzilishi bo‘ldi. Kun.uz'ga berilgan suratlarga ko‘ra, hozirda do‘konlar buzilib, yer tekislab tashlangan. Mahalliy fuqarolarga ko‘ra, boshida texnikalar kun-u tun ishlab, turar va noturar joylarni buzayotgan edi, ammo hozirda texnikalar to‘xtab qolgan, qurilish joyida bir-ikki kishi yurganini hisobga olmasa, ishlar umuman to‘xtab qolgani aytilmoqda.

Zangiota tumani, Nazarbek shaharchasidagi ko‘prik qurilishi

 Temiryo‘ldan keyin joylashgan buzilgan do‘kon o‘rinlari

Aslida ancha vaqtdan beri ortga surilib kelayotgan ko‘prik qurilishi yana jonlangani yaxshi bo‘ldi, fuqarolar bundan mamnun bo‘lib, bu haqda Kun.uz tahririyatiga ham yozishdi. Lekin agar bu ishlar ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinayotgan bo‘lsa, odamlar ancha vaqtgacha qiynalishi mumkin.

Umid qilamizki, viloyat hokimining aralashuvi bilan davom etayotgan ishlar to‘xtab qolmaydi, va’da qilinganidek, 2023 yilgacha bitib, aholiga foydalanishga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil avgust oyida Shavkat Mirziyoyev videoselektorda Farg‘ona, Xorazm hamda Qashqadaryodagi “snos”lar bilan bog‘liq zo‘ravonliklarga munosabatini bildirgan edi. O‘shanda prezident uylarni buzishdan oldin, odamlarni rozi qilish haqida gapirgandi.

Yaqindagina qabul qilingan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun ham hech kimning turar joyi osonlikcha buzib tashlanmasligini anglatadi.

Mavzuga oid