Jamiyat | 11:40 / 27.05.2021
97380
10 daqiqa o‘qiladi

«Odamlar bizni tinglamay xulosa chiqaryapti» - oilali ayolni zo‘rlaganlikda ayblanayotgan besh erkak

Zo‘rlangani aytilayotgan ayol tomoni ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez chiqishlar qilib turibdi. Gumondorlar esa Kun.uz bilan suhbatda ayblovlarni rad etdi.

So‘nggi o‘n kun davomida ijtimoiy tarmoqlar Andijon tumanida 6 nafar erkak dala shiyponida besh oy avval turmushga chiqqan ayolning nomusiga tekkani haqidagi xabarlar bilan to‘lib-toshdi.

Ta'kidlash lozim, aksariyat intervyular jabrlangani aytilayotgan ayol va uning qarindoshlaridan olingan.

Kun.uz muxbiri Andijon tumani Qoraqalpoq qishlog‘iga borib, gumondor erkaklarning besh nafari bilan suhbatlashdi.

Mazkur voqeada gumonlanuvchi erkaklarning soni asli 7 nafar bo‘lib, ulardan ikki nafari – Abubakir Satimov va Omadbek Meliboyevlar ayni paytda transport vositasini mast holatda boshqargani uchun 15 sutkalik ma'muriy jazoni o‘tashmoqda.

Biz qolgan besh gumonlanuvchi bilan suhbatda bo‘ldik. Dastlab Muzaffar Soliyev vaziyat bo‘yicha izoh berdi.

«Atrofda kira qiladigan shofyorlar bilan 13 may kuni «gap»imiz bor edi. Yeb-ichib o‘tirib, cho‘milish maqsadida Qoradaryoga tushdik. Bizning aybimiz – o‘shalarning shiyponi oldidan o‘tib ketganimiz bo‘ldi. U yerga to‘xtaganimiz ham yo‘q. U qizni ko‘rganimiz ham yo‘q. Ularni taniganimiz ham yo‘q umuman. To‘g‘ri o‘tib ketib, ular aytayotgan joydan 1-1,5 kilometr uzoqlikda o‘tirganmiz.

Shu yerda o‘tirib, yeb-ichib, yana chiroyli bo‘lib qaytib o‘tib ketdik o‘sha joydan. U yerda birov bilan uchrashganimiz ham yo‘q. Buni o‘sha yerdagi qo‘y fermasi egasi Shurik aka tasdiqlaydi, guvohlik ham beradi. O‘sha yerda yonimizda o‘tirgan, cho‘milgani tushgan besh-oltita yigitlar ham bor edi.

Biz suv bo‘yida o‘tirdik. Ozginadan aroq ichdik. Bizni «zo‘rladi» deyapti. O‘ta katta ayblov bu. To‘g‘ri, aybimiz ichganimizda, lekin odam ichib olib ham u ishni qilmaydi-da. Aqlga sig‘maydigan ishlar bo‘lyapti bu yerda. Men xalqning oldida ham aytaman, Allohning oldida ham aytaman, yuzim yorug‘, Allohga shukr», – deydi u.

Yana bir gumonlanuvchi Asilbek Mirzaabdullayev umuman aybdor emasligi, o‘sha kuni sheriklari bilan «noto‘g‘ri vaqtda noto‘g‘ri joyda bo‘lib qolishgani»ni aytadi.

«Uchastkavoy kelinglar deb telefon qildi. Kecha dalaga dam olgani tushgan ekansizlar, shunaqa hodisa ro‘y beribdi, dedi. Odam shok holatga tushadi bunaqa paytda. Keyin o‘zimning fikrimni bildirdim. Bunday bo‘lishi mumkin emas, 7 kishimiz, ichimizdan birov hattoki yarim soatga, 20 minutga bizdan ajragani yo‘q, teng borib, teng qaytdik. Buni IIB xodimlariga ham aytdim.

Ular tuhmat qilyapti, ana shu tuhmatiga, bergan noto‘g‘ri ko‘rsatmasiga javob beradi. Tergov qilishdi. Tergov jarayonida bosim yoki aybdorlik hissini men sezganim yo‘q. O‘zimiz bilamizki, u ishni qilmaganmiz.

Menimcha, oz qoldi shekilli. Shu kunlarda aybdorlar tergov beryaptiyam, shu noto‘g‘ri tuhmat qilganlar. U ayolni ham, erini ham tanimayman. Qaynakasi, o‘sha bizni yoritib chiqayotgan Azizbek ismli qaynakasini, otasini, onasini taniyman. «Labo»da bir-ikki ishini qilib berganman.

Yo‘q, oilam menga ishonadi. Oila a'zolarim bilan muomalamiz yaxshi. Yaqinlarimiz avvaliga nima gap-so‘z deb so‘rashdi. Keyin ularning ikkinchi chiqqan intervyusidan so‘ng hammaning fikri o‘zgardi-da, chunki juda ko‘p noto‘g‘ri gaplar gapirilgan.

Ular birinchi chiqishida voqea soat uch yarim-to‘rtda sodir bo‘ldi degandi. Keyin soat ikkida deb ko‘rsatma berdi. Bir-biriga to‘g‘ri kelmadi. 5 oylik kelinchak «6 oylik homilam bor» dedi. Kimdir uni stress holatda deyishi mumkin, lekin stress ham ma'lum vaqt bo‘ladi, bir soatdir, ikki soatdir, bir kun. Stress holatda bo‘lsa, hushimdan ketib qoldim deb, turib, erining oldiga boribdi, gaplashibdi. Qaytib kelib, kechasi bo‘lgan voqeani aytibdi.

Keyin, adashmayotgan bo‘lsam, bular ertasiga ertalab soat 7da, tong saharlab ichki ishlar xodimiga bildirgi bergan. O‘zi bir kun oldin to‘rtda bo‘lyapti. To‘rtdan ertalabgacha bular nimani maslahat qilishgan? Qanaqadir plan qilganmikan bular o‘ylab turib? Boshqa odam bo‘lsa, o‘sha vaziyatni o‘zida uchastkovoyga yoki «102»ga xabar berishi kerak edi-da.

Ekspertiza xulosasini kutyapmiz. Toshkent ko‘ryapti deyishdi. Ular qayta-qayta vaj qilyapti, iddao qilyapti. Yo‘lning ro‘parasida yana bitta shiypon bor, Shukrullo ismli shaxsniki, o‘zining shaxsiy mulki. U kuni shu yerning egasi o‘zining oshna-og‘aynilari bilan ovqat qilib o‘tirgan bo‘lishgan. Bizni o‘sha yerdan o‘tdi deyapti. Ular ham ko‘rsatmasini berdi, bu yerda biz o‘tirganmiz, ko‘rmaganmiz bularni deb. Mening aybim shu. Shunga 100 foiz ishonaman.

Ular ham ko‘rsatma berishdi. O‘sha yerni aytyapti noqonuniy bu yer, fohishaxona dedi, qimorxona dedi. Har narsa deb ko‘ryapti. U yer – Shukrullo akaning otasi ermak uchun o‘rdak boqib yurgan joy. Bizni ayblayotgan tomon 30-40 sotixmi, 50-60 sotixmi yer ilinjida shu ishni qilgan degan bir faraz bor menda. Shaxsiy fikrim», – deydi Mirzaabdullayev.

Gumonlanayotgan yana bir fuqaro Baxtiyor Hamroqulov 55 yoshda. Qoraqalpoq mahallasida yashaydi. Uch farzandi, to‘rt nevarasi bor.

Baxtiyor Hamroqulov ham hech narsaga tushuna olmayotgani, cho‘milgani tushib mana shu g‘avg‘oga to‘g‘ri kelganini bot-bot ta'kidladi. Uning ukasi jabrlanuvchi deyilayotgan kelinning oilasi bilan quda ekan.

«Bir bloger yigit noto‘g‘ri gapirib yubordi. Men u qizni hatto tanimayman ham, ko‘rmaganman ham. Biz o‘sha yerdan o‘tib ketayotganimizda ham shiypon atrofida hech kim bo‘lmagan, qaytayotganimizda ham bo‘lmagan. Nimaga tuhmat qilayotganini biz ham bilmaymiz», – deydi B.Hamroqulov.

Gumonlanuvchi Hurshidbek Jumaboyev ham o‘sha kungi holatga izoh berdi.

«Men o‘zi boshqa mahalladanman. O‘sha kuni o‘sha shiypondan birinchi marta o‘tishim edi. Shofyor hamkasblar bilan «gap»imiz bor edi. Shu yerda choyxonada bo‘lganmiz «gap»da, u yerdan chiqib cho‘milgani daryoga tushganmiz. Shu, o‘tdim-qaytdim.

Ularning oilasini ham yaxshi tanimayman. Meni ham tanishmaydi ular. Qo‘shni mahalladan bo‘lganman men.

Guvohlarimiz bor. U yerda bir akamiz qo‘y boqayotgandi, Shuhrat aka degan. U ham tergovga keldi. O‘tirgan joyimizda 30-40 metr atrofida nariroqda boshqa bolalar ham o‘tirgandi. Shu Qoraqalpoqning bollari. Ular ham tergovga chiqib, bizning gaplarimizni tasdiqlab guvohlik berdi.

U shiyponga to‘xtaganimiz ham yo‘q, u ayolni ko‘rganimiz ham yo‘q. Nega unday qilishyapti, hayronman. Ularning oilasini yaxshi tanimasam, adovatim bo‘lmasa, meni tanishmasa.

Onam, otam siqilib, tuhmatga qolganim uchun kasal bo‘lib qoldi, uyimda ham halovatim yo‘q. Allohning yonida ham, bandalarining yonida ham yuzim yorug‘. Men bu narsani qilmaganman, bu narsani qiladigan bola ham emasman. Menda ham 4 farzand bor, singil bor, turmush o‘rtog‘im bor. Uyimda halovat yo‘q, kirsam, ayolim ham g‘alati muomalada bo‘ladi. Davlatimizga ishonaman, qonunimizga ishonaman», – deydi Jumaboyev.

Beshinchi gumonlanuvchi Bekzodbek Aslonovning gaplari ham yuqoridagi sheriklari bilan bir xil edi. U ayolning so‘zlarini eshitib hayron qolganini bildirdi.

«U ayol tergovda bizni tanimadi ham. «Ushlab turgan», deb ayblov qo‘yyapti. Bu g‘irt tuhmat, bunaqa bo‘lishi ham mumkin emas. Axir 7 kishi edik, 6 kishi ahmoq bo‘lsa, hech bo‘lmasa bir aqlli kishi chiqadi-da orasidan. «Ey to‘xta, nimaga bunday qilyapsan sen», deydi-ku?

Mahalla ahli bizga ishonyapti. Bizning toza ekanimizga shubha bildirayotgani yo‘q», – deydi u.

Guvohi bo‘lganimizdek, juda chigal voqea. Zo‘rlangan deya aytilayotgan ayol tomoni 7 nafar erkakni shafqatsizlik bilan nomusga tegishda ayblayotgan bo‘lsa, gumonlanuvchilar mazkur ishga umuman aloqador emasliklarini ta'kidlashmoqda.

Andijon tumani ichki ishlar xodimlari tergov ishlari ketayotgani va sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilayotgani sabab hozircha izoh bermasliklarini bildirishdi.

O‘ylaymizki, tez kunlarda hodisaga to‘liq oydinlik kiritiladi.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid