O‘zbekiston | 09:48 / 20.11.2025
4342
2 daqiqa o‘qiladi

Shahar bozorlarida avtoturargoh to‘lovi: ilk ikki soat narxi o‘zgarishsiz qoladi

"Munitsipal aktivlarni boshqarish" davlat unitar korxonasi shahar bozorlaridagi avtoturargohlarda turish vaqtiga qarab to‘lov tariflarini yangiladi. Ilk ikki soatlik to‘xtash uchun narxlar o‘zgarmasdan qoladi, uzoq vaqt turadiganlar uchun esa to‘lov oshiriladi.

Foto: Kun.uz

"Munitsipal aktivlarni boshqarish" davlat unitar korxonasi shahar bozorlarida joylashgan avtomashina to‘xtash maydonlarida transport vositalari real turish vaqti bo‘yicha tahlil o‘tkazdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, aksariyat xaridorlar zarur mahsulotlarni xarid qilish uchun ikki soatgacha bo‘lgan vaqt bilan cheklanadi. Shu sababli avtoturargohlarda ilk ikki soatlik to‘xtash narxi o‘zgarishsiz qoldirildi — bu oddiy tashrif buyuruvchilar uchun qulay va odatiy vaqt oralig‘i hisoblanadi.

Ikki soatdan ortiq turish holati, odatda, bozor xodimlari, savdogarlar va faoliyati bozor hududi yoki unga tutash hudud bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarga tegishli. Yangilangan tariflar, asosan, mana shu toifadagi foydalanuvchilarga ta’sir qiladi, oddiy xaridorlar uchun esa sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi.

Tariflarni o‘zgartirishdan ko‘zlangan maqsad — avtoturargohlar ishini tartibga solish, dam olish kunlaridagi ortiqcha yuklamani kamaytirish va barcha tashrif buyuruvchilar uchun bo‘sh to‘xtash joylarini ta’minlashdir. Uzoq vaqt turish uchun yuqoriroq to‘lov belgilanishi mashinalarni o‘z vaqtida joy bo‘shatishga rag‘batlantiradi, bu esa boshqa xaridorlarga ham tezroq to‘xtash joyi topish imkonini beradi hamda atrofdagi yo‘llarda transport harakatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ushbu qaror avtoturargohlardan foydalanish xavfsizligi va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Yangilangan tariflar to‘xtash joylarini tartibga solish va oqilona taqsimlash vositasi sifatida ko‘rilib, oddiy tashrif buyuruvchilar manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi ta’kidlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid