Ramazon hayiti kuni Toshkent shahrida ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
20 mart kuni poytaxtdagi 119 ta masjidda hayit namozi o‘qilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va tadbirlarni tartibli o‘tkazish maqsadida 20 mart kuni soat 00:00 dan 9:00 gacha ayrim ko‘chalarda avtotransport harakati cheklanadi.
Cheklovlar Mirzo Ulug‘bek, Bektemir, Olmazor, Shayxontohur, Chilonzor, Uchtepa, Yunusobod, Yakkasaroy, Sergeli, Yashnobod va Mirobod tumanlaridagi yirik masjidlar atrofidagi ko‘chalarda joriy etiladi. Xususan, Buyuk Ipak yo‘li, Bunyodkor, Kichik halqa aylanma yo‘li, Qorasaroy, Sebzor, Al-Xorazmiy, Lutfiy, Farg‘ona yo‘li va Toshkent halqa aylanma yo‘lining ayrim qismlarida vaqtinchalik cheklovlar amal qiladi.
Shuningdek, hayit kuni jamoat transporti harakati soat 4:00 dan boshlanadi.







