O‘zbekiston | 12:39 / 16.03.2021
21517
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘nalishli va xususiy taksilarda ham karantin qoidalari nazorati kuchaytiriladi

«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati rahbari Azimjon Mahamadjonov Kun.uz muxbiriga poytaxtda jamoat transportida kuchaytirilgan karantin qoidalari yuzasidan qo‘shimcha izoh berdi.

15 mart kuni jamoat transportlarida karantin choralari kuchaytirilishi haqida xabar e'lon qilindi. Mazkur xabarda jamoat transportining qaysi turlari nazarda tutilgan?

— Ushbu xabarda faqatgina avtobuslarda emas, balki metropoliten, mikroavtobus, yo‘nalishli hamda xususiy taksilarda ham karantin qoidalarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Ya'ni ushbu turdagi barcha transport vositalaridan foydalanadigan yo‘lovchilarimiz karantin qoidalariga qat'iy rioya qilishlari va tibbiy niqobsiz harakatlanmasliklari kerak bo‘ladi.

Bu qanday tartibda joriy etiladi yoki qay tarzda nazorat qilinadi?

— «Toshshahartransxizmat» AJ hamda Toshkent shahar transport boshqarmasi tomonidan birinchi navbatda barcha mavjud dezinfeksion vositalar qaytadan ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda qo‘shimcha vositalar jalb etiladi. Har bir jamoat transporti yo‘nalishga chiqishdan avval va har bir reysni tugatgandan so‘ng avtoshohbekatlarda dezinfeksiya qilinadi.

Shuningdek, saroydan chiqishidan avval hamda har bir yo‘nalishdan so‘ng har bir haydovchining tana harorati muntazam o‘lchab boriladi. Bundan tashqari, har bir haydovchiga avtobus saroyi tomonidan maxsus tibbiy niqob va qo‘lqoplar beriladi. Haydovchilarning ulardan foydalanish holati qat'iy nazoratga olinadi. Metropolitendan foydalanadigan yo‘lovchilar tibbiy niqobsiz kiritilmasligi ham doimiy tushuntirib boriladi.

Bu kabi choralar ko‘rilishiga aslida sabab nima? Yoki yana qat'iy karantin holati qaytishi ko‘zda tutilmoqdami?

— Yo‘q, aslida bu kabi tadbirlar yurtimizga pandemiya kirib kelganidan buyon muntazam tashkil etib kelingan, ammo so‘nggi kunda mavsumiy infeksiyalar ko‘paygani va Covid-19’ning yangi shtammlari tarqalishining oldini olish maqsadida bu choralarni yanada kuchaytirish lozim deb topildi.

Yurtdoshlarimiz jamoat transportidan foydalangan vaqtlari yana qanday choralar ko‘rishi tavsiya etiladi?

— Avvalambor, barcha yo‘lovchilardan kontaksiz to‘lov vositalaridan foydalanishni so‘rab qolamiz, shuningdek, jamoat transportida harakatlanayotgan vaqtlari karantin qoidalariga to‘liq rioya etishlari, masofani saqlagan holda turishlari tavsiya etiladi. Jamoat transportida tibbiy niqobsiz harakatlanmaslik talab etiladi. Zero, biz o‘zgalarning ham salomatligini unutmasligimiz kerak.

Mavzuga oid