Jahon | 18:37 / 29.05.2026
5071
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya droni Ruminiyadagi uyga kelib urildi

NATO «ittifoqchilar hududining har bir dyuymini himoya qilish»ga va’da bermoqda. Yevropa Ittifoqi sanksiyalar tayyorlamoqda.

Daniel Mihailescu / AFP / Scanpix / LETA

29 mayga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina hududiga uchirgan dronlardan biri NATOga a’zo bo‘lgan Ruminiya havo hududiga kirib keldi. Dron mamlakat janubi-sharqidagi Galats shahridagi 10 qavatli turar joy binosi tomiga qulagan va portlagan. Ikki kishi jarohatlangan. Uyda yashovchi 70 ga yaqin kishi evakuatsiya qilingan.

Ruminiya mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, uyga tushgan uchuvchisiz apparat «Geran-2» (Eron yetkazib bergan «Shahid»ning ruscha modifikatsiyasi) ekani aniqlangan. Ruminiya prokuraturasi mulkni yo‘q qilish va qotillikka urinish moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

Galatsdagi 10 qavatli uy tomida dron qulashidan keyin chiqqan yong‘in
Romanian Department for Emergency Situations

Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi voqeani Rossiya tomonidan «jiddiy va mas’uliyatsiz eskalatsiya» deb atadi va Rossiya elchisini chaqirtirdi. «Bunday voqealar Rossiya Federatsiyasining xalqaro huquq normalarini hurmat qilmasligini ko‘rsatadi va nafaqat Ruminiya fuqarolarining xavfsizligini, balki NATOning kollektiv xavfsizligini ham xavf ostiga qo‘yadi», – deya TIV bayonotidan iqtibos keltiradi Ruminiyaning Digi24 nashri. Tashqi ishlar vazirligi NATOdan mamlakatga dronlarga qarshi kurash vositalarni yetkazib berishni tezlashtirishni so‘rashini ham qo‘shimcha qilgan.

Rumin harbiylari mamlakat havo hududiga kirgan dron kuzatib borilgani va harbiy aviatsiyani havoga ko‘tarilganini ma’lum qildi. Biroq dron urib tushirilmagan. Mudofaa vazirligi brifingda buni harbiylar boshqa davlatning havo hududiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tarzda o‘t ochishi mumkin emasligi bilan izohlagan. Bundan tashqari, brigada generali George Maksimning tushuntirishicha, «harbiylar ixtiyorida bo‘lgan to‘rt daqiqa juda kamlik qilardi».

Ruminiya prezidenti Nikushor Dan dron qulashini «Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi boshlanganidan beri mamlakat hududiga ta’sir qilgan eng jiddiy hodisa» deb atadi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, katta urush boshlanganidan beri Ukrainaga hujum qilayotgan Rossiya dronlari Ruminiya havo hududiga kamida 28 marta uchib kirgan. Shunday dronlardan biri 25 aprel kuni Galats shahri hududiga qulagan, biroq o‘shanda odamlar jabrlanmagandi.

«Biz Rossiya Federatsiyasiga nisbatan mutanosib choralar ko‘ramiz», – deydi Dan. Keyinroq u Ruminiya Rossiyaning Konstansadagi bosh konsulxonasini yopib, bosh konsulni chiqarib yuborayotganini ma’lum qildi.

Galatsdagi ko‘p qavatli uyga dron zarbasi oqibatlari
Daniel Mihailescu / AFP / Scanpix / LETA

Ruminiya prezidenti NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan voqeani muhokama qildi. Alyans rahbari NATO «ittifoqchilar hududining har bir dyuymini himoya qilishga tayyor» ekanini aytdi. «Rossiyaning aqlsiz xatti-harakatlari barchamiz uchun xavf tug‘dirmoqda», – deya qayd etgan Ryutte.

NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlari ham Rossiya tomonidan Yevropa xavfsizligiga tahdid solinayotganini ta’kidlab, Ruminiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso esa «Yevropa Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi muloqotni zudlik bilan boshlash»ga chaqirdi.

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Rossiya o‘zining tajovuzkor urushida «navbatdagi chegaradan o‘tgani»ni aytdi va 21-sanksiyalar paketi tayyorlanayotganini eslatdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevrokomissiya raisining X ijtimoiy tarmog‘idagi postiga munosabat bildirdi. «Biz ushbu vaziyatda Ruminiyani har qanday yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», – degan u. Ukraina prezidenti Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari «haqiqatan ham qattiq bo‘lishi va Rossiyani uning zarbalari Rossiyaning o‘zi uchun katta yo‘qotishlarga olib kelishini anglashga majbur qilishi»ga ishonch bildirgan.

Rossiya tomonidan hozircha holat yuzasidan batafsil izoh berilmadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning savoliga javoban, Putin voqeadan xabardor qilinganini aytish bilan cheklandi. Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev esa «Ruminiyadagi uyga kimning droni qulaganini aniqlash kerakligi»ni aytdi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga «chakagini yopish»ni maslahat berdi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid