Jamiyat | 17:34 / 04.04.2017
13399
5 daqiqa o‘qiladi

Maqsad aniq bo‘lsagina, ertangi kunga intilamiz

“Nima xohlayotganini bilmaydigan inson topgan narsasini qadriga yetmaydi”. Dono so‘zlar, shunday emasmi? Darhaqiqat, inson erishgan yutuqlariga quvonishi, Yaratganga shukronalar aytishi uchun avvalambor unda maqsad bo‘lishi kerak. Ana o‘sha maqsadi amalga oshsagina, hayotning naqadar yoqimli lahzalarga boy ekanligini anglab boraveradi. Aslida nima xohlayotganini to‘laligicha aniqlab olish murakkab. Ba'zida nimalarnidir niyat qilib, shunga intilamiz-da, xohish-istaklarimiz ro‘yobga chiqqanidan so‘ng haqiqiy maqsadimiz bu emasligini anglab qolamiz. Ana shunday vaziyatlar insonga maqsadni to‘g‘ri qo‘yish kerakligini, xohish-istak - boshqa, haqiqiy maqsad - boshqa ekanligini o‘rgatadi.

Kichkintoylardan “Katta bo‘lganda kim bo‘lishni xohlaysan?” deb so‘rasangiz, bir "uchuvchi" deyishsa, ertasi kuni "harbiy bo‘laman" degan javobni eshitasiz. Zero ularning hayot haqidagi tasavvurlari endigina rivojlanib kelayotgan, kasb-hunar haqidagi tushunchalari kundan-kunga o‘zgarib, sayqallanib borayotgan davr bo‘ladi. Ular bugun televizordagi qo‘shiqchiga havas qilib san'atkor bo‘lishni xohlashsa, ertaga o‘qituvchilariga mehr qo‘yib, murabbiy bo‘lishni istab qolishadi. Bu kabi holatlar bolaning  dunyoqarashi o‘sishi va bora-bora aniq bir kasbni tanlab, mutaxassis bo‘lishga harakat qilishi uchun zamin yaratadi. 

Bugungi kunda uchrab turadigan yana bir holat borki, biz unga nisbatan “Ha, bu ham normal holat, hali bir kun kelib o‘z maqsadini aniqlab oladi-da” deb ayta olmaymiz, ya'ni maktab bitiruvchilari u yoqda tursin, kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyni tamomlash arafasida turgan yigit-qizlarning aksariyati ham negadir “kim bo‘lishni xohlaysan?” degan savolga aniq javob bera olmay, qiynalib qolishmoqda. Axir ularning o‘zlari biror kasbni tanlab, shu soha professionali bo‘lishga harakat qilishmasa, ularni majburan malakali shifokor yoki o‘qituvchi qilib bo‘lmaydi-ku! 

Aynan shu masala yuzasidan bir voqeani bayon etsak: “Sojida yoshligidan ilm olishga mehr qo‘ygan, tirishqoq o‘quvchi bo‘lib kelgan. Barcha fanlardan a'lo baholar olib, sinfning uddabujamiyatron o‘quvchilaridan biri deya e'tirof etiladigan Sojida bitiruvchi sinf bo‘lsa hamki, nima uchundir aniq bir sohani tanlay olmay qiynalib qoldi. Ota-onasi “O‘z ko‘nglingga qara, qaysi sohada kelajagingni tasavvur qilsang, ana shuni tanla” deb maslahat berishiga qaramasdan, qizcha shifokorlik yoki huquqshunoslik kasblaridan birini tanlay olmay ikkilanmoqda. Maktabni bitirgach, "Bir qarorga keldim" deya huquqshunoslik sohasiga oid kollejga kirdi, ammo bu soha ham unda qiziqish uyg‘ota olmayotganidan noligani-noligan. Ota-ona ham hayron - negaki, farzandining oliy ta'lim sohasiga qadam qo‘yadigan vaqti ham tobora yaqinlashib kelayotgan, Sojida esa hali ham qaysi kasbni tanlashni bilmay, boshi qotgan”. 

Bugungi kunda ko‘p uchraydigan voqealardan biri, shunday emasmi? Masalaning bir necha jihati borki, ularni birma-bir tahlil etib ko‘rmoq lozim. Birinchidan, Sojida yoshligidan ilmga mehr qo‘ygani e'tirof etilganiga qaramasdan, u fanlarni o‘zlashtirishga dangasalik qilayotgani uchun ham, aynan qaysi sohani tanlashni bilmay ikkilanayotgan bo‘lishi mumkin. Yoki har kimdan har xil maslahat eshitaverganidan so‘ng yanada mushkul tanlovga tushib qolgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Bunday vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l - bolani o‘zi qiziqish bildirgan kasb mutaxassislari bilan suhbatlashtirish, ularning fikr almashishi va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata bilishidir.

Hayotda qanday insonlar ko‘p qiynalishadi, bilasizmi? O‘zi uchun aniq bir maqsadni belgilab olmagan, qalbi nima xohlashini tushunmaydigan, faqatgina bugunini o‘ylab yashaydigan va ertangi kunini tasavvur qila olmaydiganlar, foydali, kerakli ish qilishni xohlaydi-yu, ammo nimadan boshlashni bilmaydiganlar qiynalishadi, azob chekishadi. Negaki, maqsad aniq bo‘lsagina ertangi kunga intilamiz, umid qilamiz, harakatda davom etamiz.

Insoniyatga beriladigan bir marotabalik hayotni qanday o‘tkazish ko‘p jihatlardan u tanlagan yo‘lga, ya'ni kasb yo hunariga borib taqaladi. Shunday ekan, har bir ota-ona, farzand va umuman, jamiyatdan bu masalaga jiddiy yondashish talab etiladi. 


O‘zDJTU talabasi Komila Egamberdiyeva

Mavzuga oid