O‘zbekiston | 15:31 / 29.11.2017
8189
8 daqiqa o‘qiladi

Ilmiy dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish va u bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar qanday to‘lanadi?

Foto: GoFundMe

Vazirlar Mahkamasining 22.11.2017 yildagi 937-son “Oliy malakali ilmiy va     ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

U bilan ikkita nizom tasdiqlandi:

•  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
•  Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish xarajatlarini kim to‘laydi

OAK ekspert kengashlari a'zolarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatiga haq to‘lash soatbay shartlarda OAK tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:

•  ekspert kengashi raisi va ilmiy kotibiga - ekspert kengashining har bir o‘tkazilgan majlisi uchun, amalda uni o‘tkazish uchun sarflangan vaqtdan kelib chiqqan holda, biroq har bir majlis uchun 5 soatdan ko‘p emas;
•  ekspertlarga - fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan o‘tkazish uchun 8 soat hamda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan o‘tkazish uchun 5 soat hisobidan.
 
Ilmiy daraja olish yuzasidan bir dissertatsiya ekspertizasi ekspert kengashi raisi tayinlaydigan bir ekspert tomonidan o‘tkaziladi. Ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha bahsli vaziyatlar vujudga kelganda, ekspert kengashi raisi OAK raisi bilan kelishilgan holda uning mehnatiga o‘xshash shartlarda haq to‘lash bilan mazkur dissertatsiyani boshqa ekspert tomonidan takroran ekspertizadan o‘tkazishni tayinlashi mumkin.
 
Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan o‘tkazish uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdori rahbar kadrlar va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha ta'lim muassasalari (kurslari) tinglovchilariga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadigan shaxslar uchun to‘lanadigan soatbay ish haqi miqdori kabidir.
 
Ilmiy darajalar olish yuzasidan chet davlatda bajarilgan dissertatsiyalarning OAK ekspert kengashi tomonidan amalga oshirilgan ekspertizasi uchun to‘lov chet el fuqarolarining o‘zi tomonidan amalga oshiriladi. To‘lov miqdorlari OAK tomonidan amaldagi sarf-xarajatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bu holatda OAK ekspert kengashi raisi, ilmiy kotibi va ekspertlari mehnatiga haq to‘lash kirim qilingan to‘lov hisobidan amalga oshiriladi.
 
OAKda ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarda plagiatni aniqlash yuzasidan elektron ekspertiza o‘tkazish va «OAK Byulleteni» jurnalida dissertatsiyalar mavzularini e'lon qilish uchun sarf-xarajatlarni to‘lash, agar dissertatsiya himoya uchun talabgor oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim institutida o‘qish davrida qabul qilingan taqdirda talabgor mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoki dissertatsiya bajarilgan tashkilot va muassasalarning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Agar dissertatsiya ilmiy kengash tomonidan shu muddat tugagandan keyin qabul qilingan taqdirda sarf-xarajatlar o‘z mablag‘lari, shuningdek, taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanadi.
 
Qo‘shimcha sarf-xarajatlar qanday to‘lanadi?

Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar quyidagilardan iborat bo‘ladi:

•  ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarga opponentlik uchun;
•  ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar avtoreferatlarini chop etish va yuborish uchun;
•  boshqa shaharlik opponentlarning yo‘lkira, yashash xarajatlari va sutkalik pullarini to‘lash uchun sarf-xarajatlarni qoplash uchun;
•  ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar himoyasini stenografiya qilish uchun.

Ular ham ilmiy kengash tomonidan dissertatsiyalarni qabul qilish sanasiga bog‘liq holda to‘lanadi:

•  talabgor mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoki dissertatsiya bajarilgan tashkilot va muassasalarning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, - talabgor oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim institutida o‘qish davrida qabul qilingan taqdirda;
•  talabgorning o‘z mablag‘lari, shuningdek, taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, - o‘qish muddati tugaganidan so‘ng qabul qilingan taqdirda.

Dissertatsiyalarga opponentlik qilish uchun opponentlarning mehnatiga haq to‘lash soatbay asosda quyidagi hisobda amalga oshiriladi:

•  har bir opponent uchun 8 soatdan - fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish yuzasidan bir dissertatsiyaga opponentlik qilish uchun;
•  har bir opponent uchun 6 soatdan - falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yuzasidan bir dissertatsiyaga opponentlik qilish uchun.

Opponentlarning mehnatiga soatbay haq to‘lash miqdori, rahbar kadrlar va mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha ta'lim muassasalari (kurslari) tinglovchilariga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadigan shaxslar uchun to‘lanishi nazarda tutilgan soatbay ish haqi miqdoriga tenglashtiriladi. Ularning ishiga haq to‘lash huzurida tegishli ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasa tomonidan, tuzilgan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar avtoreferatlarini chop etish va yuborish uchun sarf-xarajatlarni to‘lash, mablag‘larni belgilangan tartibda bevosita tegishli nashriyot muassasalari va pochta xizmati bo‘linmalariga o‘tkazish (kirim qilish) orqali amalga oshiriladi.

Dissertatsiyalar bo‘yicha boshqa shaharlik  opponentlarga, huzurida tegishli ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasa tomonidan quyidagi xarajatlar qoplanadi:

•  dissertatsiya himoyasini o‘tkazish joyiga bir martalik kelib-ketish;
•  yashash joyi ijarasi va  sutkalik pullar - 3 kun muddatgacha.

Bunda ularning asosiy ish joyidan xizmat safari xarajatlari qoplanmasdan xizmat safari guvohnomasi beriladi hamda o‘rtacha ish haqi (3 kun muddatgacha) saqlanadi.

Nostrifikatsiyalash uchun – 1 EKIH

Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida nizomga qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, chet mamlakatlarda berilgan ilmiy darajalar to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va ekvivalentligini qayd etish uchun EKIHning 1 baravari miqdorida to‘lov joriy qilinmoqda.
 
Shuningdek Oliy attestatsiya komissiyasiga ilmiy daraja to‘g‘risidagi diplomni nostrifikatsiyalash uchun taqdim etiladigan attestatsiya ishi hujjatlari ro‘yxatiga ham tuzatish kiritildi. Undan quyidagi hujjatlar chiqarib tashlandi (endi talab etilmaydi):

•  talabgorning imzosi bilan va ish joyi bo‘yicha tasdiqlangan ilmiy ishlar ro‘yxati;
•  talabgorning ilmiy jurnallarda nashr etilgan maqolalari nusxalari;
•  qabul qilishni ro‘yxatga olish va hisobdan chiqarish kartochkasi.

Hujjatlar paketiga qo‘shimcha ravishda endi  chet davlatlarda olingan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarni berish to‘g‘risidagi hujjatning notarial tasdiqlangan o‘zbek tilidagi tarjimasini ilova qilish lozim.

Hujjat 25.11.2017 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid