O‘zbekiston | 17:42 / 15.04.2023
34894
7 daqiqa o‘qiladi

Maktab bahosi o‘qishga kirishda hisobga olinadi. Bu tizim qanday ishlaydi?

Shu yilgi qabuldan boshlab maktab va o‘rta maxsus muassasalar bitiruvchilarining oxirgi 6 yillik baholari kirish imtihonlarida hisobga olina boshlaydi. “5” ga o‘qigan o‘quvchiga kirish imtihonida to‘plagan balliga 5 ball, “3” ga o‘qigan bitiruvchiga esa 3 ball qo‘shiladi. Lekin oldingi yillarda maktabni bitirib ketganlarga-chi? Ularga ham ball qo‘shiladimi?

Joriy yilgi qabuldan boshlab maktab bitiruvchilarining oxirgi 6 yillikdagi baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi kirish imtihonlarida to‘plagan balliga qo‘shiladi. Ya’ni bitiruvchining maktabdagi bahosi unga o‘qishga kirishda yordam beradi.

Tartib qanaqa?

Tegishli nizomga ko‘ra, bitiruvchilar bahosining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblashda 6 — 11-sinflardagi yillik baholarning umumiy yig‘indisi har bir sinfdagi o‘qitilgan fanlar sonining umumiy yig‘indisiga nisbati olinadi.

Ya’ni a’lochi bitiruvchi 86 foizdan yuqori to‘plagan bo‘lsa, unga kirish imtihonlarida 5 ball, qoniqarsiz baholarga o‘qigan abituriyentga esa 3 ball qo‘shiladi. Ularning ballari o‘rtasidagi farq katta emas.

Har yili 15 iyungacha tarkibida ta’lim muassasalari bor vazirlik va tashkilotlar bitiruvchilarining 6 yillik baholarini tayyorlab, uni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga kiritib borishadi. Platformaga kiritib bo‘lingan baholar qat’iy va ularni o‘zgartirib bo‘lmaydi. 

Maktab va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari (kollej, litsey) 15 iyungacha o‘z bitiruvchilarining baholarini hisoblab, uni elektron platformaga kiritishadi. Tegishli nizomda baholar qanday hisoblanishi formulalari ham mavjud.

Kiritilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun taalluqliligi bo‘yicha ta’limni boshqaruvchi hududiy boshqarma boshliqlari shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Abituriyent majburiyati

Abituriyent OTMga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tayotgan payti shaxsiy ma’lumotlarini kiritganda uning diplomi yoki shahodatnomasidagi o‘rtacha baholar ko‘rsatkichi paydo bo‘ladi.

Abituriyent bu bahoni o‘zining qo‘lidagi diplom yoki shahodatnomadagi baho bilan solishtirib, hammasi to‘g‘ri bo‘lsa, tasdiqlash tugmasini bosadi. To tasdiq tugmasi bosilmaguncha unga imtihonda qatnashish uchun ruxsatnoma berilmaydi.

Bahoda xatolik bo‘lsa-chi?

Agar abituriyentning hujjat topshirayotganda platformada tasdiqlashi kerak bo‘lgan o‘rtacha bahosi bilan diplom yo shahodatnomasidagi baho farq qilsa, u o‘ziga tegishli hududiy boshqarmaga (masalan, maktabda o‘qisa, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligining hududiy boshqarmasiga, o‘rta maxsus ta’lim tashkilotida bo‘lsa, ayni shunga aloqador boshqarmaga) murojaat qiladi. Hududiy boshqarmalar bahoni to‘g‘rilaydi va abituriyent uni tasdiqlaydi. Abituriyent tasdiqlagach, uning o‘zi bahosi uchun javobgar bo‘ladi.

Agar hujjat topshirgan abituriyentning bahosi elektron platformaga kiritilmagan bo‘lsa, Bilim va malakalarni baholash agentligi (Nizomda DTM deyilgan, biroq hozir tashkilot negizida Bilim va malakalarni baholash agentligi tuzilgan) abituriyentning bahosini kiritib berishni so‘rab tegishli tashkilotga so‘rov yuboradi va baho kiritiladi.

Agar abituriyent o‘qigan ta’lim muassasasi tugatilgan yo qayta tashkil etilgan bo‘lsa, unda bitiruvchilarning baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi (zarur bo‘lsa, arxivdan olinib) tegishli hududiy boshqarma tomonidan hujjatning asli asosida Bilim va malakalarni baholash agentligi platformasiga kiritiladi.

Savolli jihatlar

Maktab baholarini OTMga kirishda hisoblash o‘quvchilarning umumta’lim fanlarini yaxshi o‘zlashtirishiga rag‘bat bo‘lishi mumkin, lekin bu OTMga hujjat topshirish va ballar hisoblanishida muammolar keltirib chiqarmasligi uchun qanchalik aniqlikda ishlanyapti degan savolni berishga haqlimiz.

OTMga hujjat topshiradigan abituriyentlar kontingenti kichik emas. O‘tgan yilgi qabulda 1,2 mln abituriyent OTMga hujjat topshirgan. Ularning 395 023 nafari bitiruvchilar, qolgan 819 209 nafari esa oldingi yillardagi bitiruvchilar edi.

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil maktablarni 390 mingdan ortiq bitiruvchi tugatadi. Vazirlik ularning ma’lumotlarini qilib bersa, yana taxminan 10 ming yoki undan ko‘proq bitiruvchi o‘rta maxsus, xususiy yoki boshqa tashkilotlar bo‘ysunuvidagi maktablarni tugatsa ham, yana 800 ming atrofida abituriyent oldingi yillar o‘qishni tugatgan yoshlar ham OTMga hujjat topshirishi mumkin.

Bilim va malakalarni baholash agentligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bitiruvchilarning baholarini o‘qishga kirishda hisobga olish mavzusida tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlanyapti. Baholarni kechiktirmasdan elektron platformaga kiritish zarurligi haqida tashkilotlar bilan kelishib olingan.

Biroq shunda ham savollar bor.

Birinchidan, bundan oldingi yillarda maktab, o‘rta maxsus muassasalarni tugatgan abituriyentlarga ham ball qo‘shib beriladimi? Ularning o‘rtacha baho ko‘rsatkichini elektron platformaga kiritishga qaysi tashkilot mas’ul bo‘ladi? Nizomda nimaga bu haqda aniq aytilmagan? Ular unutib qoldirilmaganmi?

Bilim va malakalarni baholash agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, hozir ayni shu masala ustida ish olib borilyapti, bu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ikkinchidan, maktab bahosining hisoblanishi baho uchun o‘qiydigan o‘quvchilar ko‘payishiga sabab bo‘lishi, turli yo‘llar bilan baho olishga urinuvchi o‘quvchilar ko‘payishi ehtimoli hisobga olinganmi?

Bulardan tashqari, nizomga ko‘ra, agar abituriyent elektron platformaga kiritilgan bahosi bilan shahodatnoma yoki diplomidagi bahoning ikki xilligini sezsa, hududiy ta’lim boshqarmasiga borib bahosini to‘g‘rilatishi kerakligi aytilgan. Chekka qishloqlarda, tuman markazidan uzoq hududlarda yashaydigan o‘quvchilar shunday vaziyatga tushsa, ovora bo‘lib boshqarmani izlab borishlariga to‘g‘ri keladimi?

Qolaversa, yangi tartib haqida bitiruvchilarga ham hozirdan ma’lumot berib borish, agar ularda muammoli vaziyat bo‘lib qolsa, uni qanday hal qilish haqida ham tushuncha berib borilishi kerak nazarimizda. OTMlarga qabul boshlanishiga atigi 2 oy qoldi xolos.

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid