Jahon | 19:45 / 09.10.2021
12971
10 daqiqa o‘qiladi

Shiyponlarda noutbuk va qahva mashinalari: fransuz yoshlari qishloq xo‘jaligiga qanday jalb etiladi?

Fransiyada fermerlik qiluvchilarning aksariyati – katta yoshdagi aholi qatlami. Yoshlar esa dam olish kunlarisiz ishlashga to‘g‘ri keladigan bu sohada faoliyat yuritishni istamaydi.

Neofarm fermasi muhandis-robototexnigi Antuan Mashe / Foto: NYT

Shunday bo‘lsa-da, xususiy tadbirkorlar fermerlik daromadli biznes ekanini yoshlarga ko‘rsatishni istaydilar. Bu haqda The New York Times maqolasida so‘z boradi, deya yozmoqda vc.ru.

Yevropa Ittifoqida yetishtiriladigan jami qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 20 foizi Fransiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Biroq mahalliy fermerlarning yarmi 50 yoshdan katta. Yaqin o‘n yilda ularning ko‘pchiligi nafaqaga chiqadi va 160 mingga yaqin fermer xo‘jaliklari taqdiri noaniqlikka yuz tutadi.

Fransuz yoshlarining 18 foizidan ortig‘i ishsiz. Biroq ular qishloq xo‘jaligi sohasidagi 70 ming bo‘sh ish o‘rinlarini band etishga shoshilishmayapti. Chunki ularning ko‘pchiligi bu faoliyatni og‘ir mehnat deb hisoblaydi.

Fransiya qishloq xo‘jaligi sektoriga har yili 10,4 mlrd dollar miqdorida subsidiya ajratilsa ham, mahalliy fermerlarning deyarli 25 foizi kambag‘allik chegarasida yashaydi.

Ishchilar barqaror bo‘lmagan daromad, qarz, oldindan aytib bo‘lmas shart-sharoitlar, yolg‘izlik va og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishdan charchaydilar. 2007 yildan 2011 yilgacha Fransiyada fermerlar orasida 985ta o‘z joniga qasd qilish holati qayd etilgan. Hozir ham bu “epidemiya”ni barham topdi deb bo‘lmaydi.

AQShda agrosektor raqamli inqilobni boshdan kechiryapti va ko‘p joylarda yuqori texnologik gidropon fermalar ochilmoqda. Fransiya esa bu borada ortda qolyapti. Mamlakatda ushbu soha hukumat tomonidan qat'iy nazorat qilinayotgani, subsidiyalar esa fermer xo‘jaliklari unumdorligini oshirishga emas, balki ularning mahsulot yetishtirish miqyosini oshirishga qaratilayotgani kabi omillar ham bunga qisman sabab bo‘lmoqda.

Yoshlar qishloq xo‘jaligiga qanday jalb etilyapti?

Kadrlar inqirozining oldini olish uchun mahalliy tadbirkorlar ta'lim va ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirishyapti. Ulardan biri – Hectar loyihasi. U Parijdan uzoq bo‘lmagan yerda 607 gektar maydonga ega startap-kampusdir. Bu yerda quyidagi ishlar amalga oshirilyapti:

  • dasturchilar hosilni yig‘ib oluvchi robotlar va “bigdata” tizimlari ustida ish olib boradi;
  • bo‘lajak fermerlarga qishloq xo‘jaligini daromadli, ekologik barqaror biznesga aylantirish, shuningdek, investorlarni jalb etish o‘rgatiladi;
  • uzumzorlar va fermer xo‘jaliklari egalari akseleratordan yordam olishlari mumkin.

Mazkur maktab dalalaridagi sigirlar bo‘yniga ularning salomatligini kuzatuvchi maxsus bo‘yinbog‘ taqilgan. Shiyponlar noutbuk va qahva mashinalarga ega oynavand ofislarga aylantirilgan.

Hectar maktabi hammuassisi va asosiy homiysi Ksave Nil / Foto: The New York Times
Hectar fermasi veterinari Juli Reno

Hectar talabalarining ko‘pchiligi an'anaviy fermer xo‘jaliklarida bo‘lishmagan. Ular – turli sohalarda tajribaga ega yoshlar. Biroq ularning bari mazkur biznesga yordam berish istagidagilar. Bu haqida nashrga maktab asoschilaridan biri, milliarder-texnolog Ksave Nel hikoya qilgan.

“Agrosektorni o‘zgartirish uchun unga avvalo jozibador ko‘rinish berish kerak”, – deydi Nel. Mamlakat prezidenti Emmanuel Makron ham shu fikrda. U sohani “zamonaviylashtirish”, agrotexnikani rivojlantirish va ekologiya haqida ham o‘ylashga chaqirgan. Buning uchun ijtimoiy inqilob kerak, deya hisoblaydi uning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha sobiq maslahatchisi va Hectar asoschilaridan biri Odri Burolo.

“Agar haftasiga 7 kun, sutkasiga 24 soat ishlashga to‘g‘ri kelsa, yoshlar bu sohada ishlash ishtiyoqini bildirmaydi”, – deydi Odri Burolo.

Talabalar yetarli daromad olishi va dam olish kunlarida ishlamasliklari uchun Hectar eng avvalo biznesni yuritishga o‘rgatadi. Maktab har yili shahar va qishloq tumanlaridan 2 ming nafar, jumladan, kam ta'minlangan aholi vakillari orasidan qabul qilishni rejalashtirmoqda. Ta'lim va amaliyot uchun pul to‘lanmaydi, davlat diplomi ham berilmaydi. Chunki u butunlay xususiy va korporativ investorlarga qarashli.

Fransiyada fermerlik faoliyatini yuritish va davlatdan yordam olish uchun diplom kerak bo‘ladi. Nel Hectar bitiruvchilari an'anaviy oliy ta'lim muassasalari talabalariga qaraganda ishbilarmonroq bo‘ladi deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan mana shu yoshlar mamlakat iqtisodiyotini o‘zgartira oladilar.

Nashrning yozishicha, texnologik ilg‘or yoshlarning hissasi allaqachon sezilmoqda: mamlakatda yirik xususiy fermer xo‘jaliklari tobora ko‘paymoqda. Yirik korxonalar texnologiyalar yordamida hosildorlikni oshirib, xarajatlarni kamaytirishmoqda.

Yosh fermerlar esa quyidagilarni o‘rganishyapti:

  • kamroq vaqt sarflab, hosildorlikni oshirish;
  • ekologik toza mahsulotlarni yetishtirish;
  • kichik yer uchastkalaridan unumli foydalanish.

Sabzavotlar yetishtiriladigan, maydoni 0,8 gektar bo‘lgan NeoFarm – ana shunday fermer xo‘jaliklaridan biri. U yerda yosh dasturchilar urug‘ ekadigan, egatlarni sug‘oradigan va sabzini yig‘ib oladigan robotlar ustida ish olib borishadi. “Robototexnika sababli fermerlik jozibador sohaga aylanadi”, – deydi NeoFarm’ning 25 yoshli ishchisi Nelson Singui.

NeoFarm'da xodimlarga me'yoriy ish jadvali, yangi texnologiyalar bilan ishlash va rivojlanish imkoniyati taklif etiladi.

Dasturchilar NeoFarm'da yetishtirilgan hosilni yig‘ib oluvchi robotlar ustida ishlamoqda / Foto: The New York Times
Muhandis-robototexnik Nelson Singui NeoFarm issiqxonasida / Foto: The New York Times

Fransiyada shaharliklar barqaror qishloq xo‘jaligida o‘z kuchlarini sinab ko‘rish, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish borasida mamlakatga yordam berish umidida qishloq tumanlariga ko‘chib o‘tishyapti. Jamiyat bunday faol yoshlarni neodehqonlar deb atay boshlagan.

“Biroq barcha neodehqonlar ham biznesning yashovchanligini qanday qilib ta'minlashni bilishmaydi. Aynan shuning uchun ham NeoFarm va Hectar kabi tashkilotlar paydo bo‘lyapti. Ularning maqsadi – sohaga yangi kirib kelganlarni “ushlab qolish”, ularga oyoqqa turib olish va davlat subsidiyalariga qarab bo‘lib qolmaslikda yordam berish”, – deydi NeoFarm asoschilaridan biri Olive Le Blenvo.

NeoFarm asoschisi Olive Le Blanvo / Foto: The New York Times

“Davlat yaxshi uddalayapti, unga pul yetmayapti, xolos”

Biroq idealistik qarash hammani ham ishontira olmadi. Il-de-Frans hududi Yosh fermerlar ittifoqi rahbari Amandin Myure Begen Fransiyada qishloq xo‘jaligi sohasi barqaror rivojlanish tamoyillarini qo‘llab quvvatlaydi – «jamoatchilik bu haqida bilmaydi xolos», deb hisoblaydi.

“Fermerlar ittifoqi davlat qishloq xo‘jaligi maktablari boshqarishni ham, texnologiyalarni ham o‘rgatadi. Biroq moliyalashtirishga ehtiyoj sezadi. Investitsiyalar esa Hectar kabi xususiy loyihalarga sarflanyapti”, deydi u.

“Sohada ishlamasdan turib, unga bor-yo‘g‘i texnologiyalar yetishmaydi, deb aytish oson. Hayot sifatini oshirish uchun robotlar va zamonaviy ta'limning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Iste'molchilar fermerlar mehnatini tan olib, munosib baholaganlaridagina yoshlarni ko‘proq jalb etish mumkin”, – deya hisoblaydi Amandin Myure Begen.

NeoFarm menejyeri Angerran de San-Prist vazifalarni bajarish uchun ketadigan vaqtni hisob-kitob qilmoqda / Foto: The New York Times

NYT materialiga izoh qoldiruvchilar ham shubha bilan qarashgan. Ko‘pchilik qishloq xo‘jaligini ertadan kechgacha ishlash kerak bo‘lgan soha deb hisoblaydi. Chunki jonivorlar va o‘simliklarga doimiy ravishda parvarish kerak. “Fermerlarda tanaffus yo‘q, dam olish kunlari haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, yomg‘irda ham, tunda ham ishlaymiz”, – deya yozishgan ular.

Biroq Hectar'da faoliyat olib boruvchilarning qayd etishicha, maktabda boshqa muassasalarda mavjud bo‘lmagan narsalar taklif etiladi. Masalan, 31 yoshli Ester Ermue vinochilar oilasidan. Ular akasi va opasi bilan ota-onalariga tegishli uzumzorlarni tashlab ketishmoqchi bo‘lishgan. Chunki unga sarflangan mehnat o‘zini oqlamasligidan qo‘rqishgan. Qo‘shnilarining farzandlari o‘zlarini bir necha marta tong otmasdan uyg‘onishni talab etmaydigan osonroq ishlarga “urishdi”.

Ammo Ermuening aytishicha, u Hectar'da o‘qish davomida uzumzorlar odatiy hayot tarzini murakkablashtirmay, daromad keltirishi mumkinligiga ishonch hosil qildi. Maktabda unga quyidagilar haqida bilim berildi:

  • fermerlar uchun biznes yondashuvlar va uglerod kreditlar;
  • tabiatga kamroq zarar yetkazish va daromadni oshirish uchun yerga ishlov berish;
  • kamroq, biroq samaraliroq ishlash;
  • kasallangan uzum toklarini aniqlashda qo‘llanadigan texnologiyalar va hokazo.

“Agar akam va opam bilan mazkur sohada faoliyat yuritsak, bu normal hayot tarziga amal qilmaslik hisobiga bo‘lmaydi. Biz yangi iqtisodiy modelni aniqlash va ekologiyaga zarar keltirmagan holda foydaga chiqishni istaymiz”, – deydi Ermue.

“Ehtimol, bizning tasavvurimiz haqiqatga o‘xshamasligi mumkin. Biroq aslida uni haqiqatga aylantirish mumkin”, – deydi Hectar maktabi asoschilaridan biri Ksave Nel.

Mavzuga oid