O‘zbekiston | 15:53 / 30.11.2021
5351
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi o‘rmonzorda sodir bo‘lgan yong‘in o‘chirildi

Bir muddat oldin Qoraqalpog‘istondagi to‘qayzor o‘rmon uch kundan beri yonayotgani haqida xabar bergandik.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVB

Holat yuzasidan FVV rasmiy ma'lumot berdi. Ma'lum bo‘lishicha, 27 noyabr kuni soat 17:30da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani FVBga quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati o‘rmonzorida (“Amudaryo” daryosi ikkiga ajralgan va qayta qo‘shilgan joyi oralig‘idagi orolcha) yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 19:10da yong‘inni o‘chirish ishlariga kirishgan. (Tuman yong‘in-qutqaruv qismidan yong‘in sodir bo‘lgan joygacha masofa taxminan 47 km. ni tashkil etadi). 28 noyabr kuni soat 05:15da yong‘in qurshab olinib, 08:04da o‘chirilgan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVB

Qayd etilishicha, yong‘in sodir bo‘lgan joyda qayta yong‘in o‘choqlari paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida, voqea joyiga 5ta yong‘in-qutqaruv ekipaji, Mintaqaviy qutqaruv otryadidan 1ta bo‘linma va yordamchi texnikalar, 2ta buldozer, 2ta pogruzchik, 2ta suv tashuvchi mashinalar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVBdan 50 nafar, O‘rmon xo‘jaligidan 20 nafar, Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasidan 5 nafar, tuman Obodonlashtirish bo‘limidan 20 nafar, jami 95 nafar xodim jalb etilgan. Ular ofatga qarshi kurashish uchun joyida qoldirilib, 3 guruhga bo‘lingan holda, kecha-kunduz navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVB

Kutilmaganda yong‘in qoldiqlari qayta alanga olgan va 29 noyabr kuni soat 10:25lar atrofida o‘chirishga kirishilib, 30 noyabr kuni soat 03:30da o‘chirishga erishilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, yong‘indan jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. “Nazarxan” ovul fuqarolar yig‘inidan yong‘in sodir bo‘lgan joygacha masofa taxminan 8 km. ni tashkil etadi.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVB

Hozirda keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Voqea joyida hamkor vazirlik, idora va xizmatlar kuch-vositalari navbatchilik olib bormoqda, deyiladi rasmiy munosabatda.

Mavzuga oid