Jahon | 21:23 / 26.08.2025
6541
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgda «millat aniqlovchi» kameralar ishlay boshladi

Ta’kidlanishicha, politsiya bunday tizim orqali migrantlar to‘plangan joylarni kuzatishi va «rezina» kvartiralarni aniqlashi mumkin.

Foto: Aleksandr Gluz

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida odamlarning «millatini aniqlovchi» kameralar ishlay boshladi. Bu haqda Axborotlashtirish va aloqa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Igor Nikonov ma’lum qildi.

«Bizda tahlilning bir turi bor - irq va millatning bir nechta turlarini aniqlash. Olti xil. Bu shaharning ma’lum hududlarida ma’lum guruhlarning to‘planishini aniqlash imkonini beradi. Ushbu ma’lumotlar asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tegishli qarorlar qabul qiladi», dedi u.

Nikonov so‘zlariga ko‘ra, politsiya bunday tizim orqali migrantlar to‘plangan joylarni kuzatishi va «rezina» kvartiralarni aniqlashi mumkin. Ayni paytda 50 mingga yaqin kamera etnik mansublikni aniqlash funksiyasi bilan jihozlangan, biroq hozircha aniq natijalar yo‘q.

«Jinoyatlarni ochish bo‘yicha statistika faqat yil oxirida aniqlanadi», deb aniqlik kiritdi Nikonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tizim tashqi ko‘rinishning oltita shartli toifasini tanib olishga qodir: Kavkaz, Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo mintaqalari aholisi, shuningdek, yevropaliklar, osiyoliklar va negroid irqi vakillari.

Sankt-Peterburg rasmiylarining bunday kameralarni o‘rnatish rejalari haqida 2025 yil fevral oyida xabar berilgan edi. Shunda shahar millatlararo munosabatlar qo‘mitasi rahbari Oleg Kapitanov sakkiz mingta ko‘cha kamerasida «shaxsning etnik mansubligini aniqlash» funksiyasi paydo bo‘lishini aytgan edi.

Mavzuga oid