Jamiyat | 11:53 / 01.04.2026
10101
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Mamadaliyev mualliflik huquqini buzgani uchun jarimaga tortildi

Xonanda marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning bir nechta qo‘shig‘ini meros boshqaruvchisidan ruxsat olmagan holda omma oldida ijro etgan. Sud unga 8 mln 240 ming so‘m jarima qo‘lladi.

Foto: YouTube

Sardor Mamadaliyevga mualliflik huquqini buzgani uchun jarima qo‘llandi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, xonanda 2025 yil sentabr oyida Namangan viloyatining Chust tumani hududida marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning “Ko‘rmisham”, “Bandaman” hamda “Karvon” qo‘shiqlarini omma oldida ijro etgan. Shuningdek, u o‘z ijrosini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan.

Sardor Mamadaliyev buning uchun Sherali Jo‘rayevning asarlariga nisbatan merosxo‘r va meros boshqaruvchisi hisoblangan G.Jo‘rayeva bilan shartnoma tuzmagan yoki uning ruxsatini olmagan. 

Holat yuzasidan Adliya vazirligining Mualliflik va turdosh huquqlarni huquqiy himoya qilish bo‘limi boshlig‘i tomonidan xonandaga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Xonanda o‘z ko‘rsatuvida ushbu harakatlari huquqbuzarlik ekanini bilmaganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.  

Sherali Jo‘rayevning “Ko‘rmisham”, “Bandaman” nomli musiqiy asarlarni omma oldida ijro etib, barchaning e’tiboriga yetkazdim. Lekin “Karvon” nomli qo‘shiqni shoir Usmon Azimdan ruxsat olgan holatda musiqasini o‘zim alohida bastalab kuyladim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Boshqa ushbu holatni takrorlamayman”, degan u.

JIB Chust tuman sudining qarori bilan Sardor Mamadaliyev mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish huquqbuzarligini sodir etgan deb topildi. Unga BHMning 20 baravari, ya’ni 8 mln 240 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi. 

Sardor Mamadaliyev avvalroq rulda kamar taqmagani uchun jarimaga tortilgandi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid