“Kaltak yeb o‘sdik, kam bo‘lmadik-ku” deganlar adashadi - tahqirlanayotgan bolalar haqida og‘riqli suhbat
Bolajon xalqmiz deymiz-u, lekin bolani kaltaklashga, kamsitishga, unga zug‘um o‘tkazishga, yaratgan sharoitimizni minnat qilishga, hatto odam o‘rnida ko‘rmaslikka normal qaraydigan, kerak bo‘lsa zulmni oqlab beradigan insonlar oramizda juda ko‘p. Bu xarakterimizni kamerali telefonlar va ijtimoiy tarmoqlar davri yaqqol ochib tashladi.
Oxirgi yillarda bog‘chalarda, maktablarda va eng achinarlisi, oilalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez tarqalmoqda.
Bu videolarning ko‘pligi va ular ostida yozilayotgan izohlar bir xulosaga yetaklaydi: biz – bolalarga nisbatan zulmga haddan ortiq darajada toqatli jamiyatmiz.
Kun.uz'ning navbatdagi “Boricha” podkasti shu mavzuda bo‘ldi.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova respublikamizda erkak ayoliga yoki ayol eriga jahlini ko‘rsatish maqsadida bolalardan qurol sifatida foydalanish ko‘paygani, yil oxirida Jizzaxda otasi tomonidan tahqirlangan bolaning taqdiri haqida gapirdi:
“Bu vaziyatda ota-onaning bolaga munosabati asosida bolani alohida shaxs sifatida ko‘rmaslik yotibdi, deb hisoblayman. Chunki bu oiladagi muhit, bolaga bo‘lgan munosabat shundan dalolat berib turibdi. Afsuslanarli tarafi shundaki, bu vaziyat ancha davom etgan bo‘lsa-da, ona bu haqdagi xabarni bola 1 yoshga to‘lgandan keyin beryapti. Bunga turli sabablar bor, onani ayblash ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. U ham o‘z o‘rnida o‘sha zo‘ravon erining qurboniga aylangan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu holat bo‘yicha erkakka nisbatan nafaqat bolani nisbatan muttasil qiynash, balki ayolini o‘ldirish bilan tahdid qilish bo‘yicha ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Chunki eri tomonidan “bu haqda xabar bersang, seni o‘ldiraman” degan tahdidlar bo‘lgan. Shuning uchun o‘z vaqtida xabar bermagan.
Bugungi kunda nafaqat bola uchun zarur yordam, balki onaga ham kerakli ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatish choralari ko‘rilyapti. Uning xavfsizligi ham ta’minlanmoqda”, – dedi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 9 oyi mobaynida O‘zbekistonda 22 nafar bola zo‘ravonlik oqibatida dunyodan o‘tgan.
Surayyo Rahmonova bu holatlar ota-onalarning farzand ko‘rishga tayyor bo‘lmay turib oila qurayotgani bilan bog‘liqligi, bu bilan bog‘liq stereotiplar borligini ta’kidladi.
Oila psixologi Shoira Isoqovaning so‘zlariga ko‘ra, bolaligida har qanday zo‘ravonlikka uchragan bolalarning asab tizimi ishdan chiqadi va bu uning kelajagi uchun salbiy ta’sirlar keltiradi.
“Bunday bolalar asabiy, agressiv, tajovuzkor bo‘lib ulg‘ayishadi. Bitta misol keltiraman: bolaligida ana shunday muhitda katta bo‘lgan bola 2 yil oldin ayolini o‘ldirib qo‘ygan. Chunki o‘sha agressivlik bolani oxir-oqibat shunday holatga keltirib qo‘ygan. Zo‘ravonlik hech qachon izsiz ketmaydi.
Zo‘ravonlikka uchragan bolalardan kaltak yegan paytlarida o‘zlarini qanday his qilganliklari haqida so‘raganimda: “Ich-ichimdan otamga nisbatan juda katta nafratni his qilganman, tezroq katta bo‘lib, ularni tashlab ketishni va hech qachon qaytmaslikni o‘ylaganman” deyishadi. Biz ilmsizligimiz oqibatida bolalarni yaxshi ko‘rmasdan, farzand dunyoga keltiramiz.
Bir tadqiqotda maktab o‘quvchilariga savol berdim: “Ota-onani tanlash imkoniyati berilganida, hozirgi ota-onangizni tanlagan bo‘larmidingiz?” deb. Ularning katta qismi “yo‘q” deb javob berishdi. Sababini so‘ralganida esa: “Meni kamsitadi, minnat qiladi – seni boqyapman, tug‘ganman, sen meni aytganimni qilishga majbursan deb” kabi javoblarni berishdi. Bolalarga nisbatan tahqirlash, ta’na qilish, hadeb tanqid qilishlar ko‘p”, – dedi psixolog.
Dolzarb mavzu ko‘tarilgan podkast bilan yuqoridagi video orqali to‘liq tanishishingiz mumkin.
Gulmira Toshniyozova, jurnalist
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov
Mavzuga oid
09:18 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qiz bilan uchrashdi
18:16 / 25.03.2024
Liftda 10 yashar qizga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan erkak 3 yilga qamaldi
18:14 / 19.02.2024
O‘zbekistonlik ayolning ikki bolasi Rossiyada qarovsiz qolgani aytilmoqda
15:43 / 05.01.2024