O‘zbekiston | 16:03 / 12.07.2024
3657
4 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yarmini tuman budjetida qoldirish masalasi ko‘rib chiqiladi

​​​​​​​Shavkat Mirziyoyev tumanlar mahalliy budjetida mablag‘ni ko‘proq qoldirish maqsadida mas’ullarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yarmini tuman budjetida qoldirish masalasini ko‘rib chiqishni topshirdi. Bu respublika bo‘yicha bir necha trln so‘m mablag‘ mahalliy budjetlarda qoladi, degani.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Quvada Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda tumanlar mahalliy budjetida mablag‘ni ko‘proq qoldirish maqsadida jismoniy shaxslardan daromad solig‘ini yarmini tuman budjetida qoldirish masalasini ko‘rib chiqish topshirildi.

Qayd etilishicha, bu yil “Tashabbusli budjet” doirasida Farg‘onadagi 266 ta loyihaga 340 mlrd so‘m ajratilgan. Lekin uch oydan beri ko‘plab loyihalar bo‘yicha hali amaliy ish boshlanmagani davlat rahbari tomonidan qattiq tanqid qilingan.

Prezident shu oyni o‘zida “Tashabbusli budjet”ga viloyat budjetidan hozirgacha berilmagan mablag‘larni o‘tkazib berishni topshirgan. Buning hisobiga 35 ta mahalladagi elektr, gaz va yo‘l masalasi hal bo‘ladi.

Davlat rahbari tomonidan tumanlar mahalliy budjetida mablag‘ni ko‘proq qoldirish maqsadida jismoniy shaxslardan daromad solig‘ining yarmini tuman budjetida qoldirish masalasini ko‘rib chiqish topshirilgan.

Bu imkoniyat o‘sha hudud infratuzilmasini rivojlantirishda katta imkoniyat yaratadi.

Jurnalist Qobil Xidirovga ko‘ra, bu imkoniyat orqali chekka hududlardagi maktablar ta’mirlanishi, bog‘chalar qurilishi, yo‘llarning sifati yaxshilanishi uchun qo‘shimcha resurs paydo bo‘lmoqda.

Davlat rahbarining mazkur topshiriqni berishidan anglash mumkinki, ushbu mablag‘lar ortidan infratuzilma rivojlantiriladi. Ya’ni, tumanlardagi shaffof, o‘z ishini to‘g‘ri qiladigan tadbirkor xodimiga "kesh" emas, rasmiy maosh berish orqali daromad solig‘i to‘lasa faqat va faqat o‘zi yashaydigan hududga foyda keltirgan bo‘ladi.

Yillab gapirib kelinadigan chekka hududlardagi maktablar ta’mirlanishi, bog‘chalar qurilishi, yo‘llarning sifati yaxshilanishi uchun qo‘shimcha resurs paydo bo‘ladi. Bundan esa yutadigan esa faqat xalq, tadbirkorning shaffof ishlashi bunga sababchi bo‘lib qoladi, deb umid qilish mumkin”, deb yozgan jurnalist o‘z blogida.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu tashabbusni salohiyatli soliq to‘lovchilar uchun hududlar o‘rtasida raqobat paydo bo‘lishiga ham olib keluvchi omil deya baholadi.

“Soliqlarni ular yig‘ilayotgan hududlarning o‘zida qoldirish yangi davr boshlanganda e’lon qilingan markazsizlantirish siyosatining tarkibiy qismi. Bu joylarda mas’uliyatli ish beruvchilar faoliyatini oqartirishga turtki berishdan tashqari o‘rta va uzoq istiqbolda salohiyatli soliq to‘lovchilar uchun hududlar o‘rtasida raqobat paydo bo‘lishiga ham olib keladi. Tasavvur qiling, aytaylik, mingta xodimga ish beruvchi biznes Quvaga ham, shundoq uning yonidagi Marhamatga ham kerak. Bir necha yuz milliard soliq hududida qolishi uchun hokimto‘ralar endi istaydimi, yo‘qmi, biznesga bo‘yin egishga, qayishishga o‘tadi.

Lekin masalaning ikkinchi tarafi, shu pullarning xarajati. Mana shu masalada tiyib turish, nazorat va taqsimot vazifalari jamoatchilik, ularning vakilligi esa erkin saylovlarda shakllangan kengashlar orqali amalga oshirilishi kerak.

Boshqacha aytganda, soliqlarning katta qismini hududlarda qoldirish orqali hokimlarga pul berishning oshishi ularni hisobdor, shaffof va tiyilish darajasiga doim mutanosib bo‘lishi zarur” deb yozadi iqtisodchi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning II choragi davomida davlat budjetiga soliq tushumlari qariyb 45,5 trln so‘mni tashkil qildi. Shundan 9,2 trln so‘mi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobiga to‘g‘ri keladi. 

Mavzuga oid