Rossiya rubli qadrsizlanmoqda: buning sabablari nimada?
Rossiya Markaziy banki 28 noyabr kuni valuta kurslariga o‘zgartirish kiritib, dollarni 108 rubldan yuqori, yevroni esa 113 rubldan qimmat baholadi. Bir kunda dollar 3 rublga, yevro esa 2,6 rublga oshdi. Garchi hukumat hozircha rublni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rmagan bo‘lsa-da, Rossiya Markaziy banki ayrim operatsiyalarni to‘xtatib qo‘ygan.
Xo‘sh, dollar qanchadan bo‘lyapti o‘zi?
Hammasi uni qayerda sotib olishga bog‘liq. Rossiyada «nodo‘st» valutalar bilan birja savdosi yo‘qligi sababli, chorshanba kungi birja sarosimasida axborot vositalari asosan Forex bozorini kuzatdi. U yerda kotirovkalar eng yuqori darajaga yetdi. Forex turli savdo maydonchalari, asosan London birjasi ICE ma’lumotlarini jamlaydi. Rossiyalik iqtisodchilar bu bozorni ishonchsiz, deb baholaydi. Chunki bu yerda talab va taklif manbalari aniq emas.
«T-Investitsii» kompaniyasi bosh iqtisodchisi Sofya Donetsning fikricha, eng ishonchli indikator — bu Moskva birjasida hali ham savdolashilayotgan yuan kursi. Chorshanba kuni yuan 15 rublgacha qimmatlashdi, bu 2022 yil mart oyidagi darajaga teng, ammo ahvol keyinroq «sirli sotuvchi»ning sa’y-harakatlari tufayli barqarorlashdi. Yuanga ko‘ra dollar kursi hisoblanganida u taxminan 108 rublni tashkil etadi. Bu esa Rossiya Markaziy banki rasmiy kurslariga mos qiymat.
Rossiya Markaziy banki valutalar kursini boshqacharoq hisoblaydi. U «birjadan tashqari bozor» ma’lumotlariga tayanadi, bu yerda Rossiya banklari, brokerlar va boshqa moliyaviy tashkilotlar o‘zaro savdo qiladi. Chorshanba kuni u yerdagi dinamika ham Forex bilan o‘xshash bo‘lgan: dollar 114 rublgacha, yevro esa 120 rublgacha qimmatlashgan. Ammo RMB savdolar hajmini yozdan buyon maxfiylashtirib kelayotgani uchun bu ma’lumotlarga ham ishonib bo‘lmaydi.
Yana bir indikator — dollar/rubl juftligi bo‘yicha fyucherslar. Unga ko‘ra, chorshanba kungi eng yuqori nuqtada dollar 110 rublga chiqqan, keyin esa 106 rublgacha arzonlashgan.
Eng oson, biroq ishonchli bo‘lmagan indikator — bu banklardagi ayirboshlash kurslari. Moskva banklari dollarni 108 rubldan 115 rublgacha sotib olishni taklif qilmoqda.
Dollar 100 rubl edi. O‘zi nima o‘zgardi?
Bozor bunaqa tez o‘zgarishni anomal holat deb baholamoqda. Iqtisodchilar hattoki oktyabr oyida ham dollar kursi 94,5 rubl bo‘lishini taxmin qilishgan va bu qadar keskin ko‘tarilishini kutishmagandi. Ammo shundan buyon vaziyat o‘zgardi: xorijiy valuta tanqisligi oyiga 2–4 milliard dollar deb baholanmoqda va «ideal to‘fon» boshlandi:
- Eksportchilar ichki bozorda valuta sotishni qisqartirishdi. Bu holat ko‘pincha hukumatning yangi qarori bilan bog‘lanmoqda. Qarorga ko‘ra, endi eksportchilar daromadlarining faqat 25 foizini valutaga almashtirishlari mumkin. Boshqa versiyaga ko‘ra, sanksiyalar sababli eksportchilar ko‘proq valuta sotish imkoniyatiga ega emas. Iqtisodchi Dmitriy Polevoyning fikricha, ushbu qoidalarni o‘zgartirish kursga ta’sir qilmasligi va faqat biznesga zarar yetkazishi mumkin.
- Neft narxi tushib ketdi. Kuz boshida Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli Brent markali neftning bir barreli 80 dollardan savdolashilgan edi. Hozirda mojaro tomonlari sulhga erishish uchun harakat qilishmoqda, AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp esa neft qazib olishni ko‘paytirish rejasini bayon qildi. Bu xabarlar neft narxini 73 dollarga tushirib yubordi.
- Importga talab ortdi. Kuz faslida biznes «Qora juma» kabi chegirmalar mavsumiga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, endi yangi yil uchun tovarlarni zaxiralashga o‘tdi. Bu holat xorijiy valutaga bo‘lgan talabni kuchaytirdi.
- AQSh yangi sanksiyalar joriy qildi. Gazprombank doxil 50 dan ortiq bank sanksiyalar ostiga tushdi. Bu banklar SWIFT tizimiga ulangan va Rossiya energiya resurslarini eksport qilish to‘lovlarini ta’minlab turgan asosiy manba bo‘lgan. VTB raisi o‘rinbosari Dmitriy Pyanovning fikricha, muqobil valuta oqimlarini tashkil qilish hozirda bosh regulyatorning asosiy vazifasi bo‘lishi kerak.
- Rossiya so‘nggi 36 yilda ilk bor o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketa ishlatdi. O‘tgan hafta Vladimir Putin AQSh va Buyuk Britaniya qurollari bilan Kursk va Bryansk oblastlariga zarba berilganini tan oldi. Bunga javoban Rossiya mudofaa vazirligi «Oreshnik» gipertovushli ballistik raketasi bilan Dnipro shahriga zarba berdi. Rayffayzenbank buni «murakkab geosiyosiy vaziyatning yangi bosqichi» deb ta’rifladi va bu holat rublni mustahkamlash imkoniyatini cheklangan miqyosda saqlab qolishi mumkinligini ta’kidladi.
Dollar va yevro yuqoriga, rubl esa pastga
Sentyabr boshidan beri rublning dollarga nisbatan qadrsizlanishi 20 foizga yetdi, deb hisoblamoqda BBC nashri Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga tayangan holda. Noyabr oyining bir necha haftasi davomida dollar rublga nisbatan 11 foizdan ortiq qimmatlashgan. Yevro esa sentabr boshidan beri 14 foizga oshgan.
Gap faqat rasmiy kurslar haqida ketmoqda. Bank ilovalarida dollar 110 rubldan qimmatroq, lekin narxlar orasida katta farq mavjud. Masalan, «T bank» ilovasida dollarni 118 rublga sotib olish mumkin, Rayffayzenbankda esa — 112 rubl (ularning ofisida esa dollar yanada qimmatroq — 117 rubl). Faqat «Sberbank»da dollar kursi Markaziy bank kursiga mos keladi — 108 rubl.
Dollar Forex kabi savdo maydonlarida ham qimmatlamoqda.
Hozir dollar va yevro bilan Moskva birjasida savdo qilinmayapti. Birjaning o‘zi va uning infratuzilmasiga qarshi sanksiyalar joriy qilinganidan keyin savdolar to‘xtatilgan. Markaziy bank esa dollar va yevro kurslarini banklararo statistika asosida belgilamoqda.
Biroq, Moskva birjasida yuan savdosi davom etmoqda. Noyabr oyi davomida yuan ham rublga nisbatan keskin qimmatladi. Oy boshida yuan taxminan 13 rubl bo‘lgan bo‘lsa, chorshanba kuni 15 rubldan oshdi. Biroq kunning ikkinchi yarmida Rossiya Markaziy banki bayonotidan so‘ng yuan biroz arzonlashishni boshladi.
Chorshanba kuni kechqurun Rossiya Markaziy banki rubl qadrsizlanishini to‘xtatish uchun choralar ko‘rdi. Regulyator ikki muhim qaror qabul qildi:
28 noyabrdan yil oxirigacha Markaziy bank budjet qoidalari doirasida valuta xarid qilishni to‘xtatdi. Ilgarigi xaridlar rubl qadrsizlanishiga hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, bu omil asosiy rol o‘ynamasligi ta’kidlanmoqda.
Rubli xarid qilish va valuta sotish amaliyotlari davom etadi. 2023 yil uchun to‘xtatib turilgan operatsiyalar qayta boshlanadi. Bu chora ham rubl qadrsizlanishini to‘xtatishi mumkin, biroq buning ta’siri chegaralangan bo‘lishi kutilmoqda.
Hozirgi vaqtda faqat Markaziy bank rubl pasayishini to‘xtatishga jiddiy urinish ko‘rsatmoqda. Ilgarigi davrlarda hukumat dollar 100 rubldan oshib ketganda tezkor choralar ko‘rgan va eksportchilarni valuta tushumlarining katta qismini ichki bozorda sotishga majbur qilgandi. Hozir esa bu talab 25 foiz darajasida qolmoqda va uni oshirish bo‘yicha tashabbuslar ko‘rinmayapti.
Iqtisodchilar fikri
Iqtisodchi Dmitriy Polevoyning fikriga ko‘ra, ushbu talabni oshirish avvalgidek samara bermasligi mumkin, balki faqat biznes uchun qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Uning ta’kidlashicha, asosiy muammo kuchsiz rubl emas, balki kursning yuqori o‘zgaruvchanligi (volatillik).
Rublni qo‘llab-quvvatlash uchun boshqa choralar sifatida qayta moliyalash stavkasi oshirilishi va xorijga pul o‘tkazmalarini cheklash taklif qilinmoqda.
Ba’zi tahlilchilar Markaziy bank dekabr oyida stavkani ko‘tarishini kutishmoqda. Bunda maqsad narxlar o‘sish sur’atlarini pasaytirish bo‘ladi. Biroq, hozircha Markaziy bank yuqori stavka uchun tanqid qilinmoqda va bu qaror faqat direktorlar kengashining navbatdagi majlisida muhokama qilinishi mumkin.
Rubl qadrsizlanishi import mahsulotlar va ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo narxlarini oshirib, inflatsiyani kuchaytirishi mumkin. Noyabr o‘rtalarida inflatsiya yillik ko‘rsatkich bo‘yicha 9 foizga yaqinlashdi. Asosiy stavka oshirilganiga qaramay, narxlar o‘sishi hali ham yuqori darajada qolmoqda. VTB raisi birinchi o‘rinbosari Dmitriy Pyanovning ta’kidlashicha, rubl qadrsizlanishi inflatsiyaga kutilganidan ko‘ra ko‘proq ta’sir qilishi mumkin.
RF Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovga ko‘ra, rubl pasayishi fundamental omillar bilan bog‘liq emas. Uning fikricha, dollarning jahon valutalariga nisbatan quvvatlanishi va sanksiyalar fonida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari xavotirlari rublga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hozir rubl bahosi 2022 yil bahoridagi — urushning ilk oylari va Rossiya iqtisodiyotidagi qo‘rquv va tushkunlik davridagi past ko‘rsatkichlarga yaqinlashmoqda.
«Alfa-bank» bosh iqtisodchisi Nataliya Orlova rubl qadrsizlanishini asosan eksportchilarning mavsumiy valuta sotuvi kamayishi bilan izohlaydi. Ilgari, oy oxirida eksportchilar bozorga katta hajmda valuta chiqarishardi, ammo 21 noyabrda AQShning «Gazprombank»ka nisbatan joriy etilgan sanksiyalari bu mexanizmni izdan chiqargan, deydi u.
Uning fikricha, importchilar hozir ham ko‘proq valuta sotib olmoqda, chunki yangi yil bayramlari oldidan tovarlar zaxirasi uchun mablag‘ zarur. Biroq sanksiyalar tufayli bozorda valuta taklifi cheklangan. «Bu valuta bozorida talab va taklif o‘rtasidagi texnik notenglik hosil bo‘lganini ko‘rsatib, kurs shiddatli o‘zgarishini tushuntiradi», — deydi Orlova.
BKS kompaniyasi tahlilchilari rubl pasayishini eksport va import uchun to‘lov mexanizmi buzilishi va geosiyosiy xavflar keskin kuchayishi bilan izohlashmoqda. Ularga ko‘ra, hozirgi vaziyatda sarmoyadorlarning qo‘rquvi oshib, rubl kelajagiga tanqidiy ko‘z bilan qarash kuchaymoqda.
Analitiklar rubl tiklanishi har qanday paytda boshlanishi mumkinligini ta’kidlab, Markaziy bankning asosiy stavkasi yana ko‘tarilishi va hukumat tomonidan aralashuvni kutishmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodchilar ularning prognozlari faqat shokka tushiruvchi yangi jiddiy voqealar yuz bermagan holatlardagina amal qilishini eslatib o‘tishmoqda. Chunki 2022 yildan beri rubl kursiga asosan bozordan tashqari omillar ta’sir o‘tkazmoqda.
Masalan, 2022 yil mart oyidagi kursning keskin pasayishi — sanksiyalar; 2023 yil yozidagi pasayish — Yevgeniy Prigojin isyoni; bir yildan keyin esa Ukraina qo‘shinlarining Kursk oblastidagi amaliyoti rublning yanada qadrsizlanishiga sabab bo‘lgan edi.
Mavzuga oid
20:40 / 01.12.2024
Qozog‘iston Rossiyaga qarshi qaysi sanksiyalarga amal qilmasligi ma’lum bo‘ldi
21:50 / 27.11.2024
Rossiya banki rublning qulashi fonida 2024 yil oxiriga qadar valutalar xarididan voz kechdi
18:17 / 08.11.2024
AQSh ortidan Britaniya ham O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi
22:23 / 30.10.2024