Jahon | 23:30 / 11.03.2026
3299
2 daqiqa o‘qiladi

Makron G7 yetakchilari Rossiyadan sanksiyalarni olib tashlamaslikka kelishib olganini aytdi

G7 davlatlari rahbarlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni saqlab qolishga kelishib oldi. Cheklovlar Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi tufayli jahon neft bozoridagi vaziyatga qaramay saqlanib qoladi.

Foto: Reuters

«Katta yettilik» davlatlari hozirgi vaziyat Rossiyaga nisbatan cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘la olmasligi haqida kelishib oldi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron matbuot anjumani chog‘ida aytdi.

«G7 vaziyat Rossiyadan sanksiyalarni olib tashlashni oqlamasligiga rozi bo‘ldi», deb tushuntirdi Fransiya rahbari.

Hafta boshida Reuters manbalarga tayanib, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni yanada yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi. Yaqin Sharqdagi mojaro AQSh va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi bilan boshlanib, mintaqadan neft yetkazib berishda uzilishlarga, shuningdek, yoqilg‘i narxining ko‘tarilishiga olib keldi.

AQSh bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish va narxlar o‘sishini to‘xtatish uchun ba’zi mamlakatlarga qarshi neft sanksiyalarini bekor qilmoqda, dedi Tramp. «Keyin, kim biladi, balki ularni qayta kiritishga to‘g‘ri kelmas», degan edi u.

Yevrokomissiya Vashington Rossiya neft va gaziga qarshi sanksiyalarga rioya qilishi kerakligini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid