Jahon | 20:52 / 06.06.2023
34566
15 daqiqa o‘qiladi

«Zombi»ga qarshi «Lord»: Prigojin va Qodirovning odamlari nega dahanaki jangga kirishdi?

Oxirgi vaqtlarda rus mediaolamida yangi mojaro avj oldi: urush boshlanganidan buyon bir-birini og‘a-ini deb atab kelayotgan Ramzan Qodirov va Yevgeniy Prigojinning shotirlari dahanaki jangga kirishib ketishdi. BBC oxirgi vaqtlarda Prigojin Rossiyaning yirik shaharlarida turneda bo‘layotgani, qodirovchilarning keskin chiqishlari nima bilan bog‘liq ekanini tahlil qildi.

Foto: BBC Russian

Rossiya Qahramonlarining dahanaki jangi

Avvaliga Prigojin «Axmat» batalyoni nima ish bilan shug‘ullanayotganini tushunmayotganini aytdi. Qodirovning yaqin kishilari Adam Delimxanov va Magomed Daudov esa unga javob qaytarishdi. Delimxanov Prigojin o‘q-dori yetishmovchiligidan nolishi asossiz ekani, u hammadan ko‘p yordam olganini aytib, Putin va Qodirovni alqadi. Daudov esa Prigojinni Jyenya deb atab, uni erkakchasiga gaplashib olishga chaqirdi. Shundan keyin mojaro avj oldi.

«Yevgeniy Viktorovichni bloger deb atab ular bizni haqorat qilishdi. «Axmat»dagilarning videolari Tik-tok va Youtube'da aylanib yurgan vaqtda biz o‘z vazifamizni bajarayotgandik. Avval kim bloger, kim esa adolat ta’minlanishiga intilayotgani haqida savolga javob topish kerak», deb yozdi «Vagner»ga aloqador «Ten» Telegram-kanali go‘yoki Rossiya Qahramoni unvoniga ega komandirning so‘zlarini keltirayotganini iddao qilib.

Bu kanalda «Zombi» laqabli, o‘zining aytishicha, Rossiya Qahramoni unvoniga ega yana bir «vagnerchi»ning so‘zlari keltirilgan: «Ular e’tiqodni o‘ldirishmoqda. Biz to‘g‘ri yo‘lda ekanimiz va vatanimizni himoya qilayotganimizga ishonch bag‘ishlaydigan e’tiqodni. «Vagner» «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi – tarj.) vaqtida birorta aholi yashash punktini dushmanga berib qo‘ymadi. Va siz bizni nimadadir ayblamoqchimisiz? Boshlig‘imizga qilingan haqoratni har birimiz o‘zimizga qilingan deb qabul qilamiz», deyiladi bayonotida.

Prigojinga qarshi «Lord»

Urush davomida rossiyaliklar orasida juda ko‘p o‘zaro mojarolar avj oldi. Ammo bu haqda hech bir rasmiy OAVda axborot berilmadi. Rossiya mudofaa vazirligi ham «Vagner» rahbari tomonidan juda ko‘p narsada ayblanganiga qaramay, bunga biror marta munosabat bildirmadi.

Ammo 1 iyun kuni Yevgeniy Prigojinning chiqishlariga Checheniston parlamenti raisi, Ramzan Qodirovning eng yaqin odamlaridan biri bo‘lmish «Lord» raqabli Magomed Daudov javob qaytardi. U o‘z kanalida bergan javobida «Axmat» batalyoni Rossiya mudofaa vazirligi va Rosgvardiyaning maxsus bo‘linmasi deb e’lon qilinganini ta’kidladi. Daudov Prigojinga javobida davlat vakili sifatida gapirayotganiga urg‘u bergan.

«Demak, gap bunday, Jyenya. Bizga qo‘yilgan vazifalar haqida sen bilishing shart emas. Bu haqda oliy bosh qo‘mondon, Checheniston rahbari, Rossiya Qahramoni Ramzan Axmatovich Qodirov biladi. Sen doim kimnidir otish kerakligi haqida gapirasan. Ulug‘ vatan urushi vaqtida bunday chiqishlar uchun o‘zingni otib tashlashardi, Jyenya. Har kunlik bunday chiqishlaring bilan nimaga erishayotganingi ham tushunmayman. Senga Rossiya Qahramoni unvoni berishayotganda odamlar orasida bunday vahimali kayfiyat uyg‘otasan deb o‘ylamagandim», dedi Daudov.

Qodirovning yaqini Daudov Prigojinga kimning hisobiga shaxsiy samolyoti va umuman, xususiy harbiy kompaniyasi borligini unutmaslikni maslahat bergan. U Prigojindan lokatsiya tashlashni so‘rab, istagan yerida erkakchasiga gaplashib olishni taklif qilgan.

Keyinroq Qodirovning yana bir odami, Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov videomurojaat e’lon qilib, Prigojinni senlab gapirdi va yuzma-yuz gaplashib olishni taklif qildi.

Qodirovchilarning gapiga esa kutilmaganda Dmitriy Utkin nomli «Vagner» asoschilaridan biri javob qaytardi. U Qodirovning odamlaridan farqli o‘laroq, Rossiya Qahramoni unvonini olmagan, lekin to‘rtta Jasorat kavaler ordeni sohibi hisoblanadi.

Utkin hech qachon intervyu bermagan va ommaviy chiqishlari bilan tanilmagan. Uning javobi «Vagner»ning Prigojin o‘z kanalida tez-tez ulashib turuvchi kanallaridan birida e’lon qilindi. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruh ichida hech qanday vahima yo‘q, har qanday muammoni ular Rossiya konstitutsiyasiga ko‘ra hal qilishmoqda.

Utkin o‘z xo‘jayini Prigojinga nisbatan murojaat ohangidan keskin norozilik bildirgan. «Bunaqa muomala qilish qayerdan chiqdi, kim sizlarga uni senlab, Jyenya deb murojaat qilishga ruxsat berdi? Erkakchasiga gaplashishga doim tayyormiz. Axir bir-birimizni birinchi va ikkinchi chechen urushidan beri juda yaxshi bilamiz», deyiladi Utkinning qodirovchilarga javobida.

Ma’lumot uchun, Dmitriy Utkin Rossiya bosh razvedka tashkilotining zaxiradagi podpolkovnigi hisoblanadi. Ochiq manbalarga ko‘ra, chechen urushida ishtirok etgan. Adam Delimxanov esa chechen dala qo‘mondoni Salmon Raduyevning haydovchisi bo‘lgan va birinchi chechen urushida Rossiyaga qarshi urushda ishtirok etgan. Ikkinchi chechen urushida Rossiya tomoniga o‘tib ketgan.

Prigojin Daudov va Delimxanovning erkakchasiga gaplashib olish taklifiga shunday javob berdi: «Qayerdaligim haqida gapiradigan bo‘lsam, bu muhokama ishtirokchilarining hammasi mening maxsus maxfiy telefon raqamlarimgacha bilishadi va istagan vaqtlarida menga bog‘lana olishadi».

Shaharlar bo‘ylab tur: «Vatan xavf ostida»

Oxirgi vaqtlarda Prigojinning qayerdaligini bilish unchalik qiyin bo‘lmayapti. 30 maydan boshlab u Rossiyaning yirik shaharlari bo‘ylab tur o‘tkazmoqda va hozirgacha Novosibirsk, Vladivostok, Nijniy Novgorod va Yekaterinburgda bo‘lishga ulgurdi. Prigojin ishtirokidagi matbuot anjumanlarida qatnashgan mahalliy jurnalistlarning aytishicha, tadbirlar bir xil formatda o‘tkazilgan.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan jurnalistlardan birining so‘zlariga ko‘ra, u ishlaydigan tahririyatga «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining yangi loyihasi taqdimotida qatnashish uchun taklifnoma yuborilgan. Zalda jurnalistlardan tashqari yana 30 nafarga yaqin odam bo‘lgan: «Sahnada notanish odamlar, chaqiruv komandirlari bor edi. Unda «Baxmut bizniki», umummilliy safarbarlik e’lon qilish kerak, hammasi front uchun, hammasi g‘alaba uchun, degan gaplar aytildi. Keyinroq esa eshik ochilib Prigojin kirib keladi va vatan xavf ostida, tanqiddan qo‘rqmaymiz, men hamma savollarga javob beraman, deydi».

Jurnalistning aytishicha, uni matbuot anjumaniga majburlab yuborishmagan, tahririyatning ham bu tadbirda ishtirok etishdan qandaydir moliyaviy manfaati bo‘lmagan.

«Prigojin dadil, shablon bo‘yicha gapirmaydi», deydi jurnalist. Prigojinning barcha takliflari ham joylarda mamnuniyat bilan qabul qilinmayapti. Masalan, 25 may kuni Yekaterinburg administratsiyasi «Vagner» sharafiga avtoyurish o‘tkazishga ruxsat bermagan. Krasnodardagi Goryachiy Klyuch aholi yashash punkti rahbariyati bilan esa Prigojin aprel oyida yollanma askarlarni ko‘mish masalasida tortishib qolgandi. Shunga qaramay, jurnalist u bilan uchrashuvni xavfli emas deb atagan.

Novosibirskdagi uchrashuvda Prigojin yangi «Ikkinchi front» nomli homiylik dasturi haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu dastur odamlarni safarbarlikka undaydigan to‘g‘ri ma’lumotlarni berishga qaratilgan. «Safarbarlik e’lon qilmas ekanmiz, urushni yuta olmaymiz», degan Prigojin qayta-qayta.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Vladivostokda «Vagner. Ikkinchi front» taqdimoti chog‘ida. Foto: LEV BORODIN/TASS

Jurnalistlar Prigojinga nega Rossiya shaharlari bo‘ylab tadbirlarda ishtirok etayotgani borasida savol berishdi: «Shunchaki aylanib, odamlarning fikrini bilgim keldi. Odamlar tushkunlikka tushmasligi uchun ularga axborotni qanday yetkazishni o‘ylayapman. Baxmutni oldik, uch kun bo‘sh vaqtim bor», degan Putinning sobiq oshpazi. U keyinchalik ham siyosiy axborot almashish tadbirlarini o‘tkazishga va’da bergan.

Novosibirsklik muxbir Pavel Tiunovning aytishicha, matbuot anjumanidan keyin umumiy suratga tushilgach, jurnalistlarni «oddiygina bezatilgan» stollarga taklif qilishgan: «Buterbrod, gazaklar, mevalar. Ortiqcha dabdabasiz, frontchasiga», deydi muxbir dasturxonni tasvirlar ekan.

«Hech qanday buyruq kelmadi»

Rossiya regionlaridan biridagi rahbariyatda ishlovchi manba kimligini oshkor qilmagan holda axborot berishicha, Prigojinning tashrifiga qanday munosabat bildirish bo‘yicha Kremldan hech qanday topshiriq kelmagan.

«Prigojin uchun muhimi trendda bo‘lish uchun o‘z muvaffaqiyatini ko‘pirtirish va nomini ko‘proq tilga olishlariga erishish. O‘z «men»ini kapitalizatsiya qilish esa saylovoldi dasturlarini eslatadi. Ammo unda hozircha bunday harakat ko‘rinmayapti. U odamlar hurmatini qozongan muvaffaqiyatli harbiy sifatida xuddi shunday muvaffaqiyatli xo‘jalik rahbariga aylansa ham ajablanmayman. U taniqli shaxs, lekin o‘z ambitsiyalarini nimaga yo‘naltirgani hozircha noaniq.

Nima bo‘lganda ham, unga markazdan ruxsat berilishi kerak. Ichki siyosiy kuchlar roziligini olmaganlar siyosiy karera qilishi oson emas», degan BBC bilan suhbatda yuqoridagi mahalliy administratsiya vakili.

«Siyosiy yo‘nalish birtomonlama bo‘lib qolsa, siyosiy arboblar yetishmaydigan bo‘shliqlar paydo bo‘ladi. Bu bo‘shliqlarni esa boshqa biror taniqli figuralar egallashi mumkin», deydi suhbatdosh. Uning fikricha, Prigojin aynan mana shunday figura.

«Hammasi siyosat qaysi o‘zan bo‘ylab rivojlanishiga bog‘liq. Aholi bundan keyin ham [urushga] safarbar qilinsa, vaziyatni keskinlashtiruvchi siyosiy kuchlarga qiziqish so‘nadi. Aksincha, bunday figuralarga qarshi kurash bo‘ladi. Ammo hozircha Prigojinga qarshi qandaydir kurash ko‘rmayapman. Uni hozircha jiddiy siyosatchi sifatida qabul qilishmayapti. Ammo u siyosiy kuchga ega bo‘lish uchun harakat qilmoqda. Aks holda odamlar bilan uchrashishdan nima ma’ni?» degan mahalliy administratsiyadagi suhbatdosh.

2023 yil may oyi. Yevgeniy Prigojin Vladivostokda. Foto: LEV BORODIN/TASS

BBC bilan suhbatlashdan boshqa bir manbaning aytishicha, Prigojin bunday chiqishlari bilan o‘zini himoya qilayotgan bo‘lishi ham mumkin. R.Politik loyihasi rahbari, siyosatchi Tatyana Stanovayaning aytishicha, Prigojinning har qanday faoliyati hozirda Kreml uchun qabul qilib bo‘lmaydigan hisoblanadi.

«Uning Putin tomonidan chizib, chegaralab berilgan o‘z joyi, roli bor. Putin Prigojin bu chegaradan chiqib ketishini istamaydi. Prigojin allaqachon Rossiya siyosiy elitasining juda ko‘p vakillari bilan mojaroga kirishib bo‘ldi. Masalan, prezident administratsiyasi, mudofaa vazirligi, ba’zi gubernatorlar bilan. Ammo unga qarshi nimadir qilishmayapti, chunki Prigojinga qarshi nima qilish kerak, degan konsensusning o‘zi yo‘q. Hammasi Putin nimalarga ruxsat berganiga bog‘liq. Putin kimnidir muammo deb hisoblasa, bu haqda albatta aytadi», degan siyosatchi. Uning fikricha, Putin oxirgi bir yil davomida Prigojin haqida deyarli gapirmagani u Putinni xavotirga solmayotganidan dalolat.

Siyosatshunos Aleksandr Kinyov ham Prigojinning siyosiy istiqbolini jiddiy qabul qilish kerak emas deb hisoblamoqda: «Bu ta’sir kuchini oshirish uchun kurashga o‘xshayapti. Rossiya siyosatida kerak natijani ommaviy janglarsiz qo‘lga kiritish kerak degan ssenariy hukmron. Mojaroning ommaga ma’lum qilinishi elitaning kuchsizlanganidan darak, kuchidan emas. Bu esa ta’sir doirasining kuchi pasayganidan dalolat. Omma oldiga chiqish doim umidsizlikdan sodir bo‘ladi.

2016 yil: «Konkord Keytering» MChJ bosh direktori Yevgeniy Prigojin va  boshqaruv raisi, «Gazprom» OAJ direktorlari kengashi raisi o‘rinbosari Aleksey Miller.
Foto: MIKHAIL METZEL/TASS

Prigojin ambitsiyali odam. Aftidan, zamonaviy hayotda u o‘zini ko‘rsatish uchun boshqacha variant topa olmagan. Bir necha yil davomida unda ommaning oldiga chiqish ehtiyoji yo‘q edi, endi esa shuni xohlab qolgan ko‘rinadi», deydi Kinyov.

Siyosatshunosning fikricha, Prigojin hozirgi harakatlari bilan ommaga ta’sir qiluvchi kuchga ega bo‘lmoqchi. Balki shu orqali nimalargadir o‘z ta’sirini o‘tkazmoqchi ham. Ammo Rossiyada omma orqali ta’sir o‘tkazish qiyin masala.

Kinyov Prigojinda siyosiy litsenziya ham yo‘qligiga e’tibor qaratgan: «Ulardan «Adolatli Rossiya» bilan nimalardir bor, ammo saylovda sinab ko‘rilmagan. Ultramillatchilar hech qaysi saylovda natijaga erisha olmagan. «Haqiqt uchun adolatli Rossiya» partiyasi loyihasini faqat bechora Ryazanda o‘tkazishdi. Unda ham faqat administrativ resurs evaziga».

Kinyov Prigojinga aloqador polittexnolog Maksim Shugaleyning saylov kampaniyasi ham juda katta xarajat bilan o‘tganini eslatgan. Shugaley 2020 yil «Vatan» partiyasidan Komi respublikasi kengashida birinchi o‘rinni egallagan. Shugaley deputatlikka saylangan, lekin keyinchalik o‘z vakolatini topshirgandi.

«Prigojinda nomzodlar va tashkilotlar tizimi yo‘q. Hududlarda hech narsa yo‘q: na tizim, na odamlar. Uning jamoasi, odamlari kimlardan iborat, ayting-chi?» degan Kinyov.

Siyosatshunosning fikricha, Rossiya siyosiy elitasi nazorat va muvozanatdan iborat tizimdir: «Bu tizim institutsional emas, spetsifikdir. Buning ustiga shaxslararo. Prigojin va uning tizimi ana shu muvozanatning bir qismidir. Hozir u qaysidir ma’noda qo‘rquv paydo qilgan. Bu ham hukumat uchun ma’qul kelmoqda. Chunki mana shunday ekstremallar sabab hukumat mo‘’tadil kuchga o‘xshab ko‘rinadi», degan siyosatshunosh Aleksandr Kinyov.

Uning fikricha, bu narsalarni Kremlda juda yaxshi tushunishadi. Ammo bu ishlarni oldindan rejalashtirishgan deb bo‘lmaydi.

Mavzuga oid