O‘tgan haftada Venetsiyada sayyoraning eng badavlat kishilaridan biri, Amazon asoschisi Jyeff Bezos uylangandi. Uning teleboshlovchi Loren Sanches bilan to‘yi shu qadar hashamatli o‘tkazildiki, uni «asr to‘yi» deb ham atashdi. Bu vaqtda Chechenistonda ham o‘ziga xos «asr to‘yi» bo‘lib o‘tdi — respublika rahbari o‘zining uchinchi o‘g‘li, yaqinda Checheniston xavfsizlik kengashi kotibiga aylangan 17 yoshli Adamni uylantirdi. «Meduza» kuyov, kelin, marosim va mehmonlar haqida hikoya qildi.
Iyun oyi oxirida Chechenistonda Ramzan Qodirovning uchinchi o‘g‘li, 17 yoshli Adamning nikoh to‘yi nishonlandi. U ikki yil muqaddam, Qur’on kitobini yoqqani uchun hibsga olingan Nikita Juravelni Grozniydagi tergov izolyatorida kaltaklaganidan keyin mashhur bo‘lib ketgandi. Keyinroq Juravel dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilish va davlatga xiyonatda ayblanib, 14 yillik qamoq jazosini oldi. Kichik Qodirov esa — oltita orden, Checheniston qahramoni unvoni hamda o‘z otasining xavfsizlik xizmati boshlig‘i lavozimiga ega bo‘ldi. Keyinroq esa Checheniston IIV kuratori va respublika xavfsizlik kengashi kotibiga aylandi. Bundan tashqari, u Vladimir Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlari universitetini, shuningdek, Shayx Mansur nomidagi RF Mudofaa vazirligi batalyoni va Baysangur Benoyevskiy nomidagi Rosgvardiya batalyonini nazorat qiladi.
«Novaya gazeta Yevropa» ma’lumotlariga ko‘ra, Adam Qodirov otasining safdoshi, chechenistonlik senator Sulaymon Geremeyevning qizi bilan to‘yini o‘tkazgan, ular bir yil oldin sha’riy nikohdan o‘tgandi. Ammo «Kavkaz.Realii» Adam otasining boshqa bir safdoshi, Davlat dumasi deputati Adam Delimxanovning nabirasiga uylanganini yozmoqda. «Novaya» esa u Adamning akasi, Zelimxonning rafiqasi ekanini xabar qilgan. «Agenstvo» ma’lumotiga ko‘ra, nikoh tuzilganida Delimxanovning nabirasi atigi 14 yoshda bo‘lgan.
Adamning rafiqasining shaxsi ham, yoshi ham rasman oshkor etilmayapti. Faqatgina uning ismi Medni (Delimxanovning katta nabirasinikidek) ekani ma’lum.
Qodirovning eng katta farzandi Ayshat instagramda qizning ismini aytgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, to‘y Qodirovlarning ota qishlog‘i Axmat-Yurtda (o‘tmishdagi nomi Tsentoroy) bo‘lib o‘tgan. Mahalliy aholi vakillari «Kavkaz.Realii» jurnalistiga to‘ydan uch kun oldin qishloqqa kirish yopilgani va faqat taklif etilgan mehmonlar o‘tkazilganini aytishgan. Adam Qodirov marosimga eng yangi, cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan «Mersedes»da kelgan – ishlab chiqaruvchi uni ommaga atigi ikki oy oldin taqdim etgandi. Bu turdagi mashina narxi 190 ming dollardan boshlanadi. Rasman bunday qimmatbaho avtomobillarni Rossiyaga olib kirish mumkin emas.












