O‘zbekiston | 15:27 / 12.06.2020
14198
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda bir kunda 748 kishi koronavirusga chalingan. Qo‘shni davlatlardagi epedimiologik vaziyat haqida ma'lumot berildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonovning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston bilan chegaradosh mamlakatlar orasida eng yomon ko‘rsatkich Afg‘onistonda kuzatilmoqda. 11 iyun kuni ushbu mamlakatda 748 ta yangi holat qayd etilib, virus yuqtirganlar soni 22890 nafarga yetgan. Shundan 446 nafar bemor hayotdan ko‘z yumgan.

Foto: DW/F.Zahir

«COVID-19 koronavirus infeksiyasi bo‘yicha 2020 yil 12 iyun soat 12.00 holatiga ko‘ra Qozog‘istonda 13872 (+553) nafar fuqaro kasallangan, shundan 67 nafar bemor vafot etgan. Tojikistonda virus yuqtirganlar soni 4834 (+71) nafarga yetgan, 49 kishi olamdan o‘tgan. Qirg‘izistonda esa shu paytgacha 2166 (+37) kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bo‘lib, shundan 26 nafar bemor kasallik oqibatida vafot etishgan», degan Botir Qurbonov.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, mamlakatimizdagi holat haqida ham ma'lumot berdi.

«O‘zbekistonda jami bo‘lib 4 819 nafar bemorda koronavirus infeksiyasi ro‘yxatga olingan, hozirgi kungacha 3 637 nafar (75 foiz) bemorlar butunlay sog‘aydi, 1163 nafar bemorlar davolanmoqda.

11 iyun kuni mamlakatimizda 118 holatda yangi kasallik qayd etilgan. Shundan 70 nafari karantin muassasalarida (jumladan, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida bir yo‘la 28 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan), 39 nafari aholi orasida (shundan Navoiy viloyatidan 18 nafar, Toshkent shahridan 17 nafar, Namangan viloyatidan 3 nafar hamda Toshkent viloyatidan 1 nafar), qolgan 9 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida aniqlangan.

O‘tgan bir kunning o‘zida 105 nafar fuqaro ushbu kasallikdan davolanib, shifoxonadan chiqarildi. Hozirda kasallik qayd etilgan jami 4741 nafar bemordan 3637 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 76 foizni tashkil etmoqda.

Mavjud virusologik laboratoriyalarda oxirgi bir kunda 17086ta, epidmavsum davomida 865072ta test sinovlari o‘tkazildi», deydi u.

Mavzuga oid