O‘zbekiston | 21:05 / 16.02.2026
14669
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bu yil Ramazon oyi 19 fevraldan boshlanadi

O‘zbekistonda 2026 yilgi Ramazon oyining boshlanish sanasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Prezident «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi. Unga ko‘ra, 2026 yilgi muborak Ramazon oyining boshlanishi 19 fevral kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimizda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin», – deyiladi qaror matnida.

«Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» g‘oyasi asosida quyidagilar amalga oshiriladi:

  • kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish;
  • yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish;
  • Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazish.

Avvalroq Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashining Fatvo hay’ati Samarqandda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ham 2026 yil Ramazon oyi 19 fevral kuni boshlanishi, Ramazon hayiti esa 20 mart, juma kuniga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid