O‘zbekiston | 11:05 / 04.08.2023
6972
4 daqiqa o‘qiladi

Mahkumlar qiynoqqa solingani haqida 45 ta holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda – ombudsman

Olti oyda ombudsmanga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan mahkumga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilganligi xususida 125 ta shikoyat kelib tushgan.

Foto: KUN.UZ

Ta’kidlanishicha, 2023 yil birinchi yarmida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan ombudsmanga 125 ta shikoyat kelib tushgan.

Shikoyatlarning 19 tasi bevosita monitoring tashriflari davomida amalga oshirilgan yakka tartibdagi qabullarda, 18 tasi “ombudsman qutisi”, 40 tasi penitensiar muassasalar ma’muriyati va mahkumlarning (mahbuslarning) yaqin qarindoshlari tomonidan pochta aloqasi xizmati orqali, 21 tasi ombudsman va uning mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshirilgan shaxsiy qabullar, 22 tasi elektron tarzda va 5 tasi ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan.

“Ushbu shikoyatlarning 64 foizi yuzasidan xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan.

Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar ombudsmanning xatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish belgilangan.

Shuningdek, 37 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda”, deya ombudsman matbuot kotibi Feruza Madrahimovadan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan shu mazmundagi 20ga yaqin xabar ombudsman tomonidan zudlik bilan o‘rganilgan hamda Bosh prokuraturaga talabnomalar kiritilgan.

Ta’kidlanishicha, 2023 yil olti oyi mobaynida ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 348 marotaba borgan. Xususan, bu davrda 113 ta jazoni ijro etish koloniyasi, 81 ta tergov hibsxonasi, 43 ta vaqtincha saqlash hibsxonasi, 31 ta narkologiya markazi filiallari, 27 ta maxsus qabulxona, 16 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, 15 ta reabilitatsiya markazi, 10 ta ruhiy-asab kasalliklari dispanseri, 8 ta ichki ishlar organi hamda 4 ta Mastlik holatida bo‘lganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti o‘rganilgan.

Monitoring tashriflari davomida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani o‘rganilgan. Shuningdek, 7 mingga yaqin mahkum va mahbus bilan jamoaviy hamda 2 417 nafar mahkum (mahbus) bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilgan.

Avvalroq Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbari Akmal Saidov tergov va jazoni ijro etish muassasalaridagi qiynoqlar butun dunyoda uchraydigan global muammo ekanini ta’kidlagandi.

4 iyun kuni 36 yashar gumonlanuvchi Bo‘ka tumani IIB xodimlari tomonidan ayovsiz do‘pposlangani natijasida vafot etgan, uning qovurg‘asi sindirilib, bo‘ynidan bo‘g‘ib qiynoqqa solingani aniqlangandi.

Andijonda 2022 yili mahkumni urib o‘ldirib qo‘ygan 12 nafar IIB xodimi sud tomonidan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Ichki ishlar organlari xodimlari qo‘lida navbatdagi qo‘lga olingan shaxs vafot etishi ortidan «Yuksalish» harakati ichki ishlar idoralarida qiynoqlarga barham berish maqsadida 10 ta taklif ishlab chiqqanini e’lon qilgandi.

Mavzuga oid