«Yuksalish» umummilliy harakati «ichki ishlar idoralari ayrim xodimlarining g‘ayriqonuniy harakatlari, shu jumladan qiynoqqa solish holatlari keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘layotgani»ni ta’kidlab, qiynoqlarga barham berish maqsadida 10 ta taklif ishlab chiqqanini e’lon qildi.
«Uchrayotgan qiynoq holatlari, O‘zbekistonning bugungi milliy va xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Ushbu holatlar davlatimiz rahbari olib borayotgan insonparvarlik va inson qadri ustuvorligi tamoyillariga zid ekanligini ta’kidlaymiz», deyiladi «Yuksalish» xabarida.
Harakat keng jamoatchilik fikri va soha ekspertlariga tayangan holda, qiynoqlarga barham berish maqsadida zudlik bilan quyidagi eng muhim ishlar amalga oshirilishi zarur, deb hisoblaydi:
- Avvalo, so‘nggi ro‘y bergan qiynoq holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati batafsil axborot berishi hamda tizimda qiynoqlarga barham berish bo‘yicha aniq rejalarini jamoatchilikka taqdim etishi kerak;
- Bundan buyon, muntazam ravishda har bir qiynoq va boshqa inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi holatlar bo‘yicha IIV rahbariyati tomonidan shaxsan jamoatchilikka axborot berib borish amaliyotini kiritish lozim;
- Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxsning huquqlari sodda tilda tushuntirilganligi haqida tilxat olish amaliyotini joriy etish;
- Jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan shaxsning prokuror bilan uchrashish talabini darhol qondirish bo‘yicha huquqini qonunchilikda mustahkamlash;
- Hibsga (qamoqqa) olinganlarning rasman qamoqda saqlash joylari deb e’tirof etilgan joylarda saqlanishini, ularning saqlanayotgan joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni manfaatdor tomonlar, shu jumladan qarindoshlari, do‘stlari va jamoat tashkilotlari uchun ochiq bo‘lishini ta’minlash maqsadida onlayn ma’lumotlar bazasini yaratish;
- Shaxsni hibsga olishda «Miranda qoidasi»ni qo‘llash bilan bog‘liq harakatlarni talab darajasida amalga oshirmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini zudlik bilan parlamentga kiritish;
- Milliy preventiv mexanizm doirasida ichki ishlar idoralarining vaqtincha saqlash hibsxonalari va ushlab turish joylariga jamoatchilik vakillarining monitoring tashriflarini tashkil etish va doimiy amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish;
- Ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, xususan, tegishli tuzilmalar xodimlarini jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini bilishi, xodimlarning psixologik holatini stress-testdan o‘tkazish tizimini isloh qilish;








