Jahon | 10:52 / 06.01.2026
3940
4 daqiqa o‘qiladi

Neft uchun yangi strategiya: Vashington Venesuelada faoliyatni kengaytirmoqchi

AQSh kompaniyalari Venesuelada neft qazib olishga sarmoya kiritishi mumkin, “plyus”ga esa foyda yoki kompensatsiyalar hisobiga chiqadi, dedi AQSh prezidenti.

Foto: Jesus Vargas / dpa / Global Look Press

AQSh neft kompaniyalari Venesuelaning neft infratuzilmasini ta’mirlash va modernizatsiya qilishda yordam berishi mumkin, evaziga esa AQSh hokimiyatidan subsidiyalar oladi. Bu g‘oyani dushanba, 5 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

Tramp fikricha, AQSh kompaniyalari Venesuelada neft qazib olishni kengaytirishni ko‘zda tutuvchi loyihani 18 oy ichida yakunlashi mumkin. Biroq, AQSh rahbari ta’kidlashicha, buning uchun “katta mablag‘ sarflash” talab etiladi. Shunga qaramay, Venesuelaga kirgan konsernlar “keyin bizdan yoki tushum (daromad) hisobiga kompensatsiya oladi”, dedi Donald Tramp.

Reuters agentligi 5 yanvar kuni xabar berishicha, AQShning eng yirik neft kompaniyalari — Exxon Mobil, ConocoPhillips va Chevron Trampning Venesuelada faoliyatni kengaytirish chaqiruviga javob berishga shoshilmayapti. Ilgari amerikalik o‘yinchilar Venesuela neft sohasida yirik investorlar bo‘lgan, biroq 2000-yillar o‘rtalarida Lotin Amerikasidagi bu mamlakat hokimiyati neft sektorini milliylashtirgan. Shundan keyin mamlakatda neft qazib olish o‘zining eng yuqori darajasining uchdan bir qismigacha pasaygan — bunda AQShning javob sanksiyalari ham o‘rin tutgan.

Soha tahlilchilari Reuters’ga aytishicha, Amerika kompaniyalarining Venesuelaga qaytishiga mahalliy infratuzilmaning yetishmasligi va eskirishi, shuningdek mamlakatning siyosiy kelajagi bo‘yicha noaniqlik to‘siq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, AQSh kompaniyalarining Venesuelada bunday ishtirokini qonuniy jihatdan qanday asoslash masalasi va AQSh harbiy operatsiyasidan keyin Vashingtonning bu yo‘nalishdagi uzoq muddatli siyosati ham hali tushunarli emas.

Reuters yozishicha, AQSh neft sektori vakillari Venesuela masalasida bayonotlarda ehtiyotkor bo‘lsa-da, investorlar mahalliy neft zaxiralariga kirish huquqini olish va saqlab qolish mumkinligiga ishonmoqda.

Xususan, so‘nggi yillarda Venesuelada ishlashni davom ettirgan yagona yirik Amerika kompaniyasi — Chevron aksiyalari 5 yanvar kuni 5 foizga oshgan. Neftni qayta ishlash kompaniyalari Marathon Petroleum, Phillips 66 va Valero Energy aksiyalari ham o‘sha kuni 3 foizdan 9 foizgacha qimmatlashgan. Yondosh xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar — Baker Hughes, Halliburton va SLB aksiyalari ham o‘smoqda.

AQSh harbiy operatsiyasi va Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin davlat rahbari vazifasini Delsi Rodriges bajara boshladi — u avval Venesuela vitse-prezidenti edi. Biroq mahalliy konstitutsiyaga ko‘ra, vaqtincha rahbar 30 kun ichida yangi prezident saylovi sanasini belgilashi kerak. Tramp esa bu sodir bo‘lmasligini aytmoqda.

“Avvalo, biz mamlakatni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishimiz kerak. Saylov o‘tkazib bo‘lmaydi”, — dedi Oq uy rahbari NBC News’ga.

Rodriges Maduro qo‘lga olingani fonidagi chiqishlarida ham o‘g‘irlab ketilgan rahbarga sadoqatini ta’kidlagan, ham AQShni “tinchlik va hamkorlik”ka chaqirgan. Tramp esa, o‘z navbatida, agar Vashington bilan hamkorlik bo‘lmasa, Rodriges “yuqori narx to‘laydi”, deb tahdid qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid