Sport | 03:07 / 14.12.2025
10664
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda futbol muxlislari Messi sababli stadionni vayron qilishdi

Lionel Messining stadion bo‘ylab aylanib chiqishi rejalashtirilgan, ammo bu amalga oshmagan. Futbolchi maydonga chiqishi bilan siyosatchilar, amaldorlar, mashhur yulduzlar va ularning oila a’zolari hamda jurnalistlar qurshovida qolgan.

Hindistonda argentinalik futbolchi Lionel Messining tashrifi tartibsizliklarga sabab bo‘ldi, deb xabar berdi India Today.

Xabarga ko‘ra, tijorat turi doirasida Hindistonga kelgan Messi Kalkuttadagi Vivekananda Yuvabharati Salt Lake Stadium stadioniga tashrif buyurgan. O‘n minglab ishqibozlar yig‘ilgan tadbir uchun eng arzon chipta 5 ming rupiyadan (55 dollar) sotilgan.

Guvohlarning aytishicha, Lionel Messining stadion bo‘ylab aylanib chiqishi rejalashtirilgan, ammo bu amalga oshmagan. Futbolchi maydonga chiqishi bilan siyosatchilar, amaldorlar, mashhur yulduzlar va ularning oila a’zolari hamda jurnalistlar qurshovida qolgan. Messining xavfsizlik xizmati uning stadionni aylanishini bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Futbolchining atigi o‘n daqiqada maydonni tark etishi ertalabdan stadionga yig‘ilgan olomonning g‘azabiga sabab bo‘lgan. Ular qo‘llariga kirgan buyumlarni stadionga uloqtirgan, reklama taxtalarini sindirib tashlashgan va xavfsizlik xizmati xodimlari tartibsizliklarni kuch bilan bostirishga majbur bo‘lgan.

Messi va yuqori martabali amaldorlar kuchaytirilgan qo‘riqchilar quroshovida stadionni tark etgan. 

Lionel Messi tur doirasida Haydarobod, Mumbay va Dehli shaharlarida ham bo‘ladi. Unga Luis Suares va Rodrigo de Paul hamrohlik qiladi. 

Avvalroq Kalkuttada Messining balandligi 21,3 metrli haykali ochilgandi.

Mavzuga oid