O‘zbekiston | 15:23 / 04.10.2018
27209
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning ikki tumaniga yangi hokim tayinlanadi

Bugun, 4 oktabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor va Yakkasaroy tumanlariga yangi hokimlar tayinlanadi. «Kun.uz»ning Toshkent shahri hokimligidagi manbasi tasdiqlashicha, Yakkasaroy tumani hokimi Sarvar Mahametov Chilonzor tumani hokimi lavozimiga o‘tkaziladi.

Yaqin vaqt ichida Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tumanning yangi rahbari lavozimga tasdiqlanadi.

Foto: Sarvar Mahametov
Sputnik / Ramiz Baxtiyarov

Mahametov yangi lavozimda bundan oldinroq Toshkent shahri hokimining Arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan Davron Hidoyatov o‘rnida ish boshlaydi.

Sarvar Mahametov 2016 yildan buyon Yakkasaroy tumani hokimi edi. Undan oldinroq esa Toshkentning boshqa bir tumani - Bektemirni boshqargan.

O‘z navbatida Mahametovdan bo‘shagan o‘ringa - Yakkasaroy tumani hokimligiga ham bugun yangi rahbar tayinlanishi kutilmoqda.

Bundan avvalroq Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Jahongirovich Usmonov Yunusobod tumaniga yangi hokim etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid