O‘zbekiston | 19:00 / 15.12.2019
16183
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyadagi o‘zbek mahallasida saylov: ular yangi deputatlardan nima kutmoqda?

Foto: KUN.UZ

12 dekabrdan boshlab vakillik organlari deputatligiga saylovlarda muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari nafaqat O‘zbekiston, balki xorijda ham davom etmoqda.

Bugun, 15 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Tegu, Ansan va Kime shaharlarida sayyor saylovlar tashkil etildi.

Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov Kime shahridagi 55-saylov uchastkasida bo‘lib, jarayonni kuzatish bilan birga shu shahardagi «o‘zbek mahalla» hayoti bilan ham tanishdi.

Shuningdek, muxbirimiz saylovchilarning yangi saylanadigan deputatlardan qanday tashabbuslar kutayotgani bilan qiziqdi.

«Matiz mashinasini Koreyada 400 dollarga sotib olsa bo‘ladi, O‘zbekistonda esa buning uchun 3000 dollar kerak. Lekin oylik maosh o‘rtasida tafovut katta. Mahsulotlar narxi oshishiga mutanosib ravishda oylik maoshni ham ko‘tarish kerak, deb o‘ylayman», – deydi saylovchilardan biri.

«Ta'lim sohasida Koreya ancha ildamlab ketganligi sir emas. Akademik jamiyat bu yurtlarda yaxshi rivojlangan. Bo‘lajak deputatlarga taklif sifatida shuni aytmoqchimanki, O‘zbekistonda ilm ahlini qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratish va ta'lim muassasalarining o‘zaro raqobatini kuchaytirishga oid qonun loyihalarni ishlab chiqish foydali bo‘lgan bo‘lar edi», – deydi ovoz berish uchun kelgan boshqa bir fuqaro.

Ko‘chma saylov uchastkalarining tashkil etilishi Koreya Respublikasining janubiy hududlarida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan ijobiy baholandi. 250ga yaqin saylovchi o‘z huquqidan foydalanib ovoz bergan bo‘lsa, saylov jarayoniga beparvo munosabatda bo‘lib, unda qatnashmagan vatandoshlar ham uchrab turdi.

Ushbu mamlakatda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan o‘zbeklar tomonidan saylovchilarga ehson oshlari tarqatildi.

Ma'lumot uchun, Janubiy Koreyada yashayotgan saylovchilar 22 dekabr, yakshanba kuni ovoz berish uchun O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvangjudagi vakolatxonasiga borishlari mumkin.

Mavzuga oid