Jahon | 18:08 / 03.12.2025
6030
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyaning Revolut banki O‘zbekistonda chiqarilgan kartalarni blokladi

Bank taqiqni xalqaro to‘lov tizimlarining yangilangan komplayens siyosatiga rioya qilish zarurati bilan izohladi: Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston hisobni to‘ldirish operatsiyalari uchun «yuqori xavf mamlakatlari» toifasiga kiritilgan.

Foto: Revolut

Britaniyaning Revolut onlayn-bankining Yevropa Ittifoqida yashovchi mijozlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonda chiqarilgan bank kartalaridan hisobini to‘ldira olmaganidan shikoyat qildi. Barcha holatlarda foydalanuvchilar bir xil javob olmoqda: «ushbu karta endi qo‘llab-quvvatlanmaydi».

Umuman olganda, pul o‘tkazmalari taqiqi dunyoning 52 davlatida chiqarilgan kartalarga tegishli. Ro‘yxatga 2022 yildan keyin rossiyaliklar ommaviy ko‘chib o‘tgan davlatlar - Armaniston, Gurjiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkiya, BAA, Serbiya, Isroil, shuningdek, Tailand, Kuba, Vetnam va boshqa mashhur sayyohlik yo‘nalishlari kiritilgan.

Revolut qo‘llab-quvvatlash xizmatining tushuntirishicha, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab, Yevropa Ittifoqidan kelgan foydalanuvchilar uchun ro‘yxatdagi mamlakatlarda chiqarilgan kartalardan to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishni to‘xtatgan. Shu bilan birga, kartalari bloklangan sanksiyalar ostida emas.

Revolut taqiqni xalqaro to‘lov tizimlarining yangilangan komplayens siyosatiga rioya qilish zarurati bilan izohladi: Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston hisobni to‘ldirish operatsiyalari uchun «yuqori xavf mamlakatlari» toifasiga kiritilgan.

«Bu Revolut tomonidan mustaqil ravishda qabul qilingan qaror emas, balki to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlarimizning talabi», dedi qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimi.

MDH banklarining mobil ilovalari orqali pul o‘tkazishga urinishda ham muammolar yuzaga keldi - ular xatolikni ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, boshqa to‘ldirish usullari hozircha ishlamoqda: Apple Pay va Google Pay, xalqaro bank o‘tkazmalari orqali.

Revolut onlayn bankining cheklovlari Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi joriy yilning 12 noyabridan beri amalda bo‘lgan 19-cheklovlar to‘plami doirasidagi sanksiyalari bilan bog‘liq ko‘rinadi. Ushbu paket doirasida Tojikistonning uchta banki sanksiyalar ostida qoldi. Biroq, O‘zbekiston banklariga sanksiyalar qo‘llanmagan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid